Buxoro shahridagi yoshlar markazi xiyobonida ochiq osmon ostida «Mening Konstitutsiyam» shiori bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bagʻishlangan targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda partiya Markaziy kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Koʻhna tarixi, tabarruk ziyoratgohlari, ulugʻ allomalari bilan dunyoga mashhur zaminda bugun ham mard va tanti, uddaburon, mehnatkash va fidoyi insonlar yashaydi, yoshlari bilim olishda, sportda oʻrnak va ibrat koʻrsatmoqda. Tabiiyki, ilmga, yangiliklar va islohotlarga chanqoq buxoroliklar ertangi kuni, taqdirini belgilab beradigan siyosiy jarayonlar, yurtimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarga befarq emas.
Tadbir avvalida yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson haqidagi eng oliy hujjat ekani, unda insonning baxtli boʻlishi uchun eng muhim qoidalar belgilab qoʻyilayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulugʻbek Inoyatov Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, butun respublikadagi partiya elektorati vakillari, deputatlar va faollardan olingan 3 mingdan ortiq takliflarning aksariyati yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oʻz ifodasini topayotgani, bu katta ijtimoiy-siyosiy yutuq ekanini qayd etdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya ilgʻor davlatchilik va demokratiya tajribalari asosida toʻliq xalqimiz, fuqarolar manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy davlat qurish yoʻlida yangi davrni boshlab beradi.Ochiq osmon ostidagi targʻibot tadbirida keyingi yillarda yurtimizda inson manfaatlari, qadr-qimmatini yuksaltirishga asos boʻladigan ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Endilikda Konstitutsiyaviy islohotlar orqali davlat xalqimiz uchun juda muhim boʻlgan masalalarda qator majburiyatlarni zimmasiga olayotgani taʼkidlandi. Eng asosiysi,Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani birinchi moddadayoq qatʼiy belgilanib, keyingi moddalarda bu qoida rivojlantirilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 42-moddasida har kim mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz adolatli haq olish huquqiga ega ekani, 43-moddada fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrish, 47-moddada esa har kim uy-joyli boʻlish huquqini kafolatlash uchun sharoit yaratish davlatning zimmasida boʻlishi belgilab qoʻyilyapti.
Bayramona kayfiyatda oʻtgan tadbirda mahalliy kengash deputatlari, hududdagi faollar ham soʻzga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi meʼyor va qoidalar mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganini bildirdi.
Tadbirda ishtirokchilar bilan bevosita muloqotga kirishilib, siyosiy-huquqiy viktorina savollariga javob va fikr-mulohazalar tinglandi. Eng faol qatnashchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.Muloqot soʻnggida oilasi, farzandlari, yaqinlari yaxshi yashashi, oʻz yurti tinchligi va farovonligini istaydigan har bir yurtdoshimiz muhim siyosiy jarayonlarga befarq boʻlmasdan, referendumda oʻz fuqarolik pozitsiyasini koʻrsatishi zarurligi taʼkidlandi.
Ochiq osmon ostida muloqot tadbirlari Xalq demokratik partiyasi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida oʻtkazilmoqda.
Bahor Xidirova,
«Yangi Oʻzbekiston» muxbiri