O‘zbek-xitoy munosabatining yorqin kelajagini birgalikda yaratish yo‘lida

    Xalqaro hamkorlik 13 Sentabr 2022 2799

    Do‘stlik rishtasi

    «Bu zamin mo‘l-ko‘l rizq ramzi bo‘lmish g‘alla yetishtirish uchun juda qulay, rang-barang gullarga, mazali mevalarga boy». 1300 yil avval Tan sulolasining buyuk olim-rohibi Syuan Szan o‘z sayohatnomasida gullab-yashnagan Samarqandga shunday ta’rif bergan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, men hamkasbim bilan Xitoy - O‘zbekiston hamkorligi rejasini belgilab olish va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun yana bir bor ajoyib Samarqand shahriga tashrif buyuraman.

    Xitoy va O‘zbekiston — buyuk tamaddunga ega qadimiy mamlakatlar. Buyuk ipak yo‘li xalqlarimizning 2000 yildan ziyod vaqt davomidagi do‘stona aloqalaridan darak beradi. G‘arbiy Xan sulolasi vakili Chjan Syan, Tan sulolasi vakili Syuan Szan va Min sulolasi vakili Chen Chen o‘z davrida Toshkent, Samarqand va boshqa mashhur shaharlarda bo‘lib, o‘tmishdagi aloqalarimizga guvohlik qilgan.

    Buxorolik Sayyid Ajal Shamsiddin Yuan sulolasi davrida Xitoyning Yunnan provinsiyasi gubernatori etib tayinlangan. Samarqandlik U Ju XIV asr o‘rtasida Xitoyning Nankin shahrida observatoriya qurilishida ishtirok etgan. Mamlakatlarimiz hozirgi vaqtga qadar ularni xitoy-o‘zbek xalqlari do‘stligi asoschilari va elchilari sifatida iliq xotira ila yodga oladi.

    O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan yirik davlat. Mustaqillik e’lon qilingandan boshlab o‘tgan 31 yil ichida mamlakatda davlat rivojlanishi va milliy tiklanish borasida yuksak natijalarga erishildi.

    Alohida ta’kidlash kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek xalqi Yangi O‘zbekistonni barpo etish sari buyuk yo‘lga tushib oldi. Turli sohalardagi islohotlar va taraqqiyot sur’ati jadal tus oldi. Mamlakat mutlaqo yangi qiyofaga ega bo‘ldi, munosib hayot sharoiti yaratilmoqda, respublikaning xalqaro maydondagi mavqei sezilarli ravishda mustahkamlandi. Samimiy do‘st va har tomonlama strategik hamkor sifatida muvaffaqiyatlaringiz bizni chin yurakdan quvontiradi.

    Joriy yil Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganining 30 yillik yubileyi asnosida o‘tmoqda. Shu davr mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik serhosil urug‘ misol yashnarib, bir-biriga hurmat, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik, o‘zaro yordam va manfaat tamoyili asosida rivojlanib, qizg‘in sur’atda o‘sdi va salmoqli natijalarga olib kela boshladi.

    Ikki mamlakat ishonchli do‘st va hamkor

    2016 yildan buyon biz Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv, telefon muloqoti va xabar almashish orqali doimiy yaqin aloqada sobitmiz. O‘rtada o‘zaro iliq amaliy munosabat, teran do‘stlik o‘rnatilgan. Davlatlarimiz bir-birini har tomonlama strategik hamkorlik ruhida muhim, umumiy manfaatli masalalarda, milliy taraqqiyot strategiyalarini ilgari surishda qo‘llab-quvvatlaydi, mintaqani rivojlantirishga qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlagan holda islohotlarni, shaffoflikni kengaytirish borasida o‘zaro tajrib almashmoqda.

    Umumiy taraqqiyot yo‘lidagi ishonchli sheriklar

    Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori, mamlakat iqtisodiyotiga yo‘naltirilayotgan investitsiyaning asosiy manbaidir. 2021 yil ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 8 milliard dollardan oshdi, joriy yil birinchi yarim yillikda qariyb 5 milliard dollarni tashkil etdi. Yillik savdo hajmi shahdam odimlar bilan 10 milliard dollarlik maqsad sari yaqinlashmoqda. “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik ham samarali rivojlanmoqda.

    Muhim qo‘shma loyihalar muntazam ilgari surilmoqda. “Xitoy – Markaziy Osiyo” gaz quvurining barcha 4 tarmog‘i O‘zbekiston hududidan o‘tadi. Qamchiq dovonida Markaziy Osiyodagi eng uzun temir yo‘l tonneli ishga tushirildi.

    Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil yo‘lagi va Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston temir yo‘lidan foydalanish salohiyati muttasil ochilib boryapti. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dadil qadamlar belgilab olindi.

    O‘zbekiston mintaqa ichidagi davlatdan mintaqadagi kommunikatsiya tarmog‘iga aylanmoqda. Bundan tashqari ikki mamlakat yangi energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi, moliya va zamonaviy telekommunikatsiya sohasida faol hamkorlik qilmoqda, bu xalqlarimizga foyda keltirmoqda.

    Ikki mamlakat tamaddunlararo muloqotni rivojlantirishda munosib o‘rnak bo‘lmoqda. Hamkorlikda turli qiziqarli tadbirlar, jumladan, san’at festivallari, gala-konsert, ko‘rgazma, seminarlar o‘tkazilmoqda.

    Talabalar almashish, adabiy asarlarni tarjima qilish va chop etish, kinematografiya, televizion dasturlarni tarjima va namoyish qilish, mintaqalararo aloqa va kadrlar tayyorlash singari sohalarda ham muttasil hamkorlik qilinmoqda. Bu esa o‘z navbatida xalqlarimiz yaqinlashuviga samarali xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda Xitoy O‘zbekiston uchun 6 500 dan ziyod mutaxassis tayyorlab berdi. Ular hozirgi kunda islohotlar va mamlakat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.

    Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutlaridan bir guruh xitoyshunos-mutaxassis yetishib chiqdi. Ular xitoy-o‘zbek do‘stligining haqiqiy elchilari hisoblanadi. Turizm sohasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Juda ko‘p xitoylik sayyohlar maftunkor O‘zbekistonni ziyorat qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.

    2013 yil Samarqandga amalga oshirilgan tashrifim davomida qadimiy Xiva shahrini arxeologik jihatdan tiklash loyihasi ishga tushirilishi e’lon qilingan edi. bugungi kunda mazkur loyiha muvaffaqiyatli yakunlanib, qo‘hna Xiva yangi, ko‘rkam qiyofaga ega bo‘ldi.

    Ikki mamlakat hamisha bir-biriga tug‘ishgan og‘a-inidek yordam beradi.

    Xitoy va O‘zbekiston bir-biriga nihoyatda zarur manfaatlar va mushtarak kelajak bilan bog‘langan. Mamlakatlarimiz nafaqat ikki tomonlama asos, balki SHHT va boshqa ko‘p qirrali maydonchalar doirasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda, tashqi ta’sirlarga birgalikda qarshi turmoqda. «Uch yovuz kuch»ga, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashmoqda, tezkor axborot almashinuvini rivojlantirmoqda, umumiy xavfsizlik yo‘lida kadrlar tayyorlash miqyosini kengaytirmoqda.

    Koronavirus infeksiyasi avj olgan vaqtdan boshlab ikki mamlakat birdamlik va o‘zaro yordam ruhida epidemiyaga qarshi hamkorlikni faollashtirdi. O‘zbekistonda pandemiya bilan kurashishda talab yuqori bo‘lgan Xitoy vaksinasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, hamkorlikda yaratilgan dori vositasini klinik qo‘llashga ruxsat berilib, ushbu preparat insonlar hayoti va sog‘ligining ishonchli himoyachisiga aylandi.

    Do‘stona almashinuvning ikki ming yillik tarixi va o‘zaro manfaatli aloqaning 30 yillik tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, har tomonlama hamkorlik mustahkamlanishi zamon talabi hamda ikki mamlakat va xalqning tub manfaatiga javob beradi. O‘tmish va kelajak chorrahasida turar ekanmiz, xitoy-o‘zbek munosabati kelajagidan umidimiz, ishonchimiz katta.

    Birinchidan, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va o‘zaro ishonchni mustahkamlash muhim. Strategik ahamiyat va uzoq muddatli manfaatlarni hisobga olgan holda yangi davrda xitoy-o‘zbek munosabatini rivojlantirish rejasini belgilab olish zarur.

    Xususan, yuksak va yuqori darajadagi aloqani faollashtirish, siyosiy o‘zaro ishonchni mustahkamlash, davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishni chuqurlashtirish, muhim manfaatlarga aloqador masalalarda bir-birimizni qat’iy qo‘llab-quvvatlash lozim. Xitoy O‘zbekistonning milliy voqeliklarga mos ravishda tanlangan taraqqiyot yo‘lini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, O‘zbekistonning ichki ishlariga tashqaridan aralashish bilan bog‘liq har qanday urinishga qarshi.

    Ikkinchidan, hamkorlikda rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash muhim. Ikki mamlakat milliy taraqqiyot strategiyalarini birlashtirishni jadallashtirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiya va yirik loyihalar sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish darkor. Yangi taraqqiyot yo‘lida Xitoy jadal sur’atda taraqqiyotning yangi arxitektonikasini shakllantirmoqda. Biz O‘zbekistonni oldinga tez odimlab borayotgan taraqqiyot “ekspressi” bortida ko‘rishdan mamnunmiz.

    O‘zbek birodarlarimiz bilan taraqqiyot imkoniyatini bo‘lishishga tayyormiz. Kelgusi yil “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusiga o‘n yil to‘ladi. Shu asnoda mamlakatlarimiz mavjud natijalar bilan yuksak taraqqiyotga erishish uchun sa’y-harakatni birlashtirishi, kambag‘allikni qisqartirish borasida hamkorlikni kengaytirishi lozim. Toki, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklik ikki mamlakat xalqiga ham katta foyda keltirsin.

    Xitoy O‘zbekiston bilan Global rivojlanish bo‘yicha tashabbusni faol tarzda hayotga tadbiq etish, hamkorlikdagi sa’y-harakat bilan rivojlanayotgan mamlakatlarning umumiy manfaatini himoya qilish, umumiy va muttasil rivojlanish, o‘zaro manfaatli hamkorlik va umumiy farovonlik tamoyili asosida taraqqiyot arxitekturasini shakllantirishga tayyor.

    Uchinchidan, xavf-xatar va tahdidlarni yengib o‘tish uchun xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhim.

    Mamlakatlarimiz xavfsizlik borasidagi hamkorlikni mustahkamlashi, tashqi kuchlarning mintaqa barqarorligiga rahna solishga bo‘lgan urinishlariga yo‘l qo‘ymasligi, taraqqiyot uchun qulay tashqi sharoitlar yaratishi lozim.

    Afg‘oniston — bizning umumiy qo‘shnimiz. Afg‘onistondagi tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik mamlakatlamiz manfaatlariga mos keladi. Xitoy O‘zbekistonning Afg‘oniston muammosini hal qilishdagi o‘ziga xos roli va ishtirokini yuksak baholaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan Global xavfsizlik bo‘yicha tashabbusni hamjihatlikda hayotga tadbiq qilish, yangi tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, tinchlik, barqarorlik va xalqaro adolatni himoya qilishga tayyormiz.

    To‘rtinchidan, xalqlarni yaqinlashtirish uchun madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish muhim. Insonlarning yaqinlashuvi muloqotga asoslanadi. Xitoy-o‘zbek do‘stlik aloqalari chuqur tarixiy ildizga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

    Biz OAV, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm, arxeologiya sohalaridagi va hududlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishimiz, o‘zaro madaniy markazlar ta’sis etilishi va Lu Ban nomidagi ustaxonalar ochilishini tezlashtirishimiz, keng miqyosli madaniy-gumanitar almashinuv chizmasini shakllantirishimiz, xitoy-o‘zbek munosabatini yangi cho‘qqiga olib chiqishimiz va ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlikni avloddan avlodga yetkazishimiz darkor.

    O‘zbekistonda men SHHTning Samarqand sammitida ham ishtirok etaman. Joriy yil SHHT Xartiyasi imzolanganiga 20 yil, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 15 yil to‘ladi.

    Ushbu hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan maqsad va tamoyillarga tayangan holda, Tashkilot «Shanxay ruhi» tamoyiliga muvofiq, a’zo davlatlar barqarorligi va hamkorlikda rivojlanishiga ko‘maklashmoqda, o‘zaro hurmat, tenglik va adolat, umumiy manfaatli hamkorlik bilan ifodalanadigan yangi turdagi xalqaro munosabatni yo‘lga qo‘yishda o‘rnak bo‘lmoqda. bugungi kunda SHHT nafaqat Yevroosiyo makonida, balki butun dunyoda muhim konstruktiv kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda.

    Noqulay epidemiologik vaziyatga qaramay, O‘zbekiston Tashkilotda raislik vaqtida a’zo davlatlar bilan intensiv almashinuv, aloqalarni amalga oshirmoqda, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmoqda, Tashkilotning sog‘lom va barqaror rivojlanishi dinamikasini asrashga xizmat qilmoqda. Biz buni yuksak qadrlaymiz.

    Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar bilan Samarqand sammiti yuksak darajada o‘tkazilishi, SHHTning mintaqa tinchligi, barqarorligi, taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi mushtarak taqdiri hamjamiyatini shakllantirishga ulkan hissa qo‘shishiga ishonchim komil.

    Yurakda intilish bo‘lsa, maqsadga eltuvchi yo‘l uzoq tuyulmaydi. Biz O‘zbekiston tomoni bilan diplomatik munosabat o‘rnatilgan kundan boshlab shakllangan ezgu an’anani davom ettirish, yangi tarixiy muhitda Xitoy va O‘zbekistonning mushtarak taqdiri bilan bog‘liq hamjamiyatni yaratish yo‘lidagi milliy taraqqiyot va tiklanish yo‘lidan birgalikda olg‘a odimlashga tayyormiz.

    Si SZINPIN,

    Xitoy Xalq Respublikasi Raisi,