Rivojlangan mamlakatlarda veterinariya xizmatlari "isteʼmolchi toʻlaydi" qoidasi boʻyicha xususiy asosda koʻrsatiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar ham asta-sekin asosan davlat tasarrufidagi veterinariya xizmatlaridan voz kechib, ularni markazlashtirmaslik va xususiylashtirishga oʻtmoqda.
Yangi Zelandiya veterinariya faoliyatini "eʼtirozsiz" va "eʼtirozli" qismlarga ajratadi. Bunda hukumat tartibga solish va baʼzi xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlaydi, klinik va profilaktik veterinariya xizmatlari esa xususiy asosda koʻrsatiladi. Bundan tashqari, mamlakatning xususiy veterinariya shifokorlari soni kam boʻlgan hududlarida chorvadorlarning oʻzlari para-veterinarning bir qator vazifalarini bajaradi.
Keniya veterinariya uyushmasi xususiy klinikalarni ochish uchun kreditlar ajratdi. Garchi birinchi bosqich muvaffaqiyatli oʻtgan boʻlsada, ikkinchi bosqichda kreditlarni qaytarish bilan bogʻliq muammo yuzaga keldi. Bundan tashqari, para-veterinarlarga mototsikl sotib olish uchun kreditlashning maxsus sxemasi taklif qilindi.
Oʻzbekiston chorvachiligida mahsuldorlikni oshirish uchun respublikada mavjud chorva mollarining sifatini yaxshilash zarur. Bunga erishish yoʻllaridan biri veterinariya xizmatini rivojlantirishdir.
2017-2022-yillarda respublikada koʻrsatilgan veterinariya xizmatlari hajmi 2,9 barobar, jumladan, davlat veterinariya xizmati tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 1,7 barobar, xususiy veterinariya shifokorlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 5,5 barobar oshdi.
Respublika boʻyicha koʻrsatilgan veterinariya xizmatlarining umumiy hajmida xususiy veterinariya shifokorlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar ulushi 2017-yildagi 28,9 foizdan 2022-yilda 56,3 foizgacha oshdi.
Veterinariya xizmatlarining xususiylashtirish jarayonini faollashtirish uchun veterinariya xizmatlari auditini oʻtkazish va xususiy sektor javobgarligi ostiga oʻtkazilishi yoki DXSH tamoyili boʻyicha amalga oshirilishi mumkin boʻlgan xizmatlarni aniqlash, veterinariya xodimlarini tayyorlashni yaxshilash, asosiy eʼtiborni amaliyotga koʻproq vaqt ajratishga qaratish, qishloq joylarda mayda chorvadorlar va ish bilan band boʻlmagan yoshlar uchun para-veterinariya xizmati koʻrsatish boʻyicha oʻquv kurslari va treninglar oʻtkazish orqali para-veterinariya mutaxassislarini tayyorlash, veterinariya qonunchiligini qayta koʻrib chiqish va uni veterinariya va fitosanitariya choralari boʻyicha JST talablari va tamoyillariga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiq.