Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida uzumchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish maqsadida alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, yangi navlar yaratish, intensiv usulda uzum yetishtirishni kengaytirish hamda bu borada hududlarning eksport salohiyatini oshirish ishlariga kirishildi.
2021-yilning 10-13-iyul kunlari Oltiariq tumanida uzum yetishtirishda bilim va koʻnikmalarni oshirish boʻyicha oʻtkazilayotgan seminar-trening ayni sohada belgilangan vazifalarni tizimli asosda tashkil etish va ommalashtirishga qaratilgan. Unda Qoraqalpogʻiston Respublika, mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 500 nafardan ziyod vakillar ishtirok etmoqda.
Qishloq xoʻjaligi vaziri, tegishli qoʻmita va agentliklar, ilmiy-amaliy markazlar, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, viloyat hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, tumanlar hokimlari qatnashayotgan seminar-treningda ilmiy maʼruzalar tinglash, oʻzaro tajriba almashish, tumandagi yuzlab aholi xonadonlarida boʻlib uzum yetishtirish tajribasini oʻrganish rejalashtirilgan.
Seminarning ilk ish kunini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Shuhrat Gʻaniyev ochdi va olib bordi.
Fargʻona viloyatining Oltiariq va Qoʻshtepa, Andijon viloyatining Buloqboshi tumani tajribasi asosida respublikamizning 47 ta tumanida uzumchilikni jadal rivojlantirish koʻzda tutilmoqda,-dedi Shuhrat Gʻaniyev. – Shu tariqa yaqin istiqbolda mamlakatimiz miqyosida 153 ming 700 gektar yerda uzumchilik plantatsiyalari tashkil etiladi. Eng kamida 500 gektar yerni qamrab olgan holda uzumchilik klasterlari faoliyati shakllantirilib, tashabbuskor tadbirkorlar, mirishkor bogʻbonlarga bir qator imtiyozlar beriladi, subsidiyalar ajratiladi.
Taʼkidlash joizki, bugungi keskin raqobat sharoitida jahon bozorida danaksiz uzum mevasiga boʻlgan talab tobora ortib bormoqda. Shu bois uzumning oddiy xoʻraki navlarini emas, jahon bozorida xaridorgir boʻlgan yangi, sanoatbop navlarini koʻpaytirish, sohaga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish davr talabidir.
Ayni jihatlarni inobatga olib, joriy yilda mamlakatimizda 15 ming 700 gektar uzum ekilgan maydonlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish maqsad qilingan. Shuningdek, uzum plantatsiyasi tashkil etgan tashabbuskor tadbirkorga har bir gektar uchun 10 mln. soʻm, 10 gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilsa 120 mln. soʻm, innovatsion usulda yetishtirilgan har bir tup uzum koʻchati uchun 8 ming soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi. Tadbirkorga uzumchilik klasteri hududida muzlatgichli omborxonalar barpo etish, ekoturizm majmualarini tashkil etish uchun qulayliklar yaratilib, imtiyozlar taqdim etiladi.
Ezgu tashabbus doirasida har bir viloyatda 2 ta mahalla fuqarolar yigʻini uzumchilikka ixtisoslashtirilishi taʼkidlanib, Oltiariq tumanining “Uzumchi”, «Koʻlboʻyi», “Chinor tagi”, “Mirfozil” MFYlari misolida tomorqada uzum yetishtirish ulkan daromad manbai ekanligi amaliy misollar yordamida tushuntirildi.Misol uchun, Oltiariqda 8 sotix yerda uzum parvarishlaydigan bitta oila aʼzolari undan yiliga oʻrtacha 35-40, boshqa ekinlardan 15-20 million soʻmgacha daromadga ega boʻlmoqda.
Ishtirokchilar uchun Oltiariqning eng tajribalari uzumchi oilalari tajribasini oʻrganish, mamlakatimiz va Turkiya olimlari ishtirokida mahorat darslari oʻtkazish, ikki ming gektar yerda sanoatbop uzum yetishtirayotgan “Fergana France” MCHJga enoturistik sayohat uyushtirish singari rang-barang tadbirlar koʻzda tutilgan.
Seminar-trening qatnashchilari guruhlarga boʻlingan holda ilmiy-amaliy mashgʻulotlarda faol ishtirok etmoqdalar.