Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Shoʻrchi tumani “Xushchekka” mahallasida yashovchi fuqaro T.I. oʻziga tegishli boʻlgan “REMINTON-700” rusumli ov quroli bilan “Qizil kitob”ga kiritilgan bir bosh erkak Buxoro togʻ qoʻyini noqonuniy ravishda ovlagan.

Ushbu holat bilan “Ov qilish va ov xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi hamda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun talablari qoʻpol ravishda buzilgan.

Mazkur noqonuniy ovchilik oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida qayta hisob-kitob qilinib, 412 000 000 (toʻrt yuz oʻn ikki million) soʻm etib belgilandi.

Taʼkidlash joizki, qonunchilikka koʻra, yetkazilgan moddiy zararni qoplash aybdor deb gumon qilinayotgan shaxsni belgilangan tartibdagi jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikdan ozod etmaydi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Fuqarolardan mana shunday huquqbuzarliklarga guvoh boʻlgan taqdirda ichki ishlar yoki ekologiya organlariga xabar berishlari soʻraldi.

Maʼlumot oʻrnida:

Buxoro togʻ qoʻyi (Ovis vignei Blyth) butunlay yoʻqolib ketish arafasida turgan, kamyob tur hisoblanib, Oʻzbekiston Qizil kitobiga 1-toifa bilan kiritilgan.

Ushbu jonivor asosan Bobotogʻ, Koʻhitang va Hisor togʻ tizmalarida, 800–2500 metr balandliklarda yashaydi. Tashqi koʻrinishidan echkilarga oʻxshasa-da, oʻziga xos burama shoxlari va soqolsizligi bilan ajralib turadi.

2000-yillarga kelib bu turning soni keskin kamayib ketgani sababli u alohida muhofazaga olingan.

"Bugungi kunda ushbu noyob hayvonlarni asrab qolish nafaqat ekologlar, balki har bir fuqaroning burchidir", — deb xabar berdi Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi matbuot xizmati.