Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirusga qarshi kurashda cheklov choralarini hali bekor qilmaslikni maslahat bermoqda. Dunyoda COVID-19ga qarshi emlanganlar soni koʻpayib borayotganligi sababli epidemiya ustidan gʻalaba qozonish, chegaralarni ochish, transport aloqalarini tiklash va umuman odatiy turmush tarziga qaytish toʻgʻrisidagi gap-soʻzlar tobora koʻproq quloqqa chalinyapti. Ammo bunga hali erta.

Bir oy oldin Singapurdagi aqliy qobiliyati cheklangan insonlar uchun moʻljallangan maktab-internatning 37 yoshli bemorida koronavirus aniqlanganida muassasa rahbariyati vahimaga tushmadi, deb yozadi VVS.

Muassasaning barcha xodimlari allaqachon koronavirusga qarshi emlangan, chunki ular fevral-mart oylarida xavf ostida boʻlgandi. Biroq, har ehtimolga qarshi maktab-internatda karantin eʼlon qilindi, yaqinda kasal boʻlgan ayol yoki uning hamshirasi bilan aloqada boʻlgan barcha xodimlar, bemorlar va boshqa odamlar karantin ostiga olindi hamda muntazam ravishda sinovdan oʻtkazila boshlandi.

Keyingi bir hafta ichida virus 30 dan ortiq odamda, shu jumladan Filippindan kelgan 30 yoshli hamshira, shuningdek maktab-internatning toʻrt nafar xodimi va 26 nafar doimiy istiqomat qiluvchilarida aniqlandi.

Kasallik yuqtirganlarning aksariyati koronavirusga qarshi toʻliq emlangan (yaʼni, ikki bosqichda vaksina olgan) va tashxis qoʻyish paytida ularda hech qanday alomat kuzatilmagan.

JSST vaksina virusdan 100 foiz himoya qilmasligini tasdiqlaydi. Vaksinaning ikkala dozasini olgan, immunitet maksimal darajaga yetgan taqdirda ham COVID-19 bilan kasallanish ehtimoli hali ham saqlanib qolmoqda, bu ayniqsa boshqa himoya choralarini eʼtiborsiz qoldiradiganlarda koʻp kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, vaksinaga javob juda individualdir. Keksa yoshdagilar, shuningdek surunkali kasalliklarga chalingan yoki immunodepressantlarni qabul qiladigan odamlarda organizmning mudofaa reaksiyasi juda kam sezilishi mumkin. Bu ularning infeksiyani yuqtirish xavfi emlashdan keyin ham yuqori ekanini anglatadi.

Ammo, koʻplab tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, hatto emlangan kishi COVID -19 ga chalingan taqdirda ham, koʻpincha kasallik hech qanday alomatsiz yoki nisbatan yengil kechadi.

“Vaksina hayotni saqlab qoladi, ammo faqatgina emlash orqali muammoni hal qilib boʻlmaydi”, deya taʼkidlamoqda JSST. “Virus tarqalishiga qarshi kurashni har qanday usulda davom ettirish kerak — ayniqsa atrofdagilarning aksariyati emlanmaganida va COVID-19 tez tarqalayotgan shu kunlarda”.

Soʻnggi paytgacha olimlar toʻliq emlangan odamlar nafaqat kasallik yuqtirishi, balki infeksiya tashuvchisi ham boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻrishmagan.

Hozirga qadar tasdiqlangan barcha vaksinalarning klinik sinovlari preparatning xavfsizligi va infeksiyaning simptomatik holatlarning oldini olish qobiliyatini namoyish etishga qaratilgan edi. Binobarin, faqatgina kasallikni yomonroq oʻtkazishi mumkin boʻlgan koʻngillilar sinovdan oʻtkazilgandi.

Ishlab chiquvchilar qolgan koʻngillilarni kuzatib borishmadi. Agar koʻngillilardan biri COVID-19ga chalingan, ammo infeksiyani hech qanday alomatsiz oʻtkazgan boʻlsa, bu holat statistikada hisobga olinmagan.

Kasallik yuqtirish holatlarini kuzatib borish juda qiyin. Shu bois, allaqachon kasal boʻlib tuzalgan yoki emlangan sogʻlom odamlarda virus mavjudligini muntazam ravishda tekshirib turish zarur.

Bunday urinishlar bir necha bor qilingan, ammo faqat cheklangan ijtimoiy guruhlar ichida. Masalan, bitta eksperimentda amerikalik shifokorlar, ijtimoiy soha xodimlari va “pandemiyaga qarshi kurashish fronti ishchilari” orasida boʻlgan koʻngillilar oʻzlarida kuzatilayotgan alomatlar yoki emlanishdan qatʼiy nazar, uch oy davomida haftalik koronavirus testini oʻtkazdi. Natija esa, vaksinaning ikki dozasi organizmning yuqumli kasallikka chalinish ehtimolini taxminan 25 baravar kamaytirayotganini koʻrsatdi.

Shunga oʻxshash tadqiqotlar vaksinani ishlab chiqaruvchilarning oʻzlari tomonidan olib borilmoqda va birinchi natijalar quvonchlidir. Masalan, Johnson & Johnson kompaniyasining dori-darmonlari alomatsiz infeksiyaga chalinish ehtimolini toʻrtdan uch qismga kamaytirishi aniqlandi.

Isroildagi ommaviy emlash natijalari Pfizer-BioNTech bilan emlangan odamlarda qondagi virus konsentratsiyasi emlanmaganlarga qaraganda toʻrt yarim baravar past ekanini koʻrsatdi. Va Angliya sogʻliqni saqlash xizmati Public Health England tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot xulosasiga koʻra, kamida bitta dozada vaksina (Pfizer ili AstraZeneca) olgan odamlar oila aʼzolariga yarim marotaba kam yuqtiradi.

Muammo shundaki, ushbu barcha tadqiqotlar bir nechta toʻliq mantiqiy, ammo hali tajribada tasdiqlanmagan taxminlarga asoslanadi.

Masalan, infeksiya alomatlari kuzatilgan bolalar va kattalarda virus yuki koʻproq boʻladi. Shunga asoslanib, shifokorlar kasallik alomatsiz kechayotgan odamlarda virus yuki kam boʻladi, ularda yoʻtalish va aksirish ehtimoli past, shu sabab atrofdagilarga kasallik yuqtirishi ham kamroq boʻladi, degan xulosaga kelishdi.

“Hozirgi kungacha mavjud boʻlgan maʼlumotlar bizga emlangan odamlarda virus yuki emlanmaganlarga qaraganda pastroq boʻlishini katta ishonch bilan aytishga imkon beryapti”, deydi Vashington Universitetining jahon sogʻliqni saqlash kafedrasi professori Barbara Richardson. “Bunday holda, emlangan odamning emlanmagan odamga kasallik yuqtirishi ehtimoli ham past boʻladi”.

Qisqasi, emlangan va emlanmagan odamlar oʻrtasida virus qanday tarqalishini tushunish uchun barcha ijtimoiy aloqalarni diqqat bilan kuzatib borish kerak.

Bunday tajribalardan biri hozir Vashingtonda oʻtkazilmoqda. Dastlab koʻngillilar mahalliy kollej talabalari orasidan jalb qilinishi kerak edi, ammo keyinchalik ushbu shtatdagi 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan har qanday rezidentga tadqiqotga qoʻshilish uchun ruxsat berildi. Vaksinaning keyingi dozasini toʻrt oyga kechiktirish sharti bilan qabul qilishga rozi boʻlgan koʻngillilar oʻsha yoshdagi emlanganlar uchun nazorat guruhiga aylanadi.

Ikkala guruh aʼzolari har kuni virusga tekshiriladi, ularga haftada ikki marta yaqin aloqada boʻlishga ruxsat beriladi. Va olimlar ikkala guruh ichidagi farqlarni oʻrganadi: virus ularga qay tarzda yuqadi?

“Virusning yangi variantlari qanchalik xavf tugʻdirishi mumkinligi toʻgʻrisidagi tadqiqotlar davom etmoqda. Ammo hozirga qadar olingan maʼlumotlarga asoslanib, vaksinalar samarali boʻlayotganini taʼkidlash mumkin”, deydi JSST.

Agar emlash kampaniyasi rejaga muvofiq oʻtadigan boʻlsa (va mavjud vaksinalar kuchsizlanib qoladigan baʼzi bir mutant shtamm yuzaga kelmasa), koronavirus pandemiyasi asta-sekin yoʻq boʻlib ketadi. COVID-19 shamollash, gripp va boshqa oʻtkir respirator kasalliklar kabi boʻlib qoladi.