Vikireytingda kuchli o‘ntalikka kiramiz!

    Bu yil yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanalar har qachongidan ko‘ra, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. hayotimizda unutilmas, tarixiy ahamiyatga ega kun bo‘ldi, desam mubolag‘a emas. chunki bizga o‘z tashabbusimiz bilan ko‘ngilli bo‘lib qilgan necha yillik mehnatimiz mahsulini taqdim etish imkoniyati yaratildi. O‘zbek internet olamida matnli ma’lumot va videokontentlarni ko‘paytirish uchun alohida mablag‘ ajratilib, zarur sharoit yaratilgani juda quvonarli ish bo‘ldi.

    Biz internet asrida yashayapmiz. Bir davlatning, tilning, millatning borligi internet tarmoqlarida unga tegishli ma’lumotlarning ko‘pligi bilan ham belgilanmoqda. O‘zbek tilida ma’lumotlar yaratish yo‘lida biz keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni boshlagan edik. Shaxsan davlatimiz rahbari bunga e’tibor qaratib, shu yo‘nalishda loyihamizni ro‘yobga chiqarishga imkoniyat berganidan, ishonch bildirganidan juda ham xursandmiz.

    Eng yirik internet ochiq ensiklopediyasi Vikipediyada 316 ta tilda 59 millionta ma’lumot bor. Ular orasida o‘zbek tilidagi ma’lumotlar 149 mingtani tashkil etmoqda, xolos. Ma’lumotlar ko‘pligi bo‘yicha turkiy tilli davlatlar o‘rtasida 4-o‘rindamiz. Birinchi o‘ringa chiqish esa eng katta maqsadimiz. Bu Vikipediyadagi jami ma’lumotning 0,2 foiziga to‘g‘ri keladi. Juda ham kam. Hatto 1 foiz ham emas.

    Shu yilning 20 mayidan vikistipendiya harakatini boshladik. Minglab yoshlarni jamlagan holda bir oyning o‘zida 10 mingta maqola kiritdik. Ya’ni o‘zbekcha vikipediya 2003 yili ochilgan bo‘lsa, yiliga 8 mingta maqola qo‘shilardi. Biz bir oyning o‘zida 10 mingta maqola kiritdik. Ko‘ngillilar harakati orqali shu natijaga erishdik.

    Bir oylik natija haqida aytish oson. Shuncha muddatda qo‘shimcha 10 ming maqola kiritilgani, 100 mingtasi tahrir qilingani va vikireytingda 62-o‘rindan 58-o‘ringa ko‘tarilganimiz katta gap. Hademay maqolalarimiz 150 mingtani tashkil etadi, 57-o‘ringa ko‘tarilamiz. Umuman, kuchli o‘nlikka kirish uchun marra yaqin qoldi.

    Bu ishni birdan boshlamadik. Vikipediyaga maqola qanday tayyorlanishi, talablari, manbalarni topish, ensiklopedik ahamiyatga ega bo‘lishi uchun yondashuvlar bo‘yicha izlandik. Har birining eng mayda jihatlarigacha e’tibor qaratgan holda videodarslar, mahorat darslari tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joyladik.

    Vikipediya marafonimiz 20 dekabrgacha davom etadi. Katta natijalarga erishishga umid qilyapmiz. Marafon boshlanishidan oldin 200 nafar faol foydalanuvchimiz bor edi. Hozir ular soni kamida 500-600 nafarga yetdi. Yordamchimiz qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Shuning uchun tizimli yechimga kirishmoqchimiz. Vikita’limni yo‘lga qo‘yib, an’anaviy qog‘oz topshiriqlar o‘rniga vikitopshiriq bersak, o‘quvchining dunyoqarashi ham kengayadi, vazifani bajarish ham maroqli bo‘ladi.

    Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvda matnli, videokontentlarga ham to‘xtaldi. Bu juda muhim. Oddiy misol: bolalarimiz uchun o‘zbek tilidagi videokontent, animasion filmlar juda kam. Biz bolalar uchun o‘zbek tilidagi “Mitti koinot” degan loyihani taqdim etdik.

    Vikipediya, vikistipendiya bilan integrasiya qilayotgan yana bir yirik loyihamiz bor. U mатn.uz platformasi. O‘zbek tilidagi matnni tahrir qilib beradi. Undagi xatolarni tuzatadi. Bunday platformaga ehtiyoj juda katta. Bu platformaning dastlabki bosqichi ishga tushgan. Kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘girib berishdan tashqari imloviy xatolarni tuzatadi. Keyingi bosqichda uslubiy xatolarni tuzatadi. So‘nggi bosqichga yetganda sun’iy ong bilan ishlay boshlaydi. U hatto sizning his-hayajoningiz, yolg‘on-rost gapirayotganingizgacha tekshirib bera oladigan platforma bo‘ladi. Bu platformadan turli sohalarda foydalanish mumkin.

    O‘zbek vikipediyasi tarixida ilk bor davlat rahbari darajasida e’tibor qaratilmoqda. Yaqin orada dunyo davlatlari orasida kuchli o‘ntalikka kiramiz. Prezidentimiz bilan uchrashuvdan keyin o‘zimizga ishonch yana ham oshdi.

    Mehrinoz ABBOSOVA,

    Yoshlar ishlari agentligi direktorining

    davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi