Bozorlarimizdagi toʻkinlik, narx-navo barqarorligi, aholining isteʼmol talabi ortib borayotgani – turmush sifati yaxshilanayotganini koʻrsatadigan eng asosiy omil.
Ichki talabni ragʻbatlantiradigan muhim faktorlardan biri, bu inflyatsiya darajasidir.
Toʻqqiz yilda qulay biznes muhiti yaratilib, tovar va xizmatlar hajmi va turi koʻpaytirilgani, kam daromadli oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berilayotgani, inflyatsiya darajasi “bir xonali” raqamga tushirilgani natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra oʻsdi.
Oʻtkazilgan soʻrovlar ham, xalqaro ekspertlar tahlillari ham 75 foiz aholining moliyaviy holati keskin yaxshilanganini tasdiqlamoqda.
«Albatta, bu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish boʻyicha ishlarni izchil davom ettiramiz», – dedi Prezidentimiz.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026-yilda 23 trillion soʻm resurs ajratiladi.
Uy-joy sotib olishda boshlangʻich toʻlov va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard soʻm subsidiya beriladi.
Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15 foizga oshiriladi.
Kelgusi yilda 140 mingta kvartirali koʻp qavatli uy-joy barpo etilishi roʻzgʻor uchun zarur isteʼmol tovarlariga talabni oshirishi tabiiy, albatta. Bu talabni moliyaviy manbalar bilan taʼminlash maqsadida 2026-yilda 125 trillion soʻmlik isteʼmol krediti ajratiladi.
Umuman, 2026-yilda qurilish ishlari hajmini 11 foizga koʻpaytirib, 30 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.