Tabiiyki, bu kommunal va koʻp qavatli uylar aholisiga xizmat koʻrsatish sohasida qator muammolarni keltirib chiqaradi. Shu maʼnoda, koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholini qiynayotgan muammolar hamda uchrashi mumkin boʻlgan avariyaviy vaziyatlarni oʻz vaqtida bartaraf etish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan Toshkent shahri hududlarida boshqaruv servis kompaniyalari, shirkatlar faoliyatiga koʻmaklashish boʻyicha tezkor avariya-brigadalar tuzildi.

Dastlab qish mavsumida Toshkent shahri aholisini qiynayotgan muammolarni qabul qilish va ularga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida tezkor ishchi guruhlar shakllantirildi. Shuningdek, vazirlikda aholi murojaatlarini qabul qilish, macʼul ijrochilarga yetkazish va bajarilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha 24 soatlik dispetcherlik shtabi tashkil etildi. Soha va hududlar boʻyicha vazir oʻrinbosarlari boshchiligida 120 nafar xodim tumanlardagi BSKlarga biriktirildi.

Issiqlik, ichimlik, oqova suv, elektr va gaz taʼminoti tizimlarida yuzaga kelgan talofatlarni bartaraf etish maqsadida 320 ta ishchi xodimdan iborat 9 ta tezkor avariya taʼmirlash-tiklash guruhlari yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, ishlarni samarali tashkil etish maqsadida jami 25 ta maxsus texnika jalb qilindi.

Joriy yilning 16-22-yanvar kunlari ishchi guruhlar tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

1 136 ta koʻp kvartirali uyning elektr, 172 ta koʻp kvartirali uy, 3 ta ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti hamda 4 ta koʻp kvartirali uynng gaz taʼminoti qayta tiklandi.

Hududlardagi 412 ta koʻp kvartirali uyni elektr energiyasi bilan taʼminlab beruvchi jihozlar (kabel, shit, avtomat) yangisiga almashtirildi, shuningdek, 8 koʻp kvartirali uyga bogʻliq 35 ta transformatorda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

260 taga yaqin koʻp kvartirali uylarning yertoʻla qismida joylashgan muhandislik va oqova suv tarmoqlarida yuzaga kelgan avariyalar, 56 ta koʻp kvartirali uylarning ichimlik suv quvurlarida yuzaga kelgan yorilish va muzlash holatlari bartaraf etildi, shu bilan birga 30 ta nosoz lift uskunalari taʼmirlanib, ishga tushirildi.

20 ta koʻp kvartirali uyning tom qismi joriy taʼmirlandi.

33 ta koʻp kvartirali uyning 123 ta kirish yoʻlak eshiklariga dovodchiklar oʻrnatildi, shuningdek, 22 ta koʻp kvartirali uyning kirish yoʻlaklaridagi framuga oynalari va 1 ta uyning kirish eshiklari yangisiga almashtirildi.

868 ta koʻp kvartirali uyning old qismidagi 207 860 kv.m yoʻlaklari muzlamalardan va singan daraxt shoxlaridan tozalanib, qum va tuz aralashmalari sepildi va 10 ta koʻp kvartirali uy atrofidagi chiqindilar olib chiqildi.

Shuningdek, vazirlikda aholi murojaatlarini qabul qilish, maʼsul ijrochilarga yetkazish va bajarilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha tashkil etilgan 24 soatlik dispetcherlik shtabiga 16-yanvar kuni soat 9:00 dan 23-yanvar kuni soat 9:00 ga qadar fuqarolar tomonidan jami 385 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan, 135 tasi elektr, 36 tasi gaz, 170 tasi issiqlik, 12 tasi ichimlik va oqova suv taʼminoti hamda 27 ta boshqa masalalar boʻyicha murojaatlar kelib tushgan. Yuqoridagi murojaatlar hududlarga biriktirilgan masʼul xodimlarga yoʻnaltirilgan.