Zero, u qishloq xoʻjaligi sohasidagi qirq besh yillik faoliyati davomida juda katta hayotiy va ilmiy tajribaga ega mutaxassis sifatida paxtachilik va gʻallachilik sohasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritib kelmoqda.
Lolaxon Murodovaning otasi Neʼmatjon aka Poloson qishlogʻidagi jamoa xoʻjaligining traktor parkida mexanik boʻlib ishlardi. Shu tufayli ham yosh Lolaxon otasining kasbiga juda qiziqardi. Maktab oʻquvchiligi paytidayoq, otasiga ergashib, traktorni boshqargan. Ana shu qiziqish tufayli u bilim yurtida mexanizatorlik kasbini egalladi. Shu kasbni egallaboq, dalada taxta terish mashinasini boshqardi. Oʻsha yiliyoq Oltiariqqa va viloyatga nomi ovoza boʻldi.
Oradan bir yil oʻtmayoq uni jamoa xoʻjaligining yoshlar paxtachilik brigadasiga rahbar etib tayinlashdi. Oʻt-olov qizning saʼy-harakatlari bilan bu brigadada har yili davlat rejalari muddatidan avval va ziyodi bilan bajarila boshlandi. Ana shularni hisobga olib, tuman rahbariyati uni boʻlim boshligʻi etib tayinladi. Boʻlimdagi qator muvaffaqiyatlar esa Lolaxon Murodovani “Nurobod” shirkat xoʻjaligi raisi darajasiga koʻtardi.
Oradan yillar oʻtdi. Qishloq xoʻjaligidagi islohotlar tufayli yurtimizda fermerlik harakati rivojlana boshladi. L.Murodova ham birinchilar qatorida hosildor yerlardan emas, aksincha, qumloq, dehqonchilik qilish ogʻir boʻlgan choʻl hududidan yer olib, yangi fermer xoʻjaligiga asos soldi va uni mahorat bilan boshqara boshladi.
L.Murodova mexanizatorlik qilib yurgan yillari ham, paxtachilik brigadasi va boʻlim boshligʻi, keyinchalik shirkat xoʻjaligi raisi vazifalarida ishlab yurgan yillarida ham qishloq hududidagi ekin maydonlarining past balandini atroflicha oʻrgangan edi. U hatto qish kunlari ham qadrdon dalasiga yoʻl olardi. Paykallarning meliorativ holatini yaxshilash, hosildorlikni yana-da oshirish, ihotazorlarni koʻpaytirish, tuproq unumdorligiga qarab urugʻ navini tanlash boʻyicha rejalar tuzar, bu rejalarni amalga oshirishning eng maqbul yoʻllarini oʻylardi.
Ana shu omilkorlik va tajribalarning barchasi unga fermer xoʻjaligi dalalaridagi dehqonchilik bilan shugʻullanish jarayonida juda as qotdi. Har bir ishning boshlanishi, muqaddimasi juda qiyin boʻladi. Bu xususda Lolaxon Murodovaning oʻzi shunday deydi:
- Fermer xoʻjaligiga asos solib, ishni yangi boshlaganimizdayoq bahor juda injiq keldi. Ayrim maydonlarda chigit ekish ishlarini ikki, uch martadan takrorlashga toʻgʻri keldi. Oʻzingizga maʼlum, bir marta chigit ekishning oʻziga qancha urugʻ, qancha ishchi va texnika kuchi, qancha yonilgʻi sarf boʻladi? Ana endi takror-takror ekilgandagi sarf-xarajatlarni koʻz oldingizga keltiravering. Buning ustiga, inson omili degan ibora ham bor. Qanchalar asab tolalari yemirilmaydi deysiz bunday vaziyatda...
Shunday deya Lolaxon Murodovaning nigohlari olislarga qadaldi. Bu nigohlarda nafaqat fermer xoʻjaligi oʻtmishining, balki oʻtgan umri davomidagi mehnat faoliyatining, mashaqqatli mehnatlarining, chekkan zahmatlarining tarixi mujassam edi goʻyo. Biroz oʻtgach esa bu nigohlarda, bu chehrada tabassum paydo boʻldi va qahramonimiz soʻzida davom etdi:
- Yaratganga beadad shukurki, gʻoʻzalarimiz baravj rivojlanib ketdi. Tinimsiz harakat qildik – Alloh harakatimizga yarasha barakot berdi. Oʻsha yili ishni mexanizatorimizning oʻziga tashlab qoʻymadim. Oʻzim ham ikkinchi traktorni minib, gʻoʻza qator oralariga peshma-pesh ishlov bera boshladim. Zero, seryogʻin kelgan bahordagi qatqaloqlarni zudlik bilan yumshatish shuni taqozo qilardi. Vaqt esa kutib turmas edi. Xayriyat, kuzda yuzimiz yorugʻ boʻldi: davlat shartnoma rejasini bir necha foiz ortigʻi bilan uddaladik.
Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, choʻl yerlaridagi hosildorlikni koʻtarish oson boʻlmadi. Fermer xoʻjaligi dastlab tashkil etilgan yillarida yerlarning har gektari arang 15-20 sentnerdan hosil berardi. Tajribali dehqon ayolning saʼy-harakatlari, mahorati, dehqonchilik ilmidagi izlanishlari har yili oʻz samarasini bera boshladi. Keyinchalik hosildorlik 35-40 sentnergacha, soʻnggi 4 yilda esa 55-60 sentnergacha koʻtarildi.
Rahmatli Neʼmatjon akaning shunday soʻzlari bor edi:
- Qizim, choʻlni izmingga solish oson ish emas. Qachonki, unga mehr bersang, undan istagan hosilingni olasan. Yerga koʻzboʻyamachilik qiladigan boʻlsang, u ham seni aldab qoʻyganini oʻzing bilmay qolasan. Shu tufayli ham, ona zaminga hamisha koʻz nuring bilan birga, qalb qoʻring va mehringni ham bergin.
Fermer ayol otasining oʻgitlariga to hozirgi kungacha amal qilib keladi. Hatto yerlarining hosildorligi 60 sentnergacha yetsa ham u bu hosildorlikni yana-da oshirish maqsadida izlanadi, intiladi, innovatsion loyihalar ustida bosh qotiradi. Natijani esa butun mamlakat koʻrib, bilib turibdi!
Fidoyi fermer peshona teri evaziga orttirayotgan daromadidan tumandagi ehtiyojmand oilalarni ham maʼnan, ham moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlaydi, har yili oʻnlab bolakaylarning sunnat toʻylariga bosh boʻladi. Shuningdek, hosildorlikni yana-da oshirish maqsadida turli texnika vositalari xarid qiladi. Oltiariqliklar fermer ayolni qoʻli ochiq, saxiy va saxovatpesha inson sifatida ham yuksak qadrlaydilar.
Jonajon mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami arafasida muhtaram Prezidentimizning Farmoni asosida Lolaxon Murodova Oʻzbekiston Qahramoni unvoni va Oltin yulduz medali bilan taqdirlandi. Bu yuksak unvon fidoyi ayolning yurtimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirish, Vatanimiz obodligi, turmushimiz farovonligini taʼminlash borasidagi ulkan xizmatlari, soʻnggi yillarda respublikamizda jadallik bilan olib borilayotgan tub islohotlar jarayonidagi tashabbuskorligi, davlat va xalq manfaatlarini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi fidokorona mehnatlari, ijtimoiy-maʼnaviy sohalardagi koʻp yillik samarali va ibratli faoliyati, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qoʻshgan katta hissasi, shuningdek, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun berilgan yuksak mukofot ekanligini alohida taʼkidlab oʻtish joiz.
Fidoyi fermer ayol dala ishlaridan ortib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, uning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi sifatida saylovchilarning muammolarini ijobiy hal etish, ularni hayotdan rozi boʻlib yashashlariga koʻmaklashishi yoʻlidagi fidoyiligi ham tahsinga sazovordir.
Shuni ham quvonch bilan taʼkidlamoqchimizki, mamlakatimiz Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev har safar Fargʻona viloyatiga tashriflari davomida, albatta, Oʻzbekiston Qahramoni Lolaxon Murodova bilan uchrashadilar, dildan samimiy suhbatlashadilar. Jumladan, davlatimiz rahbari joriy yil 4-5-fevral kunlari Fargʻona viloyatiga tashriflari davomida ham bu anʼana yana davom etdi.
Prezident Lolaxon Murodova bilan koʻrishar ekan, “Har safar xayolimda vodiyni eslaganda siz koʻzimning oldiga kelasiz. Har safar soʻrayman, sizning kulishingiz, ishonchingiz, fidoyiligingiz, namunaligingiz, haqiqatan ayollarga qahramonlik mehnatingiz bilan namuna koʻrsatganingiz uchun mening sizga boʻlgan hurmatim, eʼtiborim, mehrim, muhabbatim cheksiz”, dedilar davlatimiz rahbari mazkur suhbat davomida.
– Mazkur yuzma-yuz suhbatimizda Shavkat Miromonovich juda ham kayfiyatimni koʻtardilar. Bu uchrashuvdan behad mamnun boʻlib, hayotga, yashashga boʻlgan ishtiyoqim yana-da oshdi, – deydi Lolaxon Murodova.
Maqolamizni Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Xalq shoiri Enaxon Siddiqovaning Oʻzbekiston Qahramoni Lolaxon Murodova haqida yozgan sheʼriy dostonidagi quyidagi parchalar bilan yakunlashni lozim topdik:
Uning ham koʻnglida bor edi bir ishq,
Bir yoniq sevgiga intiq bir yurak.
Lekin Vataniga boʻldi chin oshiq,
Shu yurtni gullatib, baxt topdi beshak.
Uning ham koʻksida bir ishqning yodi,
Toʻlgʻanib oqqandir qirmiz olmaday.
Lekin u ishqini tuproqqa ekdi,
Berdi oʻzigamas, Vatanga chiroy.
Boqing, gul koʻnglining kiygani oltin,
Sochiladi zarlar qora chanoqdan.
Tirnoqlari bir bor xina koʻrmagan –
Baxt yigrilib borar elga barmoqdan.
Lola yechib qoʻygan “kirza” etikni
Kibor oyogʻimga kiygim keladi.
Koʻtara olarmi yelkam zil yukin,
Oʻtgan shu umrimga vahmim keladi.
Lek “kirza” etigin yechmaydi Lola,
Yechmas hech ustidan kuylagini chit.
Har tong yuvib berar shudringda dala,
Etigini moylab beradi chigit.
Bilmas, u eliga gʻoyat suyukli,
Ozod, hur Vatanning erka qizidir.
Dalalar bagʻrida uning koʻksi tik,
Vatanning halollab turgan tuzidir.
Ha, Lolaxon opa bugun chin maʼnoda vodiyning barq urib ochilib turgan goʻzal lolasidir! Bugun bu lola nafaqat vodiyga, balki butun Oʻzbekistonga koʻrk bagʻishlab turibdi.
Adhamjon RAHMONOV,
Shohsulton TOʻXTAMATOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzolari.