Urgutda pari piyoz (luk pari) yigʻishtirib olinmoqda

    Yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjalik mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

    Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan Respublikada yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda. Natijada hosildorlik ham, daromad ham oshmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjalik mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

    Buning natijasida mamlakatimizda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Qishloq xoʻjaligi korxonalarini isloh qilish borasidagi dasturlar Samarqand viloyatida ham bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Ayni kunlarda viloyatda paxta, gʻalla va meva-sabzavotchilik yoʻnalishida 40 dan ortiq klaster korxonalari faoliyat yuritayotgan boʻlib, qishloq xoʻjalik mahsulotlarining eksport salohiyati tobora ortib bormoqda. Sohaga tadbiq etilayotgan islohotlar bois, viloyatda eksportbop qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Jumladan, Urgutlik bobodehqonlar eksportbop qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirib, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

    Gap shundaki, viloyatning aksariyat tumanlarida yerga urugʻ qadalayotgan, ekinlar parvarishi yuzasidan agrotexnik tadbirlar amalga oshirilayotgan ayni damlarda tumanning “Bahrin sabzavotlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli 10 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 40 gektar yer maydonida yetishtirilgan pari piyoz (luk pari) mahsuloti yigʻishtirib olinmoqda.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Urgut tumani boʻlimi tomonidan pari piyoz (luk pari) yetishtirish yuzasidan agrotexnik tadbirlar yuzasidan doimiy monitoring-tahlil tadbirlar oʻtkazilishi natijasida har yilgidan koʻra salmoqli hosil yetishtirildi.

    Hozirga qadar “Oblonazar Boboyev”, “Raxmonov Shamsiddin baraka bogʻi”, ”Mirzamurod Kamron” fermer xoʻjaliklarning har biri tomonidan 100-120 tonnadan ortiq mahsulot yigʻishtirib olindi.

    Joriy yilda urgutlik dehqonlar 1 ming 200 tonna eksportbop pari piyoz (luk pari) yetishtirishni moʻljallashmoqda. Dalalardan yigʻishtirib olinayotgan mahsulot peshma-pesh “Sam fruiyt” va “Bulungʻur Sendvik” MCHJ singari qayta ishlash korxonalariga yetkazib berilishi taʼminlanayapti.

    Xususan, birgina “Bulungʻur Sendvik” Oʻzbekiston Kanada qoʻshma korxona shaklidagi MCHJ tomonidan bir kunda 80-100 tonnaga yaqin mahsulot qabul qilinmoqda. Korxonada mehnat qilayotgan oʻnlab mahalliy yoshlar saʼy-xarakati bilan kuniga 60 tonnadan ortiq xom ashyo sanoat usulida chuqur qayta ishlanib, 3-3,5 tonna eksportbop mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

    Jahon andozalariga mos tartibda qadoqlangan mahsulot Germaniya, AQSH, Iroq, BAA, Xitoy, Rossiya va Ukraina singari oʻnlab davlatlarga eksportga yoʻnaltiriladi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, toʻla quvvat bilan faoliyat yuritganda bir mavsumda 400 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan korxona tomonidan oʻtgan yili 8 turdagi 4 million 779 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi.

    Abduvali Xudoyorov,

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    bosh inspektori