Ammo bugungi kunda uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yaxlit tizimi mavjud emasligi davlat tomonidan izchil uy-joy siyosatini amalga oshirishni murakkablashtirmoqda. Bu o'z navbatida, uy-joy sohasidagi davlat boshqaruvini qayta ko'rib chiqishni, uy-joy siyosatini tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish lozimligini anglatadi.

Chunki uy-joy sohasini tartibga soluvchi qonunosti hujjatlari tahlili ushbu hujjatlar bilan tartibga solingan masalalarni bevosita Uy-joy kodeksida nazarda tutishni taqozo etmoqda. Masalan, amaldagi kodeksda uy-joyni rekonstruksiya qilish (qaytadan qurish), qayta rejalashtirish haqidagi normalar ayrim o'rinlarda keltirilgan bo'lsada, lekin ularni amalga oshirish tartibi bilan bog'liq umumiy qoidalar belgilanmagan.

Mazkur masalalar Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi to'g'risida”gi nizom, 2018-yil 18-maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko'rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori asosida tartibga solinib kelingan. Vaholanki, uy-joyni rekonstruktsiya qilish (qaytadan qurish), qayta rejalashtirish bevosita Uy-joy kodeksining predmeti hisoblanadi.

Amaldagi Kodeksda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan davlat uy-joy siyosati yetarlicha tartibga solinmagani tufayli davlat uy-joy siyosati amalda qonunosti hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquq va manfaatlari buzilishiga, turli huquqni qo'llash amaliyoti shakllanishiga olib kelyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida ko'rib chiqilgan “O'zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasida sohada yuzaga kelayotgan muammolar yechimi o'z ifodasini topgan. Unga ko'ra, qonun loyihasida quyidagi o'zgartirish va qo'shimchalar nazarda tutilmoqda:

birinchidan, ushbu Kodeks uy-joy sohasidagi munosabatlarni tartibga solishi belgilanib, uning fuqarolik qonunchiligi bilan chegarasi aniq belgilanmoqda. Qolaversa, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan masalalar mazkur hujjatdan chiqarilmoqda;

ikkinchidan, turar joyga bo'lgan mulk huquqi barcha turdagi fuqarolik-huquqiy bitimlar orqali vujudga kelishi, turar joyga bo'lgan mulk huquqini amalga oshirish va u bilan bog'liq cheklovlar nazarda tutilmoqda;

uchinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi mas'uliyatini oshirish maqsadida turar joy mulkdorining huquq va majburiyatlari doirasi kengaytirilib, ko'p kvartirali uylardan foydalanish, saqlash bilan bog'liq cheklovlar hamda uy-joy sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organning vakolatlari aniq belgilab qo'yilmoqda;

to'rtinchidan, davlat uy-joy fondidan turar joy berish va foydalanishni tartibga soluvchi bob kiritilyapti. Ushbu bobda davlat uy-joy fondidan turar joy olish huquqiga ega bo'lgan fuqarolar toifalari, davlat uy-joy fondidan turar joy berish tartibi nazarda tutilgan holda, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquqlarini himoya qilish maqsadida ko'chirish faqat sud tartibida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

O'z navbatida, davlat uy-joy fondiga mansub uy-joylarni ikkilamchi ijaraga berish taqiqlanib, ijaraga oluvchi oila a'zosining talabi bo'yicha turar joyni ijaraga berish shartnomasining o'zgartirilishi haqidagi qoidalar chiqarib tashlanmoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, yangi tahrirdagi uy-joy kodeksining qabul qilinishi bilan uy-joy obyektlarini qurishga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilishga erishiladi. Eng muhimi, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan izchil davlat uy-joy siyosati amalga oshiriladi.

So'nggi 3 yilda ko'p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshgani, bu ko'p qavatli uy-joylarga xizmat ko'rsatishning dolzarbligini orttirayotgani hammamizga yaxshi ma'lum. Boisi bugun saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida ko'pchilik fuqarolarimiz ko'p qavatli uy-joylarga ko'rsatilayotgan xizmatlardan noroziligini, shirkatlar ishini amalda sezmayotganini bildiradilar. Mazkur xizmatlar boshqaruvidagi sansalorlik esa aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'lmoqda.

Yig'ilishda mazkur hujjatni ikkinchi o'qishga tayyorlash jarayonida shu va boshqa bir qator masalalarga alohida e'tibor qaratish lozimligi aytilib, uzoq tortishuv va baxs-munozaralardan so'ng qonun loyihasi birinchi o'qishda konsepsual jihatdan qabul qilindi.

Baxitbay ALDAMURATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati