Uchrashuvda Toshkent shahar hokimligining issiqlik taʼminoti va energetika sohasidagi mutasaddi vakillari ishtirok etdi.

Turkiyaning Istanbul shahridan tashrif buyurgan mehmonlar Oʻzbekistonda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, transportirovka qilish, isteʼmolchilarga yetkazishgacha boʻlgan toʻliq jarayon bilan qiziqdilar. Shuningdek, sohadagi muammolar, istiqbolli rejalar, muammolarning yechimlari, issiqlik va gaz taʼminoti uchun toʻlov tariflari, ularning shakllanish mexanizmi, elektron hisoblagichlarining ishlash tamoyili yuzasidan ham oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

“Xalqaro Energetika xartiyasi” ekspertlari yurtimizga Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining taklifiga asosan tashrif buyurgan boʻlib, vazirlik buyurtmasiga koʻra, Oʻzbekiston energetik sohasining faoliyati, uning holati va rivojlanish istiqbollarini oʻrganishga doir hisobotni tayyorlash doirasida qator vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashib, zarur maʼlumotlarni toʻplayapti.

Toshkent shahar hokimligining uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi mutaxassislari hamda tadbirda ishtirok etgan “Toshissiqquvvati” va “Suvsoz” DUK mutasaddilari xorijiy ekspertlarning barcha savollariga atroflicha javob berdi. Xususan, ular markazlashgan va individual issiqlik taʼminoti, ulgurji va chakana isteʼmolchilarga gaz taʼminoti, sarf qilingan issiqlik energiyasining hisobini olib borishdagi mavjud mexanizmlar, muammolar va yechimlar hamda rejadagi islohotlar yuzasidan axborot berdilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.