Suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport-logistika sohasida oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi.
Xususan, tomonlar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Vyetnam oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshganini qayd etdilar. Bu borada hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligi inobatga olinib, Bojxona sohasida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Bitimni koʻrib chiqish va tuzishni tezlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida Qoʻshma Ishchi guruh tuzish masalasi kelishib olindi.
Eng samarali logistika yoʻnalishlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda transport va logistika sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muhokama etilgan loyihalar doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdilar, shuningdek, Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Vyetnam Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini va qoʻshma biznes-forumni oʻtkazishga kelishib oldilar.