баннер
22 Fev 2025
06:24

    O‘zbekiston turizmini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi

    Turizm 30 Yanvar 2025 448

    Bugun Toshkent shahrida «Reformatics» xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiev hamda «Reformatics» bosh hamkori Niko Gilauri va kompaniyaning boshqa vakillari ishtirok etdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar sohaga investitsiyalarni jalb etish va infratuzilmani yaxshilash, yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda zamonaviy raqamli yechimlarni integratsiya qilish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar. «Reformatics» ekspertlari O‘zbekistonning dunyoning yetakchi turizm yo‘nalishlaridan biriga aylanishi uchun noyob imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidladilar. O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, ya’ni 2000 kilometr radiusda 21 davlat joylashgani, mintaqaviy va xalqaro turizmni jadal rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

    Uchrashuv «Reformatics» kompaniyasining O‘zbekiston turizmini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ekspert yordamini nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnoma imzolandi.

    Strategiyaning asosiy vazifalari va maqsadli yo‘nalishlari sifatida xorijiy turistlar sonini 20 millionga, ichki turizm hajmini 30 million kishiga yetkazish hamda turizmning mamlakat YaIMdagi ulushini 7 foizgacha oshirish belgilangan.

    Ushbu maqsadlarga erishish uchun turistik oqimlarni tahlil qilish, auditoriyani segmentatsiya qilgan holda global marketing strategiyasini ishga tushirish, istiqbolli turizm yo‘nalishlari va marshrutlarini ishlab chiqish kabi kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, asosiy turistik hududlarda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha investitsiya paketlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

    Hamkorlik doirasida Toshkent shahrida «Reformatics» kompaniyasining vakolatxonasi ochilishi rejalashtirilgan. Kompaniya ekspertlari turizm sohasi vakillari, tadbirkorlar, turoperatorlar, investorlar va davlat idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib, sohaning tezkor rivojlanishi uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqadilar, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech