Bilgichlarning aytishicha, dastlabki sheʼriy namunalar bugundan yetti ming yil nari qadimgi Yunonistonda dunyoga kelgan ekan. Maʼlumingizkim, oʻsha davrlarda yunonlar ilk davlatchilik asoslarini yarata boshlagan, buyuk bunyodkorlik zavqi-shavqi millatni junbushga solgan, ayni ilhom hosilasi sifatida sheʼr va shoir paydo boʻlgan edi. Shu tariqa, ohangga solingan qahramonlik dostonlari, mardlik eposlari dunyoga keldi. Demak, sheʼr katta evrilishlar samarasi, shoir ham jamiyat burhonlari mevasidir. Ha, shoirni davr yaratadi. Chin shoir esa oʻz davriga asos soladi.
Odamzod hamisha yangilikka tashna, qanday shakl va mazmunda boʻlishidan qatʼi nazar insonga doimo mujda kerak. Eskicha yashab, eskicha boshqarib, eskicha kuylab boʻlmaydigan bir paytda adabiyot adirida Muhammad Yusuf degan shoir paydo boʻldi. Ustozlarimiz Muhammad Yusufni adabiyotga qanday kirib kelganini xalq sezmay qoldi, degan fikrni aytishadi. Lekin oʻsha paytda maktab oʻquvchisi, keyinchalik talaba boʻlgan bizning tengqurlar Muhammad Yusuf degan shoirning ilk qadamlaridan boshlab kunma-kun, oyma-oy, yilma-yil kuzatib borganmiz. Muhammadjon Yusupov nomi bilan yetmishinchi yillar oxirida “Yoshlik” almanaxida chiqishi, “Mushtum” jurnalida chop etilgan hazilomuz sheʼrlari bir oʻqishdayoq maʼqul tushgan, topishmoqnamo va madhiyasifat ashʼor badiga urgan oʻquvchilar uning favqulodda tiniq va oʻzbekona satrlarini joʻshib yod oʻqirdi.
“Xoʻjayin keladi:
— Nima yozyapsan?
— Sheʼr... Kulib chiqib ketar:
— Mayli yozaver...
...Xoʻjayinning qizi keladi,
Jim kirib, jim chiqib ketadi,
Yuragimni siqib ketadi...
Endi cheksam sigaretamdan
Atirgulni isi keladi...”
Muhammad Yusufning eng asosiy, oʻziga xos jihati qaysi deganda, uning xalqqa yaqinligi, samimiyati, oddiyligi, ohangdorligi deb aytamiz. Bu toʻgʻri, lekin mening nazarimda, ustoz ijodining jozibasi va shirasi odamzodni insoniylikka, insonparvarlikka chorlaydigan oʻlmas gʻoyasida boʻlsa kerak. Garchi milliy ohanglarda sheʼrlar yaratgan boʻlsa ham uningovozi jugʻrofiy hududdan olislarga taralib, umuminsoniy mohiyat kasb etdi. “Dard” soʻzi har elatda oʻzgacha yangrasa-da, tuygʻusi bitta — qon va koʻzyoshining rangiyu taʼmi bir xil boʻlmaydimi axir! Shoirning ilk kitobi — “Tanish teraklar”dagi ilk sheʼrlardan birida shunday misralar bor:
“Terlar boʻlib suv oqdi bizdan
Va gursillab yiqildi terak.
Aka bizning qilmishimizdan
Tunda qushlar yigʻlasa kerak...
...Baland boʻldi uyimiz togʻdek,
Ayvonida ustun ul terak.
Biz yasharmiz koʻnglimiz chogʻdek,
Shunda qushlar yigʻlasa kerak...”
Terak, odatda, qurilish ashyosi sifatida koʻriladi va ekiladi. Qishloqda yashab, umrida terak ekishda va kesishda qatnashmagan oʻzbek yigitini topish qiyin. Bu tabiiy hol. Ochigʻini aytganda, koʻplashib daraxt agʻdarishning ajabtovur gashti boʻladi. Ehtimol bu hashar kayfiyati bilan bogʻliqdir. Daraxt agʻdarildimi, uy bino boʻladi. Yaxshilikkami? Yaxshilikka! Lekin shoir bizning yashovchan mantigʻimizga koʻnmaydi. “Ey odam, deydi, sen birovning uyini vayron qilib uy qurasanmi? Faqat senga boshpana keragu, boshqalarning boshi doʻlda qolsinmi, deydi. Shundan keyin ham odammisan sen? Agar shu insongarchilik boʻlsa, bor-e! Qurgan uyingdanam oʻrgildim!” deb qoʻl siltab joʻnavoradi. Har holda men Muhammad akaning ana shunday munosabatini koʻz oldimga keltiraman
“Ona chumchuq aylanib, ketmas,
Koʻngliga qil sigʻmasa kerak.
Eski indan tashib borib xas,
Yangi inda yigʻlasa kerak...”
Birovning uyini, hatto qushniyam inini buzmagin, ozor bermagin, degan naqlni Muhammad Yusuf qanaqangi taʼsirchan, ultragumanizm oʻlchamida tasvirlaydi. Albatta, hammamiz Navoiy bobomizning chodirlariga musicha uya qurganini, nogoh farmoni oliy koʻchishga amr qilgani, hazratim esa musichali qoʻnalgʻaga qoʻriqchi qoʻyib, polaponlar parvozidan soʻnggina chodir yigʻishni tayinlaganini bilamiz. Xeminguey — Xem togʻa esa, urush koʻrgan, yarador va bezor boʻlgan inson sifatida urushga urush eʼlon qiladi: “Qirgʻinbarotga sabab boʻlgan kimsalarni, urush orqasidan sarmoya yigʻadigan korchalonlarni devorga qoʻyib otish kerak! Qon toʻkilishiga dohil boʻlgan har qanday banda mahkumga aylansin. Mabodo aybim boʻlsa, meniyam devorga qoʻyinglar!”. Oʻzbekning Muhammad Yusufi oʻzbekona ramzlar bilan, oʻzbekning teragi, chumchugʻi, tolbeshigi bilan dunyoshumul masalani koʻtaradi:
“Men kimga ishonay yolgʻiz bolamni?
Nima boʻlsa boʻlsin, urush boʻlmasin!”
Rassomchilikda oqim, uslub va turlar judayam koʻp. Grafikadan tortib moyboʻyoqqacha, natyurmortdan portretgacha, realizmdan avangardizmgacha... Ammo hammasi rang-tasvir orqali insonning koʻnglini uygʻotishga, zavqlantirishga, tasavvurini boyitishga, ilhomlantirishga qaratilgan. Toshqoyalarga chizilgan petrogliflaru Van Gogning aql shoshirar chizmalari mohiyatan yaxlit. Rassom uslubini qabul qilmaganingizdayam ijodkorning isteʼdodini his qilib turasiz. Jakondaning koʻzlari sizni qanday hayajonga solsa, Pikassoning “Kabutar”iyam shunday xayolga chulgʻaydi. Isteʼdod, aslida, oʻsha qoliplardan qochib, oʻzining betakror qolipini yaratadi. Shoirlar ham shunaqa. Ammo asl shoir atay uslub tanlamaydi. Unga Xudoning oʻzi yoʻl koʻrsatadi.
Agar sizdan, “Zamonning eng mashhur shoiri kim?” deb soʻrashsa, “Muhammad Yusuf”, deb aytasiz. “Eng koʻp nusxada kitobi chop etilgan shoir kim?” deb mendan soʻrasangiz, “Muhammad Yusuf” deb aytaman. Ustozning chop etilgan kitoblari ikki milliondan oshiq. Har yili baraka topgur nashriyotlar basma-bas bosib turibdi. Nega? Odamzod hamdard, hamsuhbatga hamisha zor ekan-da. Muhammad aka koʻnglingizdagi gapni topib aytadigan, yupatadigan, kerak boʻlsa, yoʻl koʻrsatadigan xolis doʻst emasmi? Bunaqa beminnat doʻstni qaydan topasiz?!
* * *
Muhammad Yusufning orzumand koʻnglini, alamzada yuragini, daryo qalbini epik asarlarida, ayniqsa, “Qora quyosh” dostonida ayon koʻrasiz. Jadid bobolarimizning boshiga tushgan koʻrgiliklar, isteʼdod evaziga istibdod zahrini totishga majbur boʻlgan buyuk bobolarimiz tarixiy dalillar asosida xotirlanadi, odamni larzaga soladigan manzaralar chiziladi. “Xalq dushmanlari”ga aylangan ikki yashar bolachoqlar, paxtazorlarda uvol boʻlgan birinchi sinf bolalari, tomigacha paxta ekkanu oʻzi kafangado xalq, juvonmard va juvonmarg Usmon Nosir, roʻyolarga ishongan soddadil Fayzullo boboyu Akmal Ikromlar... Ularni unutib boʻladimi? Yoʻq! Agar ular esdan chiqsa, yana oʻsha davr kelishiga zamin yaraladi. Shoirning vazifasi ana shu xavfdan ogohlantirish, malol kelmaydigan qilib jigarlarcha jon tortib uqtirish...
Oʻttiz yettinchi yil qatagʻoni iskanjasiga tushgan har yuz odamdan toʻqson oltitasi oʻz “aybi”ga iqror boʻlib, xalqqa dushmanlik qilganini tan olgan, hukmnomaga imzo chekkan ekan. Qolgan toʻrt foizi-chi dersiz. Qolganlari qiynoq azobidan aqldan ozgan... Oʻsha jinnilar ham qamchisidan qon tomgan, odamkush tegirmon toshini yurgʻizgan Qora quyoshni betimsol najotkor deb ishongan, oʻlar chogʻi ham “Yashashin, Ishtalin!” deb jon bergan...
* * *
Vatan haqida dunyo xalqlarida tushuncha har xil. Baʼzi millatlar borki, qayerda yaxshi yashasa, qayerda daromad topsa, qayerda qozoni qaynasa, oʻsha yer — vatan. Lekin oʻzbek hech qachon oʻz Vatanini Oʻzbekistondan yoki tugʻilgan joyidan tashqarida tasavvur qilolmaydi. Gogolning “Taras Bulba”sidagi Yankelni eslang. Uning uchun Andriyning xoinligi hech gapmas. “Nima boʻpti? Dushman tarafga oʻtgan boʻlsa, u oʻsha joyda toʻralardek yuribdi. Egnida zarbof chakmon, kissasi toʻla tillo...”.
Vatan degani jugʻrofiy xaritalarga sigʻmasligi mumkin. Navoiy, “Musofir boʻl, ammo Vatan ichra boʻl”, degan daʼvatida taʼriflangan Vatan oʻsha zamondagi ochunning muslimobod kengliklarini anglatadi. Biz bugungi Oʻzbekistonni, koʻngilchan otalardan qolgan hududni yurt deb bilamiz. Avvalo, ana shu Vatanni asrash, obod qilish, kelajakka bezavol yetkazish muqaddas burchimiz. Ammo Vatan faqatgina koʻhna kentlardan iborat emas. Padarkush farzand va beoqibat toju taxt bois qon yigʻlab turgan Ulugʻbek ham Vatanning bir qismi. Yassaviy, Kubro, Ibn Sino, Amir Temur, Navoiy, Bobur, Mashrab... barchasi millatning gultoji sifatida Vatan timsoliga aylangan. Bu bor gap.
Muhammad Yusuf ana shu ramzlar qatoriga “Alpomishga alla aytgan momolar”u “Margʻilonda yigʻlab turgan Kumush”ni, “Qonbagʻir Zuhroyu Tohir”ni, “Xayoldan ketmas Botir Zokirov”ni, yaktagiyu doʻppisini yechmagan Tursunali polvonni... va oʻnlab afsonaviy hamda zamondosh shaxslarni qoʻshadi. Uning nazarida, doʻppi shunchaki bosh kiyim emas, u millat toji. “Boshga loyiq doʻppi yoʻqdir yo Bosh qolmadi doʻppiga loyiq”.
Sumalak bor-yoʻgʻi yegulik — bahor taomi boʻlmay, mehr-oqibat, qadriyatlar belgisidir. “Ha, Navroʻzfurushlar, qalaysiz endi, Biz bilan sumalak yalaysiz endi!” Qizgʻaldoq koʻklamning chilgi chechagi emas, u ilk muhabbat suratidir. “Sevgi bamisoli lolaqizgʻaldoq, Teginmay boʻlmaydi, tegsang toʻkilar...” Ot esa zinhor ulov hisoblanmaydi, u sadoqatli doʻst. “Ot demasman, u menga ham doʻstu ham yor edi...” Sheʼriyatga shuncha timsol olib kirgan boshqa shoirni bilasizmi? Vatanning togʻlari ortidan ergashib yurgan, yurtini uch kun koʻrmasa xumori tutadigan, Oʻzbekistonning soyasiga jonini toʻshaydigan asl farzand — iddaolar qilmay sevadigan bola qayda bor?
* * *
Daholarning koʻpi uzoq umr koʻrmaydi deyishadi. Ammo Muhammad Yusuf to oʻzbek degan xalq bor ekan, abadiy yashashiga shubha yoʻq. Buyuklar tirikligida koʻpam qadr topmaydi degan gap bor. Lekin Muhammad Yusuf hayotligida podshoyu faqirdan cheksiz eʼzozu hurmat topgan erka taqdir egasi. Bugun ham uning nomi, sheʼrlari tildan tushmaydi. Bugun u tugʻilgan qishloq muxlislar sayilgohiga aylangan, qizgʻaldoqqa koʻmilgan qabri sheʼrparastlar uchun ziyoratgoh.
Shoirlar yurtining feruza gumbaziga qanotlarini tegizib qaldirgʻochlar charx uradi. Qayrilma qanotlar toʻlqinidan mavjlanib, jonbaxsh navo ufqlarga taraladi:
“Men dunyoni nima qildim, Oʻzing yorugʻ jahonim...”
Yuraklar birlashadi, dunyo kengaya boshlaydi. Koʻngillarni anglamsiz quvonch chulgʻaydi. Millatlar, elatlar... bir tanu bir jon boʻladi.
“Ulugʻimsan, Vatanim!” deb avjini oladi faxriyor el.
“Sen shoxlari osmonlarga Tegib turgan chinorim...” — deb shivirlayman men.
Iqbol MIRZO,
Oʻzbekiston xalq shoiri