Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Togʻ-kon sanoati va geologiya, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Energetika vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari oʻrganilganda 160 nafar boshqaruv xodimi 170 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.
Jumladan:
— Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining 72 nafar xodimi 79 ta;
— Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining 59 nafar xodimi 60 ta;
— Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 22 nafar xodimi 23 ta;
— Energetika vazirligining 7 nafar xodimi 8 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischi sifatida roʻyxatdan oʻtganligi maʼlum boʻldi.
Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari boʻyicha mazkur vazirliklarga Agentlikning taqdimnomalari kiritildi.
Oʻz navbatida, vazirliklar tomonidan taqdimnomalar tanqidiy muhokama qilingan holda tadbirkorlik subyektlarida taʼsischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari hozirda bartaraf etilmoqda, — deyiladi xabarda.