Bugun, 6-mayda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Veon” kompaniyalar guruhi bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Serbiyaning sobiq prezidenti Boris Tadich ham ishtirok etdi.

Yigʻilishda AKT vaziri Sh. Shermatov telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish bozorini yanada rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish, xususan, mobil aloqa kompaniyalarining samarali faoliyat olib borishlari uchun yurtimizda har tomonlama keng imkoniyatlar yaratib berilganini taʼkidladi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Vazirlik oldiga Oʻzbekistonni mintaqaviy axborot texnologiyalari markaziga aylantirish, joriy yil oxirigacha IT-mahsulotlar va xizmatlar eksportini 100 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv chogʻida axborot texnologiyalari va eng yangi mobil texnologiyalarni joriy etish masalalari va kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha fikrlar almashildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda “Veon” kompaniyalar guruhi ishtirokida uskunalarni modernizatsiya qilish va foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilyapti.

Shuningdek, tomonlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ulkan salohiyat mavjudligi hamda bu borada barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, mahalliy yoshlarni ishga joylashtirish orqali BPO (biznes jarayonlari autsorsingi) va KPO (bilim jarayonlari autsorsingi) xizmatlarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirilishida “VEON” kompaniyasini bevosita ishtiroki masalalari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yoʻnalishlar, jumladan, AKT masalalarida keng qamrovli hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.