Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning XXII bobi saylov tizimiga bagʻishlanib, unga fuqarolar konstitutsiyaviy saylov huquqlari amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarni hisobga olgan holda, muhim yangi normalar kiritildi.
Joriy yilning 9-iyul sanasida mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalq irodasi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya va saylovga oid xalqaro standartlar, xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida takomillashtirilgan Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtadi.
Xalqaro kuzatuvchilar – Prezident saylovi jarayonining faol ishtirokchisi
Fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklari nufuzli xalqaro tashkilotlar diqqat-eʼtiborida boʻladigan masaladir. Hozirda saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga oid 20 dan ziyod xalqaro-huquqiy hujjat mavjud. Xalqaro kuzatuvchilarning saylovlarda ishtiroki shu mamlakatda demokratik saylov standartlariga qanchalik rioya etilayotganini koʻrsatib beradi. Shu tariqa saylovlar oshkoraligi, ochiqligi va shaffofligi taʼminlanadi, saylov qonunchiligini xalqaro standartlar asosida izchil takomillashtirib borishga asos yaratiladi. Oʻz oʻrnida, saylov qonunchiligi va amaliyotini umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga uygʻunlashtirish orqali fuqarolarning saylovga oid huquqlarini yanada keng va toʻla taʼminlashga imkon boʻladi. Shu bois, xalqaro kuzatuvchilar bildirgan taklif va tavsiyalar milliy prinsiplarimizdan kelib chiqqan holda saylov qonunchiligimizda oʻz aksini topmoqda.
Milliy saylov qonunchiligini takomillashtirishda xalqaro kuzatuvchilarning oʻrni
Mamlakatimizda boʻlib oʻtgan saylovlar jarayonini nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, YEXHT Parlament assambleyasi, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, SHHT, MDH, TDT, IHT missiyalari kuzatib boradi.
Xalqaro saylov kuzatuvida YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi alohida oʻrin tutadi. YEXHT saylov kuzatuvi mamlakatimizda beshta parlament saylovi hamda toʻrtta Prezident saylovida oʻz faoliyatini olib borgan.
Albatta, har bir xalqaro kuzatuv natijalariga koʻra tavsiyalar bildiriladi. Oʻzbekistonda oʻtkazilgan parlament va Prezidentlik saylovlari yakunlari boʻyicha YEXHT DIIHB oʻz hisobotida saylovga doir qonun hujjatlarini uygʻunlashtirish, jumladan, yagona saylov kodeksini ishlab chiqish, saylovchilar uchun kengroq imkoniyat yaratish kabi bir qator tavsiyalarini bildirib oʻtgan edi. Bu tavsiyalar va toʻplangan tajribadan kelib chiqib, tarqoq holda amal qilgan saylov toʻgʻrisidagi qonunlar va qonunosti hujjatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijro etiladigan qonun bilan tartibga solish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlari saylov qonunchiligini xalqaro standartlarga mos holda takomillashtirishning huquqiy omili boʻlib xizmat qildi.
YEXHT DIIHB tavsiyalari asosida saylov komissiyalaridan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanganini alohida eʼtirof etish joiz. Saylovoldi tashviqotini tashkil etish va oʻtkazish bevosita siyosiy partiyalarning ixtiyoriy ishi boʻlganligi sababli, saylov komissiyalarining bu ishga aralashishi ularga xos boʻlmagan vazifa hisoblanadi.
Saylovoldi tashviqoti davrida davlat xizmatchilariga, agar ular ishonchli vakil boʻlmasa, shuningdek, harbiylarga, diniy tashkilotlar xizmatchilariga, sudyalarga saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlandi. Saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlari asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat qilish muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirildi.
Yana bir muhim yangilik sifatida aytish mumkinki, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablagʻlardan foydalanishning shaffofligini taʼminlash maqsadida, ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi joriy etildi.
Saylov sohasidagi ogʻriqli masalalardan biri, bu – xorijdagi saylov uchastkalari boʻyicha saylovchilar roʻyxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan konsullik roʻyxati asosida taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuzilishi edi. Natijada, xorijdagi fuqarolarimizning saylov huquqlari muayyan darajada cheklanib kelardi. Shu bois, Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyda koʻchma qutilarda ovoz berishining huquqiy asoslari yaratildi.
Konstitutsiyada saylov huquqlari kafolatlari
Taʼkidlash joizki, muomalaga layoqatsiz fuqarolarning saylash huquqini butunlay cheklash xalqaro huquq normalariga toʻgʻri kelmaydi. Bundan tashqari, Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudining 2010-yildagi qarorida sudning individual bahosi boʻlmay turib, faqatgina ruhiy muomalaga layoqatsizlikka asosan toʻliq ovoz berish huquqi bekor qilinishini qonuniy, deb hisoblab boʻlmasligi koʻrsatilgan.
Umuman olganda, shaxsni muomalaga layoqatsiz, deb topib, uni saylov huquqidan mahrum qilishni sud alohida masala sifatida koʻrib, muayyan shaxs ovoz berishda oʻz harakatlari ahamiyatini tushunadimi yoki ularni boshqara oladimi, degan mezondan kelib chiqib, individual baholash tartibining amaliyotga joriy etilishi inson huquqlariga oid xalqaro huquqiy hujjatlarga mos keladi.
Mamlakatimizda 2019-yilgacha sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda qatnasholmas edi. Saylov qonunchiligini demokratlashtirish maqsadida qonunchilikka kiritilgan oʻzgarishlarga asosan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslardan tashqari, barcha mahkumlar saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻldi.
Xalqaro ekspertlar fikriga koʻra, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etish huquqini cheklash, ularning jamiyat va davlat ishlarini boshqarish hamda davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirishda ishtirok etish huquqini cheklash hisoblanadi.
Shaxs oʻzini jamiyatning uzviy boʻlagi, deb hisoblashi uchun muhim qarorlar qabul qilish jarayonida teng ishtirok etishi zarur.
BMT qabul qilgan “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida”gi xalqaro Paktning 25-moddasiga muvofiq har bir fuqaro kamsitishlarsiz hamda asossiz cheklovlarsiz ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish, umumiy va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali oʻtkaziladigan va saylovchilarning erkin holdagi xohish-irodasini taʼminlovchi chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish, oʻz mamlakatida umumiy shartlarda davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega boʻlishi lozim.
Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasiga binoan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi umumiy saylov huquqi prinsipi yanada kengroq taʼminlanganidan, xalqaro standartlar talablari implementatsiya qilinganidan dalolat beradi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish doimiy hamda tizimli ravishda davom etadigan jarayondir. Eng muhimi, yangi Oʻzbekiston sharoitida izchillik bilan olib borilayotgan demokratik jarayonlar ortga qaytmas tus olgan. Buning natijasida fuqarolar saylov huquqlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi saylov qonunchiligi xalqaro standartlar va xalqimizning milliy anʼanalari hamda oʻziga xos madaniy qadriyatlariga hamohang ravishda takomillashtirilib boriladi.
Ixtiyor BEKOV
yuridik fanlari doktori, professor