Xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazida bu yilgi Parlament saylovi jarayonlarini kuzatib borish maqsadida Oʻzbekistonda boʻlib turgan xorijiy davlat vakillari hamda xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

    Jumladan, dastlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Italiyaning Osiyo va Afrika uchun Oʻrtayer dengizi instituti (ISMAA) prezidenti Mauritsio Barnaba va Bosh kotibi Vinchenso Valenti bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Unda asosiy eʼtibor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan koʻp qirrali islohotlarning mazmun-mohiyati, Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va texnologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va ISMAA oʻrtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishga qaratildi.

    Muloqot avvalida Markaz rahbari Eldor Tulyakov xorijlik kuzatuvchilarni mamlakatimizda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, soʻz erkinligi, ochiqlik siyosatini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar, shuningdek, ushbu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilayotgan jamoatchilik nazoratining oʻrni va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida italiyalik ekspertlar Italiya va Oʻzbekiston ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish uchun muhim diplomatik, savdo-iqtisodiy va logistika salohiyatiga ega ekanligini alohida taʼkidlashdi.

    Muloqot jarayonida Markaz va ISMAA oʻrtasida turli sohalarda qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Shuningdek, Hindistonning “Tillotama Foundation” fondi bosh operatsion direktori Kamakshi Uoson va fond raisi Sohan Das hamda Italiyaning “Vision & Global Trends” tahliliy markazi direktori Tiberio Gratsianilar bilan ikki tomonlama muloqotlar oʻtkazilib, unda mamlakatlarimiz oʻtrasidagi faol hamkorlik masalalariga alohida urgʻu berildi.

    Xususan, hindistonlik hamkorlar tomonidan Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish sharoitida turizm muhim tarmoqlardan biri hisoblanib, Oʻzbekiston bu sohada katta salohiyatga ega ekani taʼkidlandi. Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi sayyohlar oqimini yanada oshirish boʻyicha takliflari bilan oʻrtoqlashishdi.

    Oʻz navbatida, Italiyaning “Vision & Global Trends” tahliliy markazi direktori Tiberio Gratsiani oʻzaro madaniyat va turizmni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar tashkil qilish va ularda Italiyaning keng jamoatchiligi uchun taqdimotlar oʻtkazish maqsadga muvofiqligini qoʻshimcha qildi.

    Shu bilan birga, suhbat davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda saylov qonunchiligi bilan bogʻlik yangiliklar borasida ham atroflicha fikr almashildi.


    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi

    axborot xizmati