Biroq mamlakatning qariyb bir asrlik tarixi mobaynida davlat, jamiyat va din oʻrtasidagi munosabatlar turli mazmunda rivojlandi. Mamlakatda hukmron boʻlgan turli siyosiy-ijtimoiy mafkuralar sababli davlat va din munosabatlari bir-biridan keskin farqlanuvchi davrlarni yuzaga keltirdi. Tabiiyki, mazkur davrlarda dunyoviylik va diniylik mutanosibligi borasidagi qarashlar jamiyat hayotiga katta taʼsir koʻrsatdi.
XX asr soʻngida Sharq musulmon dunyosida “Islom uygʻonishi” yoki “Qayta islomlashuv” shiori ostida yuz bergan hodisalar yangi siyosiy-mafkuraviy jarayon yuzaga kelganidan darak berar edi. Oʻzbekistonda ham ateistik mafkura targʻiboti tugatilgandan soʻng ijtimoiy ongda islomga oid gʻoyalar taʼsiri ortib bordi.
Mazkur vaziyatda zamonaviy sekulyar demokratik davlatchilik yoʻlini tanlagan mamlakatimiz oldida dunyoviylik va diniylik oʻrtasida muvozanatli munosabatni oqilona va qonuniy hal etish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Mazkur masalada dinning yuksak rolini eʼtirof etish bilan birga, dunyoviy fikr, dunyoviy turmush tarzi ham u bilan yonma-yon va teng yashash huquqiga egaligi qator normativ hujjatlar asosida oʻz isbotini topdi. Xususan, mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti va qonun ustuvorligini amaliyotda taʼminlash bilan bir qatorda diniy qadriyatlar qaror topishiga imkon yaratildi.
Dunyoviylik va diniylik oʻrtasidagi muvozanat asoslari, eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-, 31-, 61- moddalarida aks etdi. Mazkur moddalarda mamlakatda joriy etilgan demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, inson erkinligi oliy qadriyat, deb qayd etilishi barobarida har bir shaxsning vijdon erkinligi kafolatlanishi va diniy tashkilot va birlashmalar faoliyatiga davlat aralashmasligi belgilandi.
Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi dinga nisbatan bagʻrikenglik asosida siyosat yuritilishini taʼminlovchi asosiy hujjatga aylandi. Shuningdek, 1991-yil 14-iyunda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. 1998-yil 1-mayda mazkur qonunga ayrim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi natijasida uning yangi tahriri eʼlon qilindi. Vijdon erkinligi huquqi jahon davlatchilik amaliyotida kuzatilgani kabi dunyoviylik va diniylik mutanosibligini taʼminlovchi birlamchi asos vazifasini oʻtadi.
Qayd etish lozimki, 2016-yildan boshlab mamlakatning ichki va tashqi siyosatida diniylik va dunyoviylik borasidagi islohot va oʻzgarishlar yaqqol namoyon boʻldi. Umumiy jihatdan mazkur islohotlarni mamlakatning tashqi aloqalari va ichki hayoti bilan bogʻliq ikki turdagi yangilanishlar sifatida tasniflash mumkin. Yangi Oʻzbekistonning din borasidagi tashqi siyosiy oʻzgarish va islohotlari quyidagi hodisalarda aks etadi:
Birinchidan, Prezidentimiz 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz”, deb taʼkidladi. Shuningdek, u mazkur sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston BAA, Misr, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Eron kabi musulmon mamlakatlar bilan turli sohalarda faol hamkorlikni yщlga qoʻydi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida Indoneziya, Bangladesh va Malayziya mamlakatlaridan xorijiy turistlarning yurtimizga sayohatini tashkil etishga qaratilgan hamda “Umra+” dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga aviaparvozlar, qoʻnish va uchish xavfsizligi qoidalaridan tashqari, toʻsqinliksiz amalga oshirish belgilandi.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ayrim mamlakatlarga 2018-yil 1-yanvardan viza tartibini soddalashtirish, ushbu davlatlarning fuqarolariga maxsus ziyorat turizmi dasturlarini taklif etish hamda imtiyozga ega davlatlar roʻyxatini ishlab chiqish koʻzda tutildi.
Toʻrtinchidan, din va vijdon erkinligi masalalarida xalqaro tashkilotlar bilan izchil aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi va ularning talab hamda takliflarini inobatga olishning oʻziga xos mexanizmi shakllantirildi. Xususan, Oʻzbekiston hukumati BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining din va eʼtiqod erkinligi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid tomonidan berilgan 52 ta tavsiyaning 51 tasi bajarilgani haqida maʼlum qildi. Bu kabi voqealar Oʻzbekistonning diniylik va dunyoviylik masalalarida jahon hamjamiyati bilan hamkorlikka ochilayotganini anglatadi.
Yangi Oʻzbekistonning din borasidagi ijtimoiy-madaniy oʻzgarish va islohotlari quyidagi hodisalarda aks etadi:
Birinchidan, 2016-2017-yillarda ekstremizm va terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish tamoyillari konseptual tarzda qayta koʻrib chiqilib, 2018-yil 30-iyulda “Ekstremizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatda ilk bor ekstremizm bilan bogʻliq tushunchalarga aniq taʼriflar keltirildi. Islohot natijasida diniy ekstremistik guruhlarga ishtirok etishda ayblangan 20 ming shaxs roʻyxatdan chiqarilgani maʼlum qilindi.
Ikkinchidan, 2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.
Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori S.Kornell mazkur farmon mazmuni va amaliy ahamiyati haqida quyidagi fikrni bildirdi: “Mamlakat rahbariyati dunyoviy davlatchilik bilan uygʻunlik kasb etuvchi va boshqa jamiyatlarga namuna boʻla oladigan oqilona qaror qabul qildi. Oʻzbekiston musulmon dunyosi uchun misli koʻrilmagan muhim tendensiya va model uchun asos yaratdi. Mamlakatda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy markaz, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu strategiyaga toʻliq mos keladi”. Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev sekulyar tamoyillar asosida islom maʼrifati gʻoyasini ilgari surib, dunyoviy tizimni saqlab qolgan holda diniy institutlar imkoniyat chegaralarini kengaytirishga qaratilgan yangi modelga asos soldi.
Uchinchidan, 2018-yil iyun oyida “Oʻzbekiston Respublikasida islom bank ishi va moliya infratuzilmasini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi joylashtirildi. Hujjat Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) Oʻzbekistondagi Asia Alliance Bank bilan savdo-sotiqni islom banki qoidalarining “muzoraba” prinsipi asosida kreditlash uchun yuz million dollar ajratish toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladi. ITFC matbuot xizmatining bildirishicha, bu islom bankingi boʻyicha Oʻzbekiston bilan imzolangan eng birinchi shartnoma boʻldi.
Toʻrtinchidan, davlat tomonidan diniy tashkilot yetakchilariga alohida eʼtibor qaratilib, ularning jamiyat ruhiy-maʼnaviy hayotini barqarorligini taʼminlashga qaratilgan faoliyati ragʻbatlantirish amaliyoti kuzatildi. Yangi shakl va mazmundagi vijdon erkinligi huquqining liberallashuv natijasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Aytish joizki, din sohasi vakillarining davlat mukofoti bilan taqdirlanishi mustaqil Oʻzbekiston tarixida kuzatilmagan edi.
Taʼkidlash lozimki, vijdon erkinligini taʼminlash borasidagi tub islohotlar va yangilanishlar jamiyatda erkin fikr-mulohazalar rivojiga ham sezilarli darajada taʼsir oʻtkazdi. Fikr, soʻz va eʼtiqod erkinligini yana-da liberallashuvi natijasida dunyoviylik va diniylik mutanosibligi borasidagi ayrim izoh talab mavzularga aniqlik kiritishni taqozo qildi. Shu nuqtayi nazardan, 2021-yil 5-iyulda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, bahsli masalalarga aniq huquqiy javob berildi.
Oʻzbekistonda dunyoviylik va diniylik uygʻunligi borasidagi fikrlar mustaqillikning ilk davridan boshlab ilgari surildi. Bu borada mamlakat ijtimoiy–madaniy taraqqiyotida anʼanaviy diniy qadriyatlarning oʻrniga yuqori baho berildi. Ayni paytda ajdodlar maʼnaviy merosini tiklash orqali davlatning xalqaro nufuzini oshirish, xalqni buyuk kelajak sari ruhlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shunday boʻlsa-da, dunyoviy demokratiya tamoyillari davlat va jamiyat boshqaruvining bosh asosi mezoni boʻlib qoldi.
Mamlakatdagi dunyoviylik va diniylik borasidagi islohotlarning muvaffaqiyatli boʻlishi uchun, faqatgina hukumatning xohishi va harakati yetarli emas, buning uchun ijtimoiy ongda ham yangilanishlarni toʻgʻri qabul qilish layoqati boʻlishi lozim. Shu nuqtayi nazardan jamiyat hayotining huquqiy jihatdan erkin boʻlishi uning ichki sifat koʻrsatkichlariga bevosita daxldor, deb xulosa chiqarishga imkon beradi.
D.KOMILOV,
Toshkent davlat transport universiteti
katta oʻqituvchisi