Tabiiy, har bir katta-kichik giyohning tomiri bor. Shu tomir otgan joyi uning manzil-makoni, deylik, vatanidir.
Odam-chi... odam oyogʻi boʻsh mavjudot, dunyoning har goʻshasida yashaydi, turli shahar-u ovullarni kezib chiqadi. Ammo qachondir tugʻilgan manziliga qaytib keladi yoki qaytish umidi bilan yashaydi. Garchi odamning oʻsimlik, daraxt kabi ildizi yoʻq. Shunday boʻlgach, odam yurtdan olisda nega suvsagan maysaday qovjiraydi, nega tugʻilgan makonini qoʻmsayveradi. Hamma joyda yashashga sharoit topishi mumkin-ku? Menimcha, odamning koʻzga koʻrinmas ildizi shu manzilu makonga tutashgan. Shu joyga tomir otgan. Odamning ildizi vatan tuprogʻiga yuragidan boshlab tomirlagan. Yoʻqsa, qayerga qoʻlini choʻzsa yetgulik hazrat Boburday azim zot bir tilim Andijon qovunining boʻyini qoʻmsab oʻrtanmas edi.
***
Koʻpchilikning xabari bor, dastlab poytaxtimizdagi “Anjumanlar saroyi” va “Turkiston” saroyida, soʻngra butun respublika boʻylab “Vatan manzumasi” nomli teatrlashtirilgan nazm va navo tomoshasi namoyish etildi. Ushbu ijodiy jarayondan minglab yurtdoshlarimiz qatorida oʻzim ham katta taassurot oldim, ona yurtni oʻzgacha nigoh bilan koʻra boshladim. Bu tadbirning muddaosi ham ayni shu – tobora tansiqlashib, ayrim xashaki talqinlar sabab, siyqalashib borayotgan vatan, vatanparvarlik tuygʻusini yanada kuchaytirish edi. Nazarimda, rejissyor Haydarali Qosimov boshliq jamoa bu maqsadni uddalay oldi. Ammo bir narsa oydinlashdiyam: bu kabi chinakam, professional tomosha ishlari muntazam boʻlishi kerak ekan! Yoshlar oʻzlari ergashadigan, havas qiladigan shaxslar bilan tez-tez koʻrishib turishi zarur ekan.
Ayni damda gap bevosita bu tadbir haqida emas, ammo hech vaqtda eskirmaydigan, tashlab qoʻyib boʻlmaydigan masala — vatanparvarlik hissi bilan uygʻun ayrim mulohazalarimga ham shu tadbir sabab boʻldi.
***
Keyingi paytda quloqqa koʻp chalingan gaplardan biri taxminan shunday boʻlayotir: “Vatanparvarlik, maʼnaviyat mavzularini koʻp muhokama qildik, siyqasini ham chiqarib yubordik...”
Shunga oʻxshash fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda ham aylanib yuradi.
Bunday gap-soʻzlarga duch kelsam, yuqorida tilga olingan tadbirlar asnosidagi ayrim voqelar esimga tushadi va ularni chogʻishtirib quyidagi fikrlarga toʻxtalaman.
***
Termiz shahridagi Sanʼat saroyida dasturimiz boshlanishidan sal avval saroy ayvoniga chiqdim. U yerda toʻplanib turgan universitet talabalarining suhbati eʼtiborimni tortdi:
— Nima boʻlarkan oʻzi, qanaqa tadbir ekan? — dedi ulardan biri sheriklariga.
— “Vatan manzumasi” deb yozgan-ku! Qoʻshiq boʻlsa kerak-da. Gʻiyos Boytoyevni koʻrdim.
— Gʻiyos Boytoyevning konserti emasmi?
— Yoʻgʻye... bu vatan haqida konsert.
— “Vatan, vatan” deb ensani qotirar ekan-da, yana...
— Ketdikmi, boʻlmasam...
— Domla qarab turibdi, qochmaylik...
— Kirib koʻraylikchi...
Bolalarni eslab qolishga harakat qildim. Oʻtirgan joylarini ham oʻzlariga sezdirmay aniqladim.
Tadbir tugagach, foyeda oʻsha yigitlarga tagʻin duch keldim. Harqalay ketib qolishmagan ekan. Yoniga bordim-da, gap qotdim:
— Qalay boʻldi, tadbir yoqdimi?
Ular meni sahnada koʻrgani uchun darrov tanishdi va qimtinibroq yonimga kelishdi.
— Zoʻr boʻldi. Juda yoqdi. Ayniqsa, marhum askarlarning xotirasiga bagʻishlangan joyi.
— Sizning sheʼringiz ham zoʻr ekan. Oʻzingiz yozganmisiz?
— Ha, bir oʻzim, — dedim hazillashib, soʻng davom etdim — “Vatan, vatan” deb ensani qotirsayam kirib turish kerak shunday tadbirlargayam... – Talabalarga oʻz gaplarini kesatdim.
Shu gapni aytgan yigitcha, yerga qaradi-da:
— Endi, bilmagandik-da bunday yaxshi konsertligini...
Ularning taassuroti menga ham taʼsir qildi... demak...
***
Andijon shahrida kechki payt iftorlik mahali ovqatlanish uchun mashinalarda choyxonaga yoʻl oldik. “Ogʻiz ochar”ga besh-oʻn daqiqa qolgan edi. Ulovimiz svetoforda toʻxtadi. Svetoforda suv, arabiy xurmo tarqatib, savob umidida yurgan bir necha yigitlar yoʻlovchilarga beminnat xizmat koʻrsatishardi. Bu yaxshi odat, ezgu ish albatta. Suv tarqatayotganlardan biri, tim qora soqoli oʻziga yarashgan yigit men tarafdagi ochiq oynadan suv uzatdi va “Marhamat, bemalol!” dedi va shoshib nari ketdi. Yarim litrlik suv idish sirtiga “Duo qiling, Grinkard chiqsin!” deb yozilganini suvni olib boʻlgach koʻrdim... ochigʻi, roʻzador qalbim oʻrtanib ketdi...
***
Jizzax shahrida tadbirdan soʻng, tomoshabinlardan biri taniqli sanʼatkor Shohida Ismoilova bilan suratga tusharkan, ulardan beriroqdagi yana bir ayol shunday dedi:
— Shohida opaning ona siymosi baribir boshqachada... bu kishida haqiqiy oʻzbekka xos istara bor...
— Rixsi Ibrohimovadan keyin sahnada haqiqiy onani ham koʻrmay qolgandi, odam...
***
Ushbu fikr-taassurotlardan bir narsani teran ilgʻadim. Bizning – maʼnaviyat, madaniyat sohasi vakillarining xalqimizdan qarzi juda katta ekan. Bu soha vakillarining qilishi lozim boʻlgan ishlari bisyor ekan hali. Shoir Muhammad Yusufning bir satri miyamda aylandi:
Yomon sheʼr yozsang ham, boshingni silab,
“Kam boʻlma, bolam”, deb yashaydi oʻzbek...
Shu xalqning bir boʻlaginigina koʻrdim men. Ularning kayfiyati, yigit-qizlarning qiziqishi, intilishlarini ilgʻadim. Bu insonlarning boʻgʻzida turgan, aytishga andisha yoki hayiqish yoʻl bermayotgan soʻzlarni tingladim. Dilim ogʻrigan boʻlsa, oʻzimdan ogʻridi, koʻnglim toʻlmagan boʻlsa, oʻzimni aybdor sezdim. Termizlik yigitchaning “vatan-vatan” deganda ensasi qotishiga ham, andijonlik, barq urib turgan hayoti hali oldinda boʻlgan oʻgʻlonning eng katta orzusi “Grinkard” ekanini ham, ona siymosini, haqiqiy qahramonlarni, asl oʻzbekni sogʻingan tomoshabinlarni ham tushundim. Ular boshqa sayyora yoki oʻzga mamlakatdan kelib qolmaganini, bilʼaks, oʻzimizning jondoshlar ekanini his etaroq, yelkamdagi yukning zalvorini teran tuydim. Markaziy Osiyoning qariyb yarim aholisini tashkil etadigan, bir paytlar ilm-fani, madaniyati dunyoni tebratgan diyorning bugungi farzandlarida chinakam gʻurur, iftixor tuygʻusi takror mavj urmogʻi uchun qanchalar katta vazifamiz borligini his etdim.
Soʻz avvalida eslaganim – butasimon oʻsimlikday har tomonga sochilib, vatan deganda, kuni oʻtgan, sharoiti biroz yaxshiroq manzilni tushunadigan, urush, ochlik, mustabid muhit sabab shu holga kelib qolgan millionlab oʻzga xalqlarning taqdirini koʻrib turgan pallamda, ikki daryo oraligʻidagi maʼrifat diyorida boshqacha bir xalq, kengfeʼl, matonatli, bardoshli, hamisha yaxshi gumonda boʻladigan, yaxshilik sogʻinadigan odamlar borligini tuyqus chuqur angladim. Bu odamlarga xizmat qilish ham saodat ekanini oz boʻlsa-da tushungandek boʻldim.
“Eng katta vatanparvarlik masʼuliyatni his etishdir”, degan ajoyib fikrni oʻqigandim. Bugungi olatasir dunyoda, globallashuv dovuli millat, vatan kabi tabarruk tushunchalarni toptab, butun boshli millatlarni “tuyaqorin”day har tomonga uchirib yuborayotgan bir davrda yashayapmiz. Shunday vaqtda bir oddiy, ammo ulugʻ savol koʻnglimga keladi: Biz uchun eng muqaddas, jonni ham tikishga arziydigan narsa nima?
Bu savolga millionlab oʻzbekning koʻnglida bitta javob uygʻonadi: shu VATAN...
Balki, ovoz chiqarib aytmas, baralla aytishga andisha qilar, ammo mazmun bitta boʻladi: VATAN!
Bu sodda, samimiy odamlarning qalbidagi vatan hissining siyqasi chiqmaydi, bu vatan undovlarga suyanmaydi, chin yurakdan boʻladi. Ularning aksariyati bu mukarram diyor bir kunda, oʻz-oʻzidan bunyod boʻlmaganini, oʻz-oʻzicha barqaror va tinch boʻlib turmaganini yaxshi biladilar.
Ana shu xalqning qalbiga koʻchgan manzumaning nomi ham VATANdir!
Shodmonqul SALOM,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi