Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan suv resurslari, suv taʼminoti va sanitariya, transport, shahar va qishloq hududlarini rivojlantirish kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab olgan uchta ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Suv resurslari, suv taʼminoti va sanitariya boʻyicha ishchi guruh suv resurslarini kompleks boshqarish tamoyillarini joriy etish natijalarini namoyish etdi hamda mamlakat aholisini toza va sifatli ichimlik suvi hamda sanitariya xizmatlari bilan taʼminlashga qaratilgan istiqboldagi rejalar bilan oʻrtoqlashdi.
Transport boʻyicha ishchi guruh mamlakat boʻylab yoʻlovchilarga xavfsiz va sifatli transport xizmatlari koʻrsatish borasida erishilgan natijalarni koʻrsatib oʻtdi. Asosiy eʼtibor samarali va ekologik toza transport turlariga oʻtishga qaratildi. Shuningdek, Oʻzbekiston hukumat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlardan transport sohasi mutaxassislari xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmani yaratishga yoʻnaltirilgan sarmoyalar haqida maʼlumot berib oʻtdi.
Soʻng, shahar va qishloq hududlarini rivojlantirish boʻyicha ishchi guruh amalga oshirilgan soʻnggi islohotlardan baʼzilarining taqdimotini oʻtkazdi. Jumladan, yangi “Shaharsozlik kodeksi”ning qabul qilinishi va shahar hamda qishloq aholi punktlarini rejalashtirishga oid ishlab chiqilgan qator hujjatlar haqida soʻz bordi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi Mamlakat platformasining raisi sifatida tadbirni olib bordi. Mamlakat platformasi barcha asosiy manfaatdor tomonlarni birlashtirgan holda “Strategiya–2030” maqsadlariga erishish uchun texnik va moliyaviy yordamlarni samarali taqsimlashga yordam berib kelyapti.
Yevropa Ittifoqi (YEI) 2025-yilning oxiriga qadar Mamlakat platformasiga kotiblik qiladigan yetakchi xalqaro hamkor hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Janobi Toyvo Klaar Hukumat va taraqqiyot boʻyicha hamkorlar oʻrtasida fikr almashinuvining faollashuvi kutilgan natijalarga oʻz vaqtida erishishni taʼminlashini taʼkidladi.
Tadbir soʻngida Mamlakat platformasi ishtirokchilari “Strategiya–2030” ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlovchi qishloq xoʻjaligi, energetik xavfsizlik va qonun ustuvorligi kabi sohalar boʻyicha 13 ta tarmoq ishchi guruhi doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.