Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi davriga qadam qoʻygan ayni paytda inson kapitaliga sarmoya kiritish, taʼlimni isloh qilish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” gʻoyasi asosida umummilliy taʼlim-tarbiya tizimini tubdan yangilashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha eʼlon qilingan “2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori uzoq yillar davomida umumtaʼlim muassasalarida yuzaga kelgan muammolarning tizimli yechimiga yangicha yondashuvni qoʻllashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Shu paytgacha maktab taʼlimini qamrab oluvchi va oʻqitish mazmunini yaqqol ifodalaydigan yaxlit dastur ishlab chiqilmagandi.
Mazkur farmonga binoan, maktab taʼlimiga ilgʻor xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan milliy oʻquv dasturini joriy etish, zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritish, jamiyatda oʻqituvchining nufuzini oshirish, ularga qulay ijtimoiy sharoit yaratish va mehnatini munosib ragʻbatlantirish, kasbiy rivojlanishga talabchanlikni oshirish, alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim jarayonini jadallashtirish, zamonaviy modellar boʻyicha maktablar qurish va rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash kabi qator yoʻnalishlarni oʻz ichiga oluvchi milliy dastur tasdiqlandi. Taʼlim sohasidagi islohotlarning uzviy davomi sifatida koʻrilayotgan bu kabi chora-tadbirlardan yagona maqsad farzandlarimizni har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, ertangi kunimiz suyanchi va tayanchi boʻla oladigan insonlar sifatida kamol toptirishdir.
Xalq taʼlimi vazirligi Prezidentimiz imzolagan farmon va qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun kelgusida amalga oshiriladigan qator ishlarni rejaga kiritdi. Jumladan, besh yil ichida maktab taʼlimiga yangi va zamonaviy darsliklar kiritiladi. Oʻquv jarayoniga ilgʻor xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan milliy oʻquv dasturi toʻlaqonli joriy etilib, mahalliy va xorijlik mualliflar yaratgan zamonaviy darsliklardan foydalaniladi.
Mamlakatimizda oʻqituvchilar nufuzini oshirish, ular uchun qulay ijtimoiy sharoit yaratish va mehnatini munosib ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bunga javoban oʻqituvchilar ham taʼlim va tarbiya berishdagi masʼuliyatini oshirib, kasbiy rivojlanish boʻyicha oʻz ustida doimiy ishlashiga imkoniyat yaratiladi. Shu bilan birga, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun kadrlar milliy zaxirasi shakllantirilib, ilgʻor maktab direktori va namunali oʻqituvchi mezonlari ishlab chiqiladi. Ular asosida rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, maktab direktorligi uchun nomzodlarni sertifikatsiyadan oʻtkazish tartibi joriy qilinadi. Maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejerlik sertifikatiga ega shaxslar orasidan tanlab olinadi.
Prezidentimizning mazkur qaroriga koʻra, har oʻquv yili yakunida reyting doirasida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida olib borilayotgan tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yaxshilash mezonlari belgilab berildi. Bunda maktab bilan birga ota-onalarning ham rolini oshirish, bola tarbiyasiga barcha birdek masʼul ekani alohida koʻrsatib oʻtildi. Shunday ekan, oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni qiziqishi asosida zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish tizimini yoʻlga qoʻyishda ota-ona va maktab hamkorligi yanada mustahkamlanadi.
Endi maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun maxsus komissiyalar tuziladi hamda ularning xulosasiga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reyting koʻrsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Joriy yil 1-sentyabrdan yurtimizning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Namunali maktab” reytingi shakllantiriladi va eʼlon qilib boriladi.
Reyting koʻrsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻriladi. “Qizil” toifaga kirgan maktablarni asta-sekinlik bilan “sariq” va “yashil” toifaga oʻtkazish uchun taniqli sanʼatkorlar, tadbirkorlar yoki kasb-hunari bilan jamiyatda obroʻ qozongan insonlar taʼlim maskanlariga yanada koʻproq jalb etiladi. Bunday mashhur insonlar oʻquvchilar bilan suhbatlashib, hayotiy tajribalari bilan bolalarning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirishni koʻzlaganmiz.
Eʼtiborli jihati shundaki, avvallari kompyuter sinflarini byudjet mablagʻlaridan xarid qilish imkoniyati yoʻq edi. Endi shunday imkoniyat mavjud. Maktablarimizdagi besh yarim mingga yaqin kompyuter sinfini yangilash orqali oʻquvchilarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan IT soha boʻyicha mutaxassislar etib tayyorlashda muayyan natijaga erishamiz. 2023-2024-yillarda maktablardagi maʼnan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash uchun 400 milliard soʻm ajratiladi. Shuningdek, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab 400 nafargacha oʻquvchisi boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida internet tezligi kamida 40 Mbit/s, oʻquvchilar soni 400 nafardan yuqori boʻlganlarda kamida 100 Mbit/s boʻlishi taʼminlanadi.
Shu paytga qadar aksariyat oʻquvchilar mehnat bozoridagi imkoniyatlar haqida maktabni tamomlagandan soʻng maʼlumotga ega boʻlar edi. Endi oʻgʻil-qizlar kasb tanlashda yanada ongli yondashadi. Qarorda oʻquvchilar maktabda taʼlim olish jarayonidayoq mehnat bozoridagi kasblar haqida barcha maʼlumotlarni olishi zarurligi asosiy vazifalardan biri deb koʻrsatilgan. Biz bu vazifani masʼuliyat bilan bajaramiz. Kerak boʻlsa, maktab oʻquvchilarining mana shu kasb egalari bilan muloqotga kirishishini toʻliq taʼminlaymiz.
Oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan asosiy masalalardan yana biri — boshlangʻich sinf darsliklarida ham bolalarga kasblar haqida maʼlumot berib borish. 6, 7, 8-sinf oʻquvchilari uchun kasb egalari bilan uchrashuvlar, zarur hollarda ishlab chiqarish korxonalariga sayohat tashkil etiladi. Yuqori sinflarda esa oʻgʻil-qizlarning psixologik imkoniyati va qiziqishidan kelib chiqib, ularni kasbga yoʻnaltirishga eʼtibor qaratiladi.
Mamlakatimiz taʼlim tizimida ilk bor oʻquvchilarning fanlarni tanlashiga ruxsat berilmoqda. Milliy oʻquv dasturi asosida maktablarda darsliklar, mashq daftarlari hamda pedagoglar uchun oʻquv qoʻllanmalari yaratiladi. Muallimning qoʻlida tayyor oʻqituvchi kitobi, internet, metodik qoʻllanma boʻladi. Sifatli, yorqin ranglardagi darsliklar oʻquvchilar uchun ham xuddi shu tartibda tayyorlanyapti. Bu darsliklarda taʼlim bilan birga baxt va muvaffaqiyatga erishish sirlari ham oʻrgatiladi.
Milliy dastur oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oʻqituvchi kasbi nufuzini va sifat tarkibini oshirish, darslik lar va oʻquv-metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq taʼlimi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini joriy etish maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda yangi oʻquvchi oʻrinlarini yaratishda katta ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz qaroriga koʻra, maktablarda xalqaro tan olingan sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz, milliy test tizimida olingan sertifikatga ega oʻqituvchilarga 20 foiz ustama toʻlanadi. Bu ham oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlashi, malakasini muntazam oshirib borishiga ragʻbat beradi.
Uzoq yillar mehnati munosib ragʻbatlantirilmagan kutubxonachilarga ham davlatimiz rahbari farmonida alohida eʼtibor qaratildi. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari kutubxonalari va “Bolalar kutubxonalari” xodimlarining lavozim maoshi miqdori 20 foiz, yaʼni 1,2 barobar oshirilishi ham farzandlarimizning maʼnaviy kamolotiga xizmat qiladi.
Sohada joriy qilinayotgan yangiliklardan oʻqituvchi-pedagoglarni bevosita xabardor qilib borish, shuningdek, oʻquvchilarning bilimi va tafakkurini oshirish, maʼnaviy-intellektual salohiyati, dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida mahalliy hokimliklar maktablarni faqat xalq taʼlimi yoʻnalishidagi bosma nashrlar bilan taʼminlaydi.
Yana bir eʼtiborli jihati, ilk bor maktablarda Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda oʻquv jarayoniga xalqaro tan olingan taʼlim dasturlarini joriy qilish, shu darsliklarni tanlashga (ona tili, adabiyot, tarix, tarbiya va huquq fanlaridan tashqari) ruxsat berilmoqda. Bu, albatta, taʼlim sifatini oshirishga juda katta imkoniyat beradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Baxtiyor SAIDOV,
Oʻzbekiston respublikasi xalq taʼlimi vaziri