Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasining xabar berishicha, 9 iyul soat 8:00 (Toshkent vaqti bilan soat 17:00) da vakolatxona huzuridagi 3-saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni boshlandi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan AQSH poytaxtidagi saylov uchastkasi 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirilgan.

AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari diplomatik vakolatxona binosida mahalliy vaqt bilan soat 20:00 gacha (Toshkent vaqti bilan 10 iyul soat 05:00 gacha) ovoz berishlari mumkin.

Diplomatik vakolatxonaning ma’lum qilishicha, saylov uchastkasi me’yoriy talablarga muvofiq jihozlangan va saylovda ovoz berishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 28 iyun – 5 iyul kunlari Amerikaning Vashington (Kolumbiya okrugi), Orlando (Florida shtati), Shantille (Virjiniya shtati), Rolli (Shimoliy Karolina shtati) shaharlarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

AQSH hududida O‘zbekiston fuqorolari ovoz berishlari uchun 2 ta saylov uchastkasi faoliyat yuritmoqda – Vashingtondagi elchixonada va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonamizda.