Mamlakatimizda yoshlarning chet tilidan savodxonligini oshirishga qaratilgan bir qancha oʻquv kurslari samarali faoliyat yuritmoqda. Ammo ularning aksariyati boshlangʻich bilim yoki IELTS oʻquv kurslaridan iborat. Aynan ilmiy-tadqiqot egalarining bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan akademik oʻquv kurslari mavjud emas. Bunday kurslar bor boʻlsa ham ular til oʻrganuvchilardan yaxshigina mablagʻ talab etishi turgan gap.

Mana shu muammoni hal etish, yurtimizdagi olimlarning bilimini global miqyosida keng namoyish qilish hamda olimlarga koʻmaklashish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan “English for science” loyihasi asosida ingliz tili kurslarning akademik darajasini mukammal egallashga qaratilgan bepul oʻquv darslari yoʻlga qoʻyildi.

Oʻta masʼuliyatli vazifani amalga oshirish esa Ilmiy-texnik axborot markazi yetakchi mutaxassisi, The London College of IT and Commerce kolleji sobiq oʻqituvchisi Nurullaxon Nazrullayevga topshirilgan.

U bilan suhbatimiz mamlakatimizdagi yosh tadqiqotchi va olimlarning ingliz tili boʻyicha bilimini yana-da oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar xususida boʻldi.

— “English for science” loyihasi haqida gapirib bersangiz. Bu olimlarimiz uchun nechogʻli ahamiyatli?

— Jahonning yetakchi davlatlarida taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi bejiz emas. Chunki mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlar bilan chambarchas bogʻliq. Afsuski, yurtimizda olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar jahon arenasiga chiqa olmayapti. Natijada mamlakatimizda ilm-fan rivojidagi keskin oʻzgarishlar global miqyosda maʼlum boʻlmayapti. Buning asosiy sababi sifatida olimlar oʻrtasida ingliz tilini oʻzlashtirish darajasi sust kechayotganini koʻrish mumkin. Aynan kuzatilayotgan mana shu sohadagi boʻshliqni toʻldirish uchun masʼuliyatli ishga qoʻl urdik.

— Yurtimizda ingliz tili kurslari juda koʻp. Siz yoʻlga qoʻygan loyihaning ulardan farqli tomonlari nimada?

— Mazkur markazlar boshlangʻich bilimlarni shakllantirish, IELTS darajasini qoʻlga kiritish uchun xizmat qiladi. Ammo akademik ingliz tili yoʻnalishida hech qanday kurs faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan. Buning oʻziga yarasha sabablari ham bor. Negaki aynan olimlar uchun alohida yoʻnalish boʻyicha oʻquv dasturlar ishlab chiqilmagan. Qolaversa, tashkil etilgan taqdirda ham, ushbu dastur asosida taʼlim beradigan pedagoglar hozircha sanoqli.

Shu sababli Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan olim va tadqiqotchilarga moʻljallangan “English for science” kurslarini tashkil etish boʻyicha taklif berilganida juda quvondim. Ushbu loyihani amalga oshirishni oʻz zimmamga olish istagini bildirdim. Shu oʻrinda chet el tajribasiga ega boʻlganim qoʻl keldi. Avvalo, oʻquv kurslarini oʻtish metodlari boʻyicha maxsus oʻqitish dasturi ishlab chiqildi. Dasturning oʻziga xosligi shundaki, u qolipga tushirilgan, eski oʻqitish usullaridan butunlay farq qiladi. Biz dasturni aynan Yevropa va AQSH standartiga xos boʻlgan ARA (American Psychological Association) va CMC (Chicago Manual Style) asosida tuzishga harakat qildik.

Bu uslub AQSH psixologlari assotsiatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, Gʻarbda ijtimoiy fanlar boʻyicha akademik ish yuritishning keng tarqalgan shakli hisoblanadi. Ushbu uslub maqolani tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar, shuningdek, iqtibos, izoh, jadval, maqola shrifti va tuzilishini loyihalash boʻyicha koʻrsatmalarni oʻz ichiga oladi. Dastur ilmiy maqola yozish, uning strukturasi, terminologiyasi haqidagi yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Men faoliyat yuritgan London College of IT and Commercial kollejida aynan mana shu ARA va SMS dasturi keng qoʻllanadi. Shu sababli bu dasturlarni mukammal oʻzlashtirishimga imkon boʻlgan.

— Sizningcha xalqaro olim qanday talablarga javob berishi kerak?

— Yurtimizda har bir soha boʻyicha olimlarimiz yetarlicha izlanish olib bormoqda. Afsuski, ilm-fan yutuqlari mamlakat chegarasidan tashqariga chiqmay qolib ketmoqda. Unda asosiy muammo nimada? Ish qilingan, ilmiy salohiyat yuqori, hatto xalqaro ahamiyatga molik gʻoyalar mavjud. Jahon bozorida loyihalarning raqobatbardoshligi kuchli. Endi bu loyihani tijoriylashtirish maqsadida xalqaro grantlarga talabnomalarni toʻldirish (loyihaning mazmun-mohiyati), loyihani moliyalashtirish uchun ishtirok etish lozim. Amalga oshirilgan loyihani xalqaro miqyosida taqdim etib borish maqsadida olimlar xorijiy ilmiy jurnallarga, jumladan, Scopus maʼlumotlar bazasidagi jurnallarga ish faoliyatidagi yangiliklar toʻgʻrisida maqola chop etib boradi.

Ushbu nashrlarning oʻziga yarasha talablari mavjud. Agar maqola talablarga mos mazmun-mohiyat yoki akademik yondashuvga ega boʻlmasa, chop etilmaydi. Shuningdek, ayrim holatlarda til bilish darajasi yuqori boʻlmagan olimlarimizning xalqaro konferensiyalarda oʻz loyihalari haqida soʻzlab berolmaslik holatlari ham yuz bergan. Nazarimda, xalqaro darajadagi olim oʻzining gʻoyasiga, ilmiy natijalariga ega boʻlishi kerak. Eng asosiysi, yangi bilimlarni yuzaga olib chiqish uchun ikkinchi vosita – til bilish darajasi ham muhim. Shu bilan birga, olimlarimiz yana-da faol boʻlishi, oʻz sohalarida boʻlayotgan yangiliklar, roʻy berayotgan oʻzgarishlarni muntazam kuzatib borishlari maqsadga muvofiq. Aynan mana shu jabhalar olimlarimizdan ingliz tilini mukammal bilishni talab etadi. Bu xalqaro miqyosdagi olimdan talab etiladigan jixatlardir.

— Kelgusidagi rejalar haqida soʻzlab bersangiz.

— Avvalo, yoʻlga qoʻyilgan “English for science” loyihasini kengaytirish va 2021-2022-yillargacha uzaytirishni rejalashtirdik. Shu bilan birga, olimlar uchun moʻljallangan yana-da mukammal darsliklar dasturlarini tuzish maqsadida chet ellik ekspertlarni ham jalb etishga muvaffaq boʻldik. Eng muhimi, ishtirokchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida kurslarni 9 oylik va 1 yillik qilib tashkil etishni belgiladik. Hozircha oʻquv kurslari Toshkent shahri olimlari uchun yoʻlga qoʻyilgan. Viloyatlar miqyosida faoliyat yuritayotgan olimlarimiz uchun esa onlayn darslar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi kunga qadar ushbu loyihaning “pilot”, yaʼni tajriba qismini oʻtkazdik. Unda Toshkent shahri boʻylab olimlar orasidan tanlov asosida qabul qilingan 24 nafar qatnashchi uch oy bepul oʻqitildi. Albatta, buning natijasi sezildi. Ishtirokchi olimlarning baʼzilari xalqaro konferensiyada loyihasi bilan ishtirok etgan boʻlsa, boshqa ishtirokchilar Scopus maʼlumotlar bazasida maqolasini chop etishga muvaffaq boʻldi. Bu qisqartirilgan — atigi uch oylik kurslarimizning natijasi, xolos.

Toʻqqiz oy davom etadigan kurslar soʻngida har bir ishtirokchi olgan bilimlari natijasini namoyish etishi uchun xalqaro jurnallarda maqola chop ettirishi yoki konferensiyalarda oʻz loyihalari bilan qatnashishi hamda xorijiy grantlarning ishtirokchisi boʻlishi talab etiladi.

Aziza ASLANOVA suhbatlashdi.