Ishchi guruh majlisida senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, Yoshlar parlamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muhokamada Qoʻmita ekspertlari tomonidan mintaqaviy va xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda ham milliy, ham xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil, suddan tashqari shakli faollashayotgani taʼkidlandi.
Ushbu sohada nizolarni koʻrishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sarf xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash va shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obroʻsini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonuni ishlab chiqilib, unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotganligi qayd etildi.
Majlisda taʼkidlanganidek, Iqtisodiy protsessual kodeks arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni iqtisodiy sudlar sudloviga kiritishni hamda arbitraj muhokamasining taraflaridan biri chet ellik shaxs – Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlishi munosabati bilan arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishni viloyat darajasidagi sudlarning sudloviga kiritishni, arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvo boʻyicha iqtisodiy sud tomonidan taʼminlash choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibini, arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha iqtisodiy sud tomonidan koʻrilgan taʼminlash choralarini bekor qilish uchun aniq asoslar belgilangan yangi normalar bilan toʻldirilyapti.
Bundan tashqari, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga arbitraj hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi arizalar yuzasidan toʻlanadigan davlat boji undirish asosi va miqdorini belgilagan holda qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi xalqaro arbitraj bilan bogʻliq xalqaro normalarning milliy qonunchiligimiz bilan moslashtirilishiga xizmat qilishini qayd etdilar.
Majlis yakunida ekspertlarning ushbu Qonun boʻyicha tavsiyalari tayyorlanib, Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga taqdim etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati axborot xizmati.