Vaksina mavjud immunitetning davomiyligini oshiradi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil 20-yanvar sonida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunovaning “Vaksina mavjud immunitetning davomiyligini oshiradi” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Koronavirus infeksiyasi dunyoning barcha davlatiga tarqalib ulgurganiga ikki yildan oshdi. Bugun har bir davlat bu kasallikka qarshi kurashishning muqobil usulini, yaʼni uning profilaktikasi, davosi va reabilitatsiyasini qoʻllamoqda. Ammo yuzaga kelayotgan yangi shtammlar dunyodagi epidemiologik vaziyatning tobora murakkablashishiga sabab boʻlayotir. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi haftada dunyoda 18 milliondan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

    Dunyo mamlakatlari kasallikni nazorat qilish maqsadida maʼlum vaqt oraligʻida karantin qoidalarini kuchaytirishga majbur boʻlmoqda. Chunki infeksiyaga chalinganlarning haddan ziyod koʻpayishi pandemiyani nazorat qilish imkoniyatini cheklaydi va sogʻliqni saqlash tizimining zoʻriqishiga sabab boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, bemorlarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini pasaytiradi.

    Bugun hatto eng rivojlangan davlatlarda ham vaksinatsiya jarayoni jadal olib borilishiga qaramay, koronavirusning tarqalishi koʻlami kundan-kunga kengayib borayotgani har birimizni salomatligimizga yanada eʼtiborli boʻlish, karantin qoidalariga rioya etish, emlanishga undamoqda.

    Shu kunlarda omikron shtammining juda tez yoyilayotgani soha mutaxassislarini yana bir bor qalqitdi. Chunki oxirgi bir haftada dunyoda COVID-19ni yuqtirish holati 20 foiz oshgan.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus o mikron shtammidan soʻng COVID-19 ning yangi varianti paydo boʻlishi mumkinligini maʼlum qildi.

    Mutaxassislar omikron oʻrtacha hisobda undan oldingi shtammlar kabi ogʻir kechmasa-da, bu yengil kasallik degan tushuncha notoʻgʻri ekanini, yangi shtamm bemorni shifoxonaga yotish va oʻlim holatigacha olib borishi mumkinligini bot-bot taʼkidlamoqda. Bunday murakkab pallada yana bir bor vaksinatsiya jarayonining nechogʻliq muhimligi kun tartibiga chiqadi.

    Mamlakatimizga koronavirus kirgani eʼlon qilingan kundan boshlab unga qarshi barcha chora-tadbirlar koʻrib kelinmoqda. Xalqimiz salomatligini muhofaza etish uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Asosiy profilaktika ishlari sifatida nafaqat sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, shu bilan birga, aholini virusga qarshi emlash jarayonini yoʻlga qoʻyishga ham katta eʼtibor qaratildi. Avvalboshda “Bu virusga qarshi qanday davo qoʻllanadi?”, “Unga qarshi qanday kurashamiz?”, “Vaksina qachon yaratiladi?” degan savollar koʻp berilardi. Nihoyat, bu xavfli infeksiyaga qarshi dunyo boʻyicha qator vaksinalar ishlab chiqildi. Ammo bu yetarli emas edi. Barcha mamlakatlarga vaksina yetkazib berish qiyin masala. Mamlakatimizda birinchilardan boʻlib aholini emlash ishlariga katta eʼtibor qaratildi. COVAX jamgʻarmasi orqali yurtimizga Astra Zeneca, Moderna, Pfizer vaksinalari yetarli miqdorda olib kelindi. Shu bilan birga, ZF-UZ-VAC 2001, Sputnik V, Sinovac singari jami 7 turdagi vaksina qoʻllanmoqda.

    Emlash jarayoni yurtimizda 2021-yilning aprel oyidan boshlab yoʻlga qoʻyilgan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, COVID-19 ga qarshi qoʻllangan vaksina miqdori 40,9 million dozadan oshdi. Birinchi doza bilan emlash koʻrsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 89 foizni, toʻliq bosqichlarda emlanish koʻrsatkichi esa 66,5 foizni tashkil qilmoqda. Shu paytga qadar emlanganlar orasida jiddiy asorat kuzatilmagani vaksinalarning xavfsizligiga dalildir.

    Vaksinalar bir-biridan farq qiladi. Ularni saqlash va emlash jarayoni, flakonlarda necha dozada ekani, shu bilan birga, ularni ishlatish samara berishi ham bir-biridan farq qiladi. Masalan, bir vaksina 95 foiz samara bersa, boshqasi 98 foizlik natijaga ega. Ammo barcha vaksinalar 90 foizdan kam boʻlmagan holda samaralidir. Vaksinatsiya aslida ham inson organizmida tashqaridan tushadigan yot infeksiyaga qarshi himoya antitanachalar ishlab chiqish uchun organizmga yuboriladigan dori vositasi. U organizmga kirishi bilan immunitet aʼzolari va hujayralariga taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, immun hujayralar hosil boʻlishi jarayonida organizmda baʼzi vaqtinchalik holatlar — tana haroratining 38 darajagacha oshishi, boʻgʻim yoki mushaklardagi ogʻriq, koʻngil aynishi, bosh ogʻrigʻi kabi umumiy holatlar kuzatilishi mumkin. Bularning barchasi tez orada oʻtib ketadi.

    Emlanishdan soʻng paydo boʻlgan antitanachalar organizmning individual xususiyatlariga qarab maʼlum muddat saqlanadi. Oʻsha vaqtda organizm muayyan miqdorda infeksiyadan himoyalangan boʻladi. Emlangan odamga kasallik yuqqan taqdirda ham ogʻir oʻtmaydi. Bu antitanachalar kimdadir olti oy, kimdadir bir yil saqlanadi. Olimlar emlangandan 6 oy oʻtganidan soʻng buster doza olishni tavsiya etmoqda. Bu bejiz emas. Buster doza mavjud immunitetni yanada mustahkamlab, davomiyligini oshiradi.

    Toʻgʻri, emlanib ham kasal boʻlayotganlar bor. Ikki bosqichda emlanish oraligʻi uzayib ketsa ham kasallik qayta yuqishi mumkin. Bunday toifa 0,001 foizn i tashkil etadi. Emlanganlar orasida oʻlim holati ham kuzatilayotgani yoʻq. Shuning uchun emlanish jarayonining zarurligi haqida dunyoda bong urilmoqda. Buni har bir fuqaro tushunishi va oʻz vaqtida emlanishi kerak. Emlanish koronavirusning barcha shtammlaridan maʼlum miqdorda himoya qiladi.