Uychi tuman hokimligi tomonidan oʻtkazilgan davlat xaridi bekor qilindi

    Kompyuter vositasini xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridida qatnashgan barcha ishtirokchi korxonalar yagona shaxsga tegishli boʻlgan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Uychi tuman hokimligi davlat xaridlarini amalga oshirishda affillanganlik holatiga yoʻl qoʻyganligi toʻgʻrisida tarqalgan xabar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻrganildi.

    Oʻrganishda hokimlik tomonidan davlat byudjeti mablagʻlarini sarflashda tuman hokimining 2022-yil 27-maydagi Farmoyishi talablari bajarilmagani, shuningdek, kompyuter vositalari sotib olish uchun oʻtkazilgan eng yaxshi taklifni tanlab olish boʻyicha davlat xaridida affillanganlik holati aniqlandi.

    Jumladan, tuman hokimining yuqorida keltirilgan Farmoyishida 121,4 million soʻm mablagʻlar yoshlar yetakchilariga sharoit yaratish maqsadida mebel jihozlari sotib olish uchun ajratilgan boʻlsa-da, birgina holatda 7,2 million soʻmga kompyuter vositasi sotib olingan.

    Shuningdek, kompyuter vositasini xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan ushbu davlat xaridida qatnashgan barcha ishtirokchi korxonalar yagona shaxsga tegishli boʻlgan.

    Yuqoridagi holatlar boʻyicha Agentlik Uychi tuman hokimligiga taqdimnoma kiritdi va hokimlik tomonidan ushbu xarid bekor qilindi. Bu haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.