Bugungi Oʻzbekiston tarixiy oʻzgarishlar pallasida yashayapti. Har bir kun — yangilanish, har bir qaror — taraqqiyot, har bir tashabbus — xalq farovonligi uchun xizmat qilayotgani ayni haqiqat. Hozirgi keng koʻlamli islohotlar zamirida inson qadrini ulugʻlash, har bir fuqaroning hayotini isloh etish, odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlash, kelajak egalarini bunyodkor kuch etib tarbiyalashdek olijanob maqsadlar mujassam.
Joriy yil 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida islohotlar natijasi, hududlardagi ishlarning barori, ayniqsa, xalqimizni oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish borasidagi dolzarb vazifalar aniq va chuqur tahlil etildi.
Intizom — islohotlar yuzi
Davlatimiz rahbari sanoat, eksport va investitsiya sohalarida erishilgan ulkan yutuqlarni eʼtirof etdi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechilmayotgani, mahalliy rahbarlarning tashabbuskorlik koʻrsatmayotganini qattiq tanqid qildi. Prezidentimizning “Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat” degan soʻzlari rahbarlar qalbiga muhrlanishi, faoliyatida mayoq boʻlishi shart. Bu nafaqat burch, balki vijdon amridir.
Amir Temur bobomiz “Mamlakat ahvolidan, fuqarolarning tinch-osoyishtaligi va farovonligidan xabardor boʻlmoq, ularning arz-dodini tinglab, muammolarini hal etishga kirishmoq — davlat boshligʻining asosiy vazifasidir”, degan. Sohibqiron saroyida el-ulusning murojaatiga doim quloq tutilgan, shikoyatlari bevosita hukmdorga yetkazilgan va adolatli yechim topilgan. Mirzo Ulugʻbek davrida ham ilmu fan rivoji bilan birga xalq farovonligiga katta eʼtibor qaratilgan. Alisher Navoiy “Xamsa”sida adolatli hukmdor obrazini yaratar ekan, xalq dardiga quloq solish, hayotini yaxshilash — podshohning eng muhim vazifasi ekanini uqtirgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”sida ham xalq bilan muloqot qilish, ahvolidan xabar olish, muammolarini hal etish borasidagi misollar koʻp uchraydi. Buyuk bobolarimizning davlatni boshqarishdagi asosiy tamoyili xalqparvarlik, adolat va insonparvarlik boʻlgan. Bugungi islohotlar ham xuddi ana shu azaliy qadriyatlarga tayanib, yangicha mazmun bilan boyimoqda.
Yigʻilishda ijro intizomini mustahkamlash, xalq muammolari bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishi alohida qayd etildi. Endi Hisob palatasi ijro intizomiga masʼul boʻladi, uning vakolatlari kengaytiriladi. U nafaqat mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishini kuzatadi, balki har bir qarorning ijrosi natijadorligini tahlil qilib, kamchiliklarni aniqlaydi va takliflar kiritadi. Bu esa mablagʻlarning har bir tiyini xalq manfaatiga xizmat qilishini taʼminlaydi.
“Xalq nazorati” — shaffoflikning haq yoʻli
Endi aholi bilan muloqotni kuchaytirish, muammolarini joyida, tezkor hal etish maqsadida “Xalq nazorati” elektron portali ishga tushiriladi. Bu tizim aholiga oʻz hududidagi qurilish, obodonlashtirish va infratuzilmadagi muammolarni suratga olib, aniq manzilini koʻrsatgan holda mobil ilova orqali portalga yuborish imkonini beradi. Har bir muammoning yechimi fotosurat bilan tasdiqlanadi, hokimlar faoliyati esa kunlik baholanadi. Ushbu tizim murojaatlarning yagona platformasi boʻlib, barcha vazirlik, idora va hokimliklarni birlashtiradi.
Yana bir muhim amaliyot — endi Xalq qabulxonalariga tuman va viloyat hokimlarining oʻzlari rahbarlik qiladi. Murojaatni bir idoradan ikkinchisiga yuborishdek eski amaliyotga chek qoʻyilib, masalani shu yerning oʻzida hal etish vakolati kengaytirildi. Bu choralar qogʻozbozlik va byurokratik toʻsiqlarni yoʻq qilib, murojaatlarni tez va samarali hal etishga xizmat qiladi.
Mahalliy boshqaruv tizimida yangi tajriba
Yigʻilishda mahalliy boshqaruv tizimida ham chuqur oʻzgarishlar belgilandi. Har bir hokimga 4 oʻrinbosar biriktirilib, rivojlanish rejasiga qarab, barcha masala tegishli oʻrinbosarlarga hokim tomonidan belgilab beriladi. Hokim va oʻrinbosarlarining aniq vazifalari moliyaviy taʼminot bilan belgilanadi. Agar ular samarali ishlasa, keyingi yildan hududga beriladigan mablagʻ 10-15 foiz koʻpaytiriladi. Aks holda, mablagʻ oshirilmaydi va masʼul rahbar ishdan ketadi. Bu tizim rahbarlarni masʼuliyatini oshirishga, faoliyatiga yanada jiddiy yondashishga undaydi.
Tumanda “Islohotlar shtabi” tuzilib, 3 oy ichida tumanning 38 ta mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba va kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlanadi. Kelgusi yil uchun byudjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi. Bu yangi tajriba kelgusi yildan butun respublikada qoʻllanadi.
“Yashil hudud”lar va shaharsozlikdagi yangicha qarash
Hududlarda “yashil hudud”, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlarini boshqa maqsadlarda berib yuborish holatlari aniqlanib, joyiga qaytariladi. Koʻp qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga berish boʻyicha hokimlarning qarorlari oʻrganilib, qonunga zidlari bekor qilinadi.
Bundan tashqari, tumanlarda boshqaruv tizimi ham oʻzgaradi. Bu tizim yil yakunigacha Surxondaryo viloyatida toʻliq, qolgan hududlarda jadal rivojlanish belgilangan 16 ta tuman va shaharda joriy etiladi. Sirdaryo tumani misolida kompleks rivojlantirishga masʼul 9 ta vazirlikning tuman boʻlimi hokimlik tizimiga oʻtadi. Ulardagi jami shtatlar qisqartirilib, ishga olish va lavozimidan ozod etish boʻyicha tegishli qarorlar hokim tomonidan qabul qilinadi. Sirdaryo tumani ixtiyoridagi maʼmuriy va moliyaviy jarimalar, soliq tekshiruvlari boʻyicha penya, toifasi oʻzgargan qishloq yerlari uchun kompensatsiya, oʻrmon yerlari hududlarining ijara toʻlovlari, koʻrsatilgan davlat xizmatlaridan tushgan mablagʻlarning bir qismi qoldiriladi. Bu mablagʻlar mahalliy byudjetni mustahkamlashga va aholining ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltiriladi.
Ish fuqaro roziligidan boshlanadi
Soʻnggi yillarda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, muammolarga yechim izlash barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, taʼlim sohasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish orqali yoshlarimizning ilm olishiga, bilim va salohiyatlarini yuzaga chiqarishiga imkoniyatlar eshigi keng ochilmoqda. Bu borada Fargʻona davlat universiteti jamoasi ham oʻz vazifalarini sidqidildan bajarib kelmoqda.
Murojaatlarning belgilangan talablarga muvofiq koʻrib chiqilishi taʼminlanmoqda. Oliygohning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring boʻlimi xodimlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun hamda aholini qabul qilish, fuqarolarning murojaatlari va muammolarini samarali hal etish tizimini takomillashtirish yuzasidan tuzilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ochiqlik, shaffoflik, xolislik tamoyili asosida faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil boshidan hozirgacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan jami murojaatlar 36 tani tashkil etgan boʻlsa, universitet vakolatiga doir 8 tasi ijobiy hal etilgan. Universitet vakolati doirasidan tashqari 17 ta murojaat egasiga huquqiy tushunchalar berish va boshqa hal etuvchi organlarga yoʻnaltirish orqali talabi qondirilgan. Shuningdek, 11 ta murojaat hozir belgilangan tartibda oʻrganilmoqda.
Bundan tashqari, universitet rahbariyati hamda fakultet dekanlarining shaxsiy qabuli, mahallalararo hamkorlik, onlayn qabul, sayt, murojaat botlari, elektron pochta hamda ishonch telefoni orqali kelib tushayotgan murojaatlarning har birida koʻtarilgan muammolar oʻrnida hal etilmoqda.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Ishni fuqaro roziligidan boshlash — biz uchun qatʼiy oʻlchov”. Xalq dardi bilan yashash, uning muammosini oʻz vaqtida va samimiy yechish — har bir rahbarning vijdoniy burchidir. Fargʻona davlat universiteti jamoasi bu tamoyilni oʻz faoliyatiga yoʻl koʻrsatkich deb bilib, islohotlar samaradorligini oshirishda boshqalarga namuna boʻlishga intilmoqda.
Videoselektorda belgilangan ustuvor vazifalar — ijro intizomi, xalq bilan muloqot, investitsiya va bandlik barchamizdan mushtarak harakat, aniq javobgarlik talab qiladi. Demak, taʼlim muassasalari, xususiy sektor, mahalliy kengashlar va siyosiy partiyalarning jips harakatigina bugungi beqaror geoiqtisodiy sharoitda ham barqaror rivojlanishni taʼminlashga qodir.
“Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat” degan daʼvat har birimiz uchun ish uslubi, hayot tarziga aylanishi shart. Bu daʼvat faqat soʻzda emas, amalda, qalbdan chiqqan holda namoyon boʻlishi lozim. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning orzu-umidlari mujassam. Ana shundagina yangi Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishi, xalqimizning farovon va baxtli hayot kechirishi taʼminlanadi.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
pedagogika fanlari doktori, professor









