Uzoq Sharqqa mashʼal boʻlgan “Sharq yulduzi” yoxud kapitan Kaydalovning quvonch va armonlari

    Harbiy majburiyatni oʻtash davrim 1989-1991-yillarga toʻgʻri kelgan. Bu paytda sobiq ittifoq oʻz hukmronligini saqlab turgan boʻlsa-da, soʻnggi nafasini olayotgan kezlar edi.

    I

    Dastlab yarim yil Volgograd shahridagi serjantlar maktabida tayyorgarlikdan soʻng oʻn chogʻli askar xizmatni davom ettirish uchun Uzoq Sharqqa — Amur viloyatiga safarbar qilindik.

    Temir yoʻl qoʻshinlari tarkibiga kiruvchi biz tushgan harbiy qism BAM (Baykal-Amur magistrali) deb ataluvchi asr qurilishida ishtirok etar ekan. Kichik serjant unvoni bilan menga boʻlinma komandirligini topshirishdi. Vazifam oʻzim masʼul boʻlgan, 7 askardan iborat boʻlinmaga rahbarlik qilib, yangi yotqizib ketilayotgan temir yoʻlda texnik sozlash ishlarini bajarish edi.

    1991-yil arafasida katta serjant unvonini oldim. Bir kuni rota boʻyicha navbatchilik paytim tunda kitob oʻqib oʻtirsam, kazarmaga qism boʻyicha navbatchi boʻlgan kapitan Kaydalov nazorat uchun kelib qoldi. Kaydalov harbiy qism komandirining siyosiy-tarbiyaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari edi. Nizomga koʻra vaziyat haqida unga axborot berdim.

    — Oʻqiyapsanmi? — dedi kapitan kitobga qoʻl choʻzar ekan. — Qanday kitob bu?

    — Badiiy asar, uydan joʻnatishgan, — dedim Oʻtkir Hoshimovning “Nur borki, soya bor” kitobini unga uzatar ekanman.

    U kitob muqovasiga bir qur nazar tashladi, varaqlagan boʻldi.

    — Koʻp oʻqiysanmi?

    — Ha, mutolaa qilib turaman.

    Kaydalov indamay chiqib ketdi. Ertasi kuni meni kapitan chaqirayotganini aytishdi. “Navbatchilik paytim kitob oʻqiganim uchun jazolasa kerak”, degan xayolda harbiy shtab joylashgan binoga yoʻl oldim. Xonasiga kirib, harbiychasiga hisobot bermoqchi edim, qoʻl uzatib koʻrishdi. Odatda zobitlar askarlar bilan bu tarzda soʻrashmaydi. Koʻnglim bir iliqlik tuydi.

    — Oʻtir, — dedi qarshisidan joy koʻrsatib. — Amir Temur haqida ham oʻqiganmisan?

    Har neni kutgan boʻlsam ham, bu savolni kutmagan edim. Nima deyishimni bilmay, jim qoldim. U savolini qaytardi:

    — Oʻzbekistonda Amir Temur haqida ham kitoblar chop etilganmi? “Temur tuzuklari”ni oʻqiganmisan? Uning sarkardalik faoliyatidan xabaring bormi?

    Ochigʻi, uning savollariga joʻyali javobim yoʻq edi. Nima deyman, “Temur bobo katta mamlakatga asos solgan sarkarda boʻlgan. Shu sabab bizga Amir Temurni salbiy obraz sifatida koʻrsatishgan. Uning aslida kim ekanini, qanday katta shaxs boʻlganini biz, ­yoshlar ongiga singdirish “xalq dushmanlari”ni koʻpaytirishga xizmat qiladi”, deymanmi? Axir bu oʻz ixtiyoring bilan boʻyningga sirtmoq solish-ku! Vatanimizda oshkoralik davri boshlanib, oʻzlikni tanish, tanitish ishlari avj olgan boʻlsa ham hukmronlar tomonidan yomonotliq qilingan ajdodimiz haqida bilaman, oʻqiganman deb yaxshi gap aytish... xatarli edi-da. Shu bois, imkon qadar umumiy javob berishga harakat qildim.

    — Oʻzi maktabni oʻtgan yili bitirdim. Bizga darslarda deyarli bu mavzuni oʻqitishmagan. Ammo oʻtgan yili “Sharq yulduzi” jurnali “Temur tuzuklari”ni eʼlon qilgandi. Oʻzbekistonda bu nashrning nufuzi juda baland, taxminan yarim million adadda chop etiladi. Lekin asarni hali oʻqib ulgurmagandim, — dedim.

    — Oʻsha jurnalni uyingdagilardan soʻrab koʻrasanmi? Agar yuborishsa, meni xursand qilgan boʻlarding.

    — Ha, uyimda hamma sonlari bor, aytaman, joʻnatishadi. Ammo u oʻzbek tilida.

    — Hechqisi yoʻq, uni ruschaga tarjima qilasan, buning uchun senga hamma sharoitni yaratib beraman.

    Xullas, suhbatimizdan yana shular maʼlum boʻldiki, Kaydalovning otasi taniqli tarixchi-sharqshunos olim ekan. Kapitanning oʻzi ham ilm bilan shugʻullanib, keyinchalik taqdir taqozosiga koʻra harbiy sohani tanlabdi.

    — Sarkardalar hayotiga juda qiziqaman. Ayniqsa, Amir Temur hayoti va faoliyati toʻgʻrisida koʻp narsa bilgim keladi. Lekin manbalar kam, adabiyotlar yoʻq. “Temur tuzuklari” Toshkentda chop etilayotgani haqida otamdan baʼzi gaplarni eshitgandim. Iltimos, oʻshani menga topib ber, — dedi Kaydalov.

    Shundan keyin kapitan men bilan doʻstidek gaplashadigan boʻldi. Koʻpincha navbatchilik kunlari tunda rotamizga kelar, birga choy ichib, oʻqiyotgan kitoblarim haqida surishtirar, Amir Temur va Markaziy Osiyo tarixi mavzusida gaplashar edi. Uning iltimosiga koʻra, “Sharq yulduzi” jurnalini joʻnatishlarini soʻrab, uyga xat yozib yuborgandim. Maktub 10 kunlarda yetib borgan shekilli, yana shuncha vaqt oʻtib, nomimga joʻnatma (askarlar orziqib kutadigan “posilka”) keldi. Unda patir non, qand-qurs, oʻzbekcha qoʻshiqlar va ota-onam, singillarim ovozi yozilgan magnit tasma bilan birga Kaydalov kutgan jurnalning 1989-yil 8-soni ham bor edi.

    — Barakalla, Mahmudov! Bugundan hamma narsadan ozodsan, — dedi kapitan qoʻliga jurnalni tutqazganimda yosh boladek quvonib. — Qism komandiri buyrugʻini chiqartiraman, shtabda yordamchim boʻlasan. “Tuzuklar”ni tarjima qilasan.

    Bu gap oʻzimga ham yoqdi. Axir tashqarida harorat 40 daraja sovuq, shtab esa issiqqina, oʻtirvolib tarjimasini qilib beraman deb xayol qildim. Ammo ruschada ravon soʻzlash bilan ruscha matn yozish boshqa-boshqa narsalar ekanini oʻsha paytgacha bilmasdim. Tarjima, boz ustiga, “Temur tuzuklari”dek murakkab matnni ruschaga oʻgirish men oʻylagandek oson ish emas ekan. Bu haqda kapitanga aytgandim, har bir jumlani aynan emas, maʼnosini chiqarib bersang, men uchun kifoya, degan mazmunda javob qildi.

    “Asar ikki qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimayi holi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin Oʻrda hukmdori Toʻxtamishxon, turk sultoni Boyazid Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlgani buyuk Sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.

    Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan oʻziga xos vasiyat, pand-nasihatlar va oʻgitlardan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang qilish qoidalari, sipohiylar maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliqlarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va barcha mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yoʻsini va boshqalar xususida gap boradi”.

    Taxminan shunday mazmunda kirish soʻzi qildim. Hozir oʻylab qolaman: oʻshanda Kaydalov ishonchini oqlay olganmidim yoki yoʻq? Axir oʻrta maʼlumot bilan hech qanday tajribaga ega boʻlmagan 20 yoshli yigitcha qay ahvolda tarjima qildim ekan? “Tuzuklar”ning mazmuni “tarjimam”da notoʻgʻri oʻzanga burilib ketmadimikan? Ikki oyga yaqin vaqt ichida asarning uchdan birini zoʻrgʻa ruschada qoralab berdim. 200 sahifadan oshgan qoʻlyozmamni oʻqib, kapitan bir nimani tushundimikan? Hamon bu savollarning javobi yoʻq. Shunisi aniq ediki, Kaydalovning Temur bobomizga mehri, qiziqishi har qanday mujmal matndan ham xazina izlashga, uni anglash sari harakat qilishga undar edi. Nazarimda, bu yoʻldagi barcha qiyinchilikka qaramay, u maqsadi — Amir Temur shaxsini oʻrganishni juda-juda istardi.

    1991-yil sentyabrning soʻnggi kunlari harbiy xizmat muddati tugab, uyga qaytishga ruxsat tegdi. 5-10 kun ichida toʻrva-xaltamni koʻtarishim kerak. Quvonchim ichimga sigʻmaydi. Biroq Kaydalov bundan xursand emasdi. Uniyam tushunaman. Axir tarjima hali oxiriga yetmagan edi-da. U noyob xazina — “Temur tuzuk”larini “boy berayotgan” edi. Ammo buning ham yechimi topildi. Bizdan olti oy keyin xizmatga kelgan olmaliqlik Gʻayrat ismli askarni kapitanga roʻpara qildim.

    — Tarjimani mana shu yigit davom ettiradi, — dedim. — Ruschani yaxshi biladi.

    Kaydalovning yuzi yorishdi. Uning mehrli koʻzidan bildimki, tarjimani Gʻayrat davom ettiradi. U ham men kabi Temur boboning mehr quyoshidan taft oladi, tashqaridagi izgʻirindan, ogʻir jismoniy mehnatdan ozod etiladi. Qiziq, bizdan necha asrlar oldin yashab oʻtgan, yurtni obod, xalqni farovon qilgan ulugʻ shaxs taratgan nur zamonlar osha biz kabi avlodlar qalbini munavvar etaverar ekan-da!

    Shunday xayollar bilan singillarim joʻnatma bilan yuborgan, kuni kecha qoʻlimga yetib kelgan, kitob shaklida chop etilgan “Temur tuzuklari”ni uzatdim.

    — Bu mendan sizga sovgʻa, oʻrtoq kapitan.

    Millatning yaxshi-yomoni boʻlmaydi, odamlarning yaxshi-yomoni boʻladi. Kaydalov (hamon ismini bilmayman) yaxshi odam edi. Kitobni sal qolsa koʻziga surtgudek boʻlib qoʻliga oldi.

    — Rahmat senga, — dedi va meni akalarcha quchoqlab, bagʻriga bosdi. — Juda katta ish qilding, Mahmudov. Otam ham xursand boʻladi. “Sharq yulduzi”ni ham olib qolaman, toki bu kitob bilan jurnal men erisha olmagan ilm choʻqqilari yoʻlini mashʼal boʻlib yoritib tursin.

    Harbiy qismni tark etadigan kun ham yetib keldi. Kapitan bilan xayrlashganimiz shundoq koʻz oldimda turibdi.

    — Nafaqamga 4-5 yil qoldi, Oʻzbekistonga bormoqchiman. Amir Temur bilan bogʻliq hamma narsa men uchun qiziqarli. Toshkentga borsam, meni Samarqand bilan Shahrisabzga olib borasan.

    — Kelishdik, — deb qoʻl tashladim, uy manzilimni berdim. Aka-ukalardek mehr bilan bir-birimizni bagʻrimizga bosdik. Ha, millatning yomoni boʻlmaydi. Biz rostdan ham Kaydalov bilan tutingan aka-uka edik. Bu rishtani ulugʻ sarkarda Amir Temur, bizning bu buyuk zotga mehrimiz bogʻlagan edi. Shu bois, Kaydalovning meni izlab Toshkentga kelishiga shubhasiz ishonar, yoʻl-yoʻlakay uni qanday kutib olib mehmon qilish haqida oʻylab qoʻygan edim.

    Ammo 1995-yil Eski shahardagi uyimiz buzilib, boshqa manzilga koʻchib oʻtdik. Kaydalov Toshkentga meni izlab keldimi yo yoʻq, bilmayman...

    II

    Zobit Kaydalov kabi tarixga katta hurmat bilan qarovchi ilm kishilarining qiziqishlari bejiz emas. Buni Sohibqiron bobomizni yaqindan tanib, buyuk xizmatlari mohiyatini teranroq his qilib borishimiz barobarida koʻproq anglayapmiz. Yangi turdagi muntazam armiyaning tashkil etilishi, siyosiy uyushuv, hayotning barcha jabhalari, ayniqsa, iqtisodiyotning gʻalaba qozonish yoʻlidagi strategik vazifaga boʻysundirilishi, mustahkam intizom, har bir jangchi tomonidan harbiy harakatlar olib borish qoidalariga rioya qilinishi, diplomatik vositalardan ustalik bilan foydalanish kabi omillar raqib ustidan zafaru gʻalabani taʼminlagan.

    Amir Temur butun hukmronligi davrida biror marta magʻlubiyatga uchramagan. Mashhur arab tarixchisi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur qoʻrqmas, shijoatli, botir kishilarni itoat qildiruvchan boʻlib, jasoratli (kishi)larni, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi”. Binobarin, Sohibqironning asosiy maqsadi alohida mulklarni mustahkam va qudratli davlatga birlashtirishdan iborat boʻlgan.

    Amir Temur hokimiyat tepasiga kelishi bilan harbiy ish sohasida ulkan oʻzgarishlar yuz bergan, ular Sharqu Gʻarb harbiy-nazariy tafakkuri taraqqiyotida katta rol oʻynagan.

    “Temur tuzuklari”da davlat boshqaruvining har bir sohasi va har qaysi mansab darajasi boʻyicha muayyan tuzuklar bitilgan. 27 mamlakatdan tarkib topgan buyuk saltanat asoschisi Sohibqiron Amir Temur ibn Taragʻay yirik davlat arbobi, mohir diplomat, ulugʻ sarkarda, ilmu madaniyat homiysi, haq va adolatning jasoratli yalovbardori sifatida milliy davlatchilikda, huquq va siyosat sohasida oʻzidan unutilmas va barhayot taʼlimotlar, toʻra-tuzuklar qoldirgan.

    Saltanatida kasbu hunar va maʼrifat ahli muntazam ish bilan taʼminlangan. Sarmoyasi qoʻlidan ketib qolgan savdogarlarga oʻzini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilgan. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan boʻlsa, unga ekin-tikin uchun zarur urugʻlik va mehnat qurollari tayyorlab berilgan.

    “Amir Temur olimlarga xayrixoh munosabatda boʻlar va bilimi bilan halolligini koʻrgan olimlarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va maʼmuriy sohada bilimdon kishilar bilan suhbatlashish uchun koʻpincha taxtidan ham tushar edi. Amir Temur oʻzidagi kishilarni boʻysundirish qobiliyatiga ularni oʻz hukmronligi ostida baxtiyor qilish isteʼdodini ham qoʻshgan edi”, deb yozadi Lui-Matyo Langle.

    III

    Mustaqillikning dastlabki yillaridan farqli oʻlaroq, hozir har qanday mehmonga koʻrsatishga arziydigan, ularning hayratiga sabab boʻladigan jihatlarimiz juda koʻp. Kapitan Kaydalov kelsa, Samarqand bilan Shahrisabzga, 1996-yil bunyod etilib, ishga tushirilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga, yurtimizning qator goʻshalarida buyuk bobomiz sharafiga tiklangan haykal va qadamjolar ziyoratiga, u bilan bogʻliq manzillarga olib borishni oʻzimcha oʻylab qoʻygandim.

    “Temur tuzuklari” qayta-qayta nashr etilayotgani, bugungi kunda uning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari dunyo boʻylab keng tarqalgani, ushbu noyob asar parchalari jahonning koʻpgina mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotgani haqida gapirib bermoqchi edim. Shuningdek, bugun mamlakatimiz Temur bobomiz orzu qilgan jahonning yetuk siyosatchilari ishtirokidagi yirik mashvaratlarga mezbon boʻlayotgan siyosiy makonga aylanganini koʻz-koʻz qilardim. Samarqandga Amir Temur saltanatining poytaxti boʻlgan davrdagi kabi ulugʻvorlik qaytgani, bugun u zamonaviy shaharga aylanganini koʻrsatardim.

    Yana Amir Temur bobomiz haqida Kaydalovning tilida chop etilgan oʻnlab kitoblarni unga sovgʻa qilmoqchi edim. Jumladan, “Temur tuzuklari”ni ham. Balki mukammal ruscha tarjima nashrini oʻzi ham izlab topgan chiqar, hozir bu qiyin emas. Oʻsha paytda chamasi 35-37 yoshlarda edi, hozir omon boʻlsa 70 dan oshib, qarilik gashtini surayotgan chiqar. Ehtimol, oʻzi ham yil sayin miqdori oshib borayotgan xorijlik sayyohlar safida Oʻzbekistonga kelib, Amir Temurni ziyorat qilgan, “Temur tuzuklari”ni ilk bora qoʻlga olganidagi kabi hayajon bilan tilla koshinlarga mehr-la boqqan boʻlsa, ne ajab.

    Yana kim biladi...

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri