Mazkur dastur yoʻlovchilarning fikr-mulohazalarini olish va xizmatlar sifatini baholash maqsadida ishlab chiqilgan, deya xabar beradi “Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati.
Roʻyxatga olingan Dastur ishtirokchilarining maʼlumotlar bazasi qatʼiyan maxfiy hisoblanadi.
18 yoshdan kichik boʻlmagan Uzbekistan Airwaysning har qanday yoʻlovchisi “HY maxfiy yoʻlovchisi” dasturi ishtirokchisi boʻlishi mumkin. Ishtirokchilar miqdori cheklanmagan. Ishtirok etish uchun arizalar kalendar yili davomida istalgan vaqtda qabul qilinadi.
Dastur ishtirokchilari dastur rasman tugagunga qadar oʻz ishtiroklarini oshkor qilish huquqiga ega emaslar.
Kalendar yili oxirida eng koʻp nazorat varaqalarini toʻldirgan ishtirokchilar, shuningdek, vaziyatni batafsil tasvirlab, video, audio va fotomateriallar taqdim etgan holda eng toʻliq hisobotlarni yuborgan respondentlar aniqlanadi.
“HY maxfiy yoʻlovchisi” dasturining eng faol ishtirokchilari uchun mukofot sifatida UzAirPlus shaxsiy hisobiga sovgʻalar - bonus ballari kiritiladi:
1 – oʻrin – 30 000 ballar
2 – oʻrin – 15 000 ballar
3 - oʻrin – 10 000 ballar
Ragʻbatlantiruvchi sovrinlar –3 000 ballar.
Olingan natijalar yigʻilganidan keyin 10 kun ichida ballar ishtirokchining loyallik kartasiga oʻtkaziladi.
Dastur natijalari 2022-yil 10 noyabrda yakunlanadi.