Bugun sogʻliqni saqlash tizimida kechayotgan keng koʻlamli transformatsiya jarayonlari sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, bu orqali aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini yanada oshirishga qaratilgan.
Xususan, soʻnggi sakkiz yil davomida tibbiyot yoʻnalishida xususiy sektor ulushini oshirish, nodavlat tibbiyot muassasalari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.
Natijada 2017-yilda xususiy shifoxonalar soni qariyb 3,5 mingtani tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib ularning soni 9 mingdan ortdi.
Tibbiyotning nodavlat sektorida ixtisoslik turlari 50 tadan 225 taga oshdi. Shuningdek, xususiy shifoxonalarning tibbiyot ixtisosliklari boʻyicha litsenziya olishiga imkon yaratildi.
3 700 dan koʻproq mavjud nodavlat klinikalar yangi tibbiy ixtisoslik hisobiga oʻz faoliyatlarini kengaytirdi.
Taʼkidlash lozimki, ayni paytda yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan oʻrin-joylarning 35 foizi xususiy sektor ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Yaʼni soʻnggi yillarda nodavlat tibbiyot klinikalarida statsionar shifo oʻrinlari soni sezilarli darajada ortib, 2024-yilda 42 750 ga yaqinlashdi.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarining barchasida ambulator, 1530 dan ortigʻida statsionar xizmatlari tashkil etilib, ular tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat turlari 726 tadan 2 251 taga oshdi.
Albatta, bunday ijobiy oʻzgarishlar tufayli bugungi kunda sogʻliqni saqlash tizimida nodavlat tibbiyotning ulushi 30 foizga yetdi.
Jumladan, laboratoriya xizmatlarining 40 foizi, oftalmologiya va operativ oftalmologiyaning 60 foizi, LOR va endoskopik LORning 70 foizi va stomatologik tashxis hamda muolajalarning 91 foizi aynan xususiy klinikalar tomonidan koʻrsatilyapti.
Yaqin kelajakda mazkur yoʻnalishda
- yangi nodavlat tibbiyot muassasalarini tashkil etishda xalqaro standartlarni joriy etish;
- xususiy sektorda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, “xavfsiz tibbiyot” prinsipini amaliyotga tatbiq qilish;
- tibbiy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda sohada sifat koʻrsatkichlarini yanada oshirish koʻzda tutilgan.