Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish choralari

    Fikr 13 Aprel 2024 165

    Dunyoda insoniyat yaralgandan buyon jinoyatlar sodir etib kelinadi.

    Jinoyatlarga qarshi kurashish yoki oldini olish, jinoyatlarga jazo tayinlashda turli jamiyatlar o‘z urf-odatlari, yashash tarzidan kelib chiqqan holda turli uslublar qo‘llashadi. Barcha jamiyatlar uchun asosiy o‘lchov shuki agar ma’lum hududda u yoki bu jinoyat sodir etilishi soni ortib ketsa demak jamiyatni tartibga soluvchi mexanizmning ayrim joylarida muammo mavjuddir. Ushbu muammolarni oldini olish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish mumkin. Demak muammoning ildiziga nazar tashlash va unga urg‘u qaratish orqali jinoyat sodir etilishi va jinoyatchi shaxs shakllanishini ertaroq oldini olish, zarur chora-tadbirlarni qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi.

    Yurtimiz aholisining sezilarli qismini yoshlar tashkil etishini e’tiborga olgan holda yoshlar tomonidan, ayniqsa voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni oldini olish ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra yurtimizda 9 685 564 nafar 14-30 yoshli yoshlar mavjud. Voyaga yetmaganlar tomonidan bir qancha jinoyatlar sodir etilishi mumkin, masalan birgina 2022-yilning o‘zida 13-17 yoshli jami 3112 nafar voyaga yetmagan shaxslar jinoyat sodir etishgan. Ammo eng ko‘p sodir etilayotgan va kelasi jinoyatlar uchun debocha vazifasini bajaruvchi jinoyat turlaridan biri bu shubhasiz bezorilik jinoyati hisoblanadi. Masalan 2022-yilda jami 2574 ta bezorilik jinoyati qayd etilgan. Bu degani bir kunda o‘rtacha 7 ta bezorilik jinoyatlari rasmiy qayd etiladi. Latentlikni ham hisobga olsak bu miqdor yanada ortishi mumkin. Bugungi kunda yoshlar siyosatiga hukumat tomonidan katta e’tibor qaratilishi, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishlarini tashkil qilish uchun kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi sovrinli loyihalar, mashhur insonlar ishtirokida turli ko‘ngil ochar tadbirlar o‘tkazilib kelinishidan ko‘zlanayotgan asosiy maqsadlardan biri ham yoshlar, xususan voyaga yetmaganlarning jinoyat yo‘liga kirib qolishini oldini olish, ularni jamiyatda sog‘lom muhitda tarbiyalash va yurtimiz ravnaqi uchun xissa qo‘shishga har taraflama tayyor intellektual rivojlangan shaxslarni yetishtirishdir.

    Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining o‘ziga xos tomonlari haqida so‘z yuritishdan avval jinoyat o‘zi nimaligi haqida qisqacha ma’lumot berish orqali kirish yasash o‘rinli hisoblanadi. Jinoyat deganda, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksi 14-moddasida belgilanganidek kodeks qo‘riqlaydigan obyektlarga, masalan, inson hayoti, sog‘lig’i, sha’ni, mulki, erkinligi va boshqalarga zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazish xavfini vujudga keltiradigan aybli ijtimoiy xavfli qilmish, jazo qo‘llash tahdidi bilan jinoyat deb topiladi deb ko’rsatilgan. Ya’ni qilmishning ijtimoiy xavfliligi, aybning mavjudligi hamda uning jazoga sazovorligi jinoyatning ajralmas belgilari hisoblanadi. Ma’lum bir qilmishni ijtimoiy xavfli deb belgilab, uni jinoyat deb atash har bir davlatdagi o‘ziga xos jarayon hisoblanadi. Bunda davlatlarning urf-odati, diniy tushunchalari, axloqi hisobga olinadi. Shunga ko‘ra ba’zi harakatlar ayrim davlatlarda jinoyat deb qaralsa ayrim davlatlarda normal hodisa deb qabul qilinishi mumkin.

    Ta’kidlash joizki, qo‘yilgan barcha vazifalarning negizi bo‘lib, eng avvalo, inson huquqlari himoyasining kafolatlarini so‘zsiz ta’minlash, qonun hamda adolat ustuvorligini qaror toptirish hisoblanadi. Shu bois bizdan ushbu mas’uliyatli vazifalarni bajarish uchun o‘z vakolatlarimiz, bilimimiz, tajribamiz va bor imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etish, bunda asosiy e’tiborni huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda oldini olishga qaratish va bu borada bir qancha vazifalarni amalga oshirish, huquqiy mexanizimni ham takomillashtirish talab etiladi.

    Shulardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 29-sentabrda qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar O‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi va O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida” gi, 2016-yil 16-sentyabrdagi “Ichki ishlari organlari to‘g‘risida” gi Qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil
    14-martdagi Q-2833-sonli “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Q-2833-son qarori bilan tasdiqlangan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiya to‘g‘risida”gi nizom, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi”, “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar to‘g‘risida”gi nizom, “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya tarkibi”, “Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi to‘g‘risida”gi nizom, “Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi”, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018-yildagi 23-avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shahsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Q-3919-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Q-3528-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018-yil 19-iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3786-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining
    2018-yil 24-dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4075-son farmoni qabul qilindi.

    O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan ta’lim-tarbiya, huquqbuzarlikning oldini olish jarayonlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilinib, hayotga faol tadbiq etilmdi. Ushbu dasturning to‘rtinchi tarmog‘i “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari”, deb nomlandi. Ushbu islohatlarning davomi sifatida 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot Strategiyasining qabul qilinishi natijasida yoshlar va ayniqsa voyaga yetmagan yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish ishlari alohida ilgari suriladi.

    Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining hozirgi kundagi xavotirli holati voyaga yetmaganlar huquqbuzarligining oldini olish, shunday huquqbuzarligini aniqlash va profilaktik ishlarni olib borishning sifatini oshirishni taqazo etmoqda.

    Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi umumiy jinoyatchilikdek aynan ijtimoiy hodisa, chunki aynan ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar tufayli paydo bo‘lgan sharoitlar natijasida voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi oshmoqda.

    Oxirgi paytlarda ko‘pgina oilalarda voyaga yetmaganlar tarbiyasiga eptibor susaydi, natijada shu oilalardan chiqqan voyaga yetmaganlar kelajakka ishonch tuyg‘usini yo‘qotishadi.

    Jamiyat bu negativ jarayonlarning passiv kuzatuvchisi bo‘la olmaydi, hattoki mana shunday o‘tish davrining kiyinchiliklarida ham, u o‘sib kelayotgan yosh avlodning boshiga tushgan tashvishlarini kamaytirishga, ularni yengishga yosh avlodga ko‘maklashishga harakat qilmoqda.

    Voyaga yetmaganlarning huquqqa xilof qilmishlari faqatgina moddiy tomondan emas, balki ijtimoiy va axloqiy tomonlardan ham zarar yetkazadi. Bundan tashqari, shuni aytish kerakki, voyaga yetmaganlarning ancha qismi oxirgi vaqtlarda borgan sari ko‘proq jinoyat sodir etib, ularning anchalari retsidivist bulmoqdalar. Fikrimizcha, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga oid profilaktik ishlarida aynan aniqlik yetishmayapti, ya’ni voyaga yetmaganlar jinoyatchiligini oldini olishda mahalliy sharoitlarning o‘ziga xos xususiyatlari, shaxsning alohida xususiyatlari va uning o‘zgarib turgan vaziyatlar va hokazalar.

    Xulosa sifatida aytish kerakki voyaga yetmaganlar jinoyatchiligini oldini olish uchun nafaqat davlat organlari, balki nodavlat tashkilotlar, uyushmalar, jamiyat va birlashmalar va boshqalarning o‘zaro yaqin hamkorligi, ularga ijtimoiy ko‘mak berishning turli usullarini qo‘llash, profilaktik ishlarni va boshqa tegishli tadbirlarni amalga oshirish lozim. Shuningdek, yosh avlod tarbiyasiga ham g‘oyat katta e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiq.

    S.B.Suvanov,

    Toshkent viloyat Mamuriy sudining sudyasi