Unda dunyoning 120 dan ortiq mamlakatlaridan 2400 dan ziyod ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini, jumladan, 200 kv.m. dan ortiq sahnda mamlakatimizning 15 ta yirik to‘qimachilik korxonalari o‘zlarining yangi eksklyuziv kolleksiyalarini namoyish etdilar.
Ko‘rgazma davomida O‘zbekistonning Germaniyadagi diplomatiya vakolatxonalari ko‘magida “b2b” shaklida uchrashuvlar tashkil qilindi.
Jumladan, Germaniyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini xarid qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi. Yevropa bozorlarida O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan talab jadal suraʼtda o‘sib borayotganligi bois germaniyalik hamkorlar to‘qimachilik sohasida o‘zbek ishlab chiqaruvchilariga nafaqat Germaniya bozorida, balki Yevropaning boshqa bozorlariga chiqishlariga ko‘ma ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.
Shu bilan birga, Germaniya tadbirkorlari yirik to‘qimachilik korxonalari va o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishdan manfaatdor bo‘lgan kompaniya rahbarlari ishtirokida hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun o‘zbekistonlik tadbirkorlarni Germaniyaga taklif qilishga ham tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Tadbir doirasida Misrning «Arab Novelties» kompaniyasi taʼsischisi va bosh direktori ishtirokida mamlakatimizning to‘qimachilik korxonalari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar chog‘ida Misr tomoniga O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhit, taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Natijada Misr tomoni O‘zbekistonning investitsiya loyihalarida ishtirok etish niyatida ekanligini bildirdi. Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizdagi “Yantex” kompaniyasi xorij tomonini qiziqtirgan investitsiya loyihasini taklif qildi.
Shu bilan birga, fransiyalik tadbirkor o‘z yurtida mahalliy kompaniya «Samarqand Evro Asia Textile»ning rasmiy dillerlik maqomiga ega bo‘lgan savdo uyini ochish niyatida ekanligi maʼlum qildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, mazkur ko‘rgazma mamlakatimiz to‘qimachilik korxonalariga nafaqat Germaniya, balki Polsha, Italiya, Portugaliya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Latviya kabi mamlakatlarga ham mahsulot eksport qilish imkonini berdi.
Mahalliy korxonalarning sohadagi ishtiroki natijasida 30 mln. dollardan ziyod miqdordagi eksport shartnomalarini imzolashga erishildi.