Bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, katta kuch va mablagʻ yoʻnaltirilyapti. Buni bugun Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyati misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Universitetda Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida nazarda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilangan.
Taʼlim sifatini hamda oʻqituvchilar ilmiy salohiyatini oshirish, universitetning xalqaro tashkilotlar reytingidagi oʻrnini yuksaltirish shular jumlasidan.Soʻnggi bir yil mobaynida 30 dan ortiq dissertatsiya himoya qilindi, universitetning ilmiy salohiyati 38 foizga yetdi, professor-oʻqituvchilarning 70 dan ortiq maqolasi xalqaro oliy attestatsiya komissiyasi hamda nufuzli Scopus xalqaro ilmiy bazasiga kiritilgan jurnallarda chop etildi.
Taʼlim muassasamiz Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 15-avgustdagi qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik instituti sifatida tashkil etilgan, 2013-yilda esa Toshkent davlat yuridik universitetiga aylantirilgan. Shu yil uning tashkil topganiga 30 yil boʻladi.
Adliya vaziri Toshkent davlat yuridik universitetining 30 yilligini nishonlash toʻgʻrisida buyruq qabul qildi. Ayni paytda universitetda ana shu sanani nishonlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 29-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan maqsad-vazifalar ijrosi doirasida universitetda Nagoya universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlikda Yapon huquqini oʻrganish markazi tashkil etildi.
Ushbu markaz yapon tili va huquqini biladigan malakali kadrlar tayyorlash, akademik almashinuv va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borishga koʻmaklashadi. Shuningdek, oʻtgan yil Regensburg universiteti (Germaniya) bilan hamkorlikda nemis tili va huquqini biladigan malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazi ish boshladi.
Xitoy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda xitoy huquqini oʻrganish markazi tashkil etildi. Yetakchi yapon, nemis va boshqa chet ellik olimlarning yuridik fanlar boʻyicha oʻquv adabiyotlari turkumini davlat tiliga tarjima qilish va chop etish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilyapti.
2021-2022-yillarda xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda professor-oʻqituvchi va talabalar almashinuvi hamda stajirovkalarni tashkil etish doirasida ham muhim ishlar yoʻlga qoʻyildi. Har bir fakultetga chet ellik mutaxassislar, professorlar, xorijiy til boʻyicha pedagoglar jalb qilindi.
Markazlar faoliyati, xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashish hamda nufuzli xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik masalalari xorijiy tillarni puxta egallash darajasi bilan bevosita bogʻliq. Qolaversa, bu davr talabi boʻlib qolmoqda.
Bugungi kunda davlatimiz va fuqarolarimiz haq-huquqlarini chet el va xalqaro tashkilotlar darajasida himoya qilish zarurati paydo boʻlmoqda va bu talab bundan keyin yana-da oshishi shubhasiz. Masalan, hozirgi kunda xalqaro arbitrajlarda oʻz pozitsiyasini qatʼiy bildira oladigan, mamlakatimiz va fuqarolarimiz haq-huquqlarini dadil himoya qiladigan malakali yuristlarimiz yoʻq hisobi.
Shu bois, davlatimiz chet el va xalqaro sudlarda oʻz manfaatini himoya qilish uchun xorijiy yuridik konsalting firmalar yordamiga tayanishga majbur boʻlmoqda. Xalqaro darajadagi malakali yurist boʻlish, xorijiy yuridik kompaniyalar, xalqaro arbitraj ish yurituvida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritish uchun xorij tilini mukammal bilish zarur. Bu esa asosiy mutaxassislik bilan birga xorijiy tillarni ham mukammal biladigan yuridik kadrlar tayyorlashni taqazo qiladi.
Shu sababli universitetning xorijiy tillar kafedrasi boshqa fakultet va kafedralar bilan oʻzaro hamkorlikda talabalarni chet tillarni oʻrganishga keng jalb qilish, qiziqishlarini oshirish maqsadida yangi, zamonaviy va innovatsion metodlarni qoʻllashga harakat qilmoqda.
Jinoiy odil sudlov fakulteti yuridik adabiyotlarni tarjima qilish uchun ingliz va oʻzbek tillarini puxta biladigan talabalar jamoasini tuzyapti. Talabalar unga aʼzo boʻlib, ingliz va oʻzbek tillaridagi huquqiy terminlarning asl va muqobil shakllari, sohaga oid xalqaro huquqiy adabiyotlarni oʻqib-oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi.
Shuningdek, bu talabalar Sweet & Maxwell kitoblari tarjimonlari roʻyxatiga kiritiladi. Taʼlim maskani tayyorlayotgan yuridik kadrlarning xalqaro darajada yetuk mutaxassislar boʻlib yetishishida xorijiy tillar boʻyicha professor-oʻqituvchilar ham faol ishtirok etadi.
Oybek TOSHMATOV,
TDYUU xorijiy tillar kafedrasi mudiri