Shukronalik hissi, mana besh yildirki, hech birimizni tark etgani yoʻq. Koʻzlagan maqsadlarimiz ulkan edi. Avvalboshdanoq Prezidentimiz rahbarligida marrani baland olib, xalqimiz hayotini yaxshilashni oldimizga oliy maqsad qilib qoʻygan edik. Bu niyatlarga ortigʻi bilan erishdik, deyishga bugun toʻlaqonli asoslarimiz bor.

Bugun esa yangi taraqqiyot davri ostonasida turibmiz. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi tom maʼnoda tarixiy voqea boʻldi.

Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi boʻlgan ushbu tarixiy hujjatda yaqin va oʻrta istiqbolda Oʻzbekistonning taraqqiyot tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yoʻnalishlari aniq belgilab berilgan.

Taraqqiyot strategiyasining ahamiyati shundaki, uning ishlab chiqilishida mavjud muammolar eʼtiborga olindi, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar aks ettirildi. Eng muhimi, hujjatning ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi. Tom maʼnoda, xalqimiz hammuallifligida ishlab chiqildi, deyish mumkin.

Hujjatda “Inson qadri uchun” degan tamoyilni hayotda toʻla roʻyobga chiqarish vazifasi yaqqol aks etgan. Aytish kerakki, bu qadriyat balandparvoz gaplardan xoli tushuncha boʻlib, uning zamirida har bir insonning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlash, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishdek ustuvor maqsad va vazifalar mujassam.

Shu jihatlar eʼtiborga olinib, Taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yoʻnalish boʻyicha “Inson qadri uchun — 100 ta maqsad” belgilab olingan. Jumladan:

— inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

— mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

— milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash;

— adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;

— maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;

— milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;

— mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbirni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Strategiyaning birinchi yoʻnalishida 12 ta maqsad, 42 ta topshiriq boʻlib, ularning har biri inson qadrini ulugʻlashga xizmat qiluvchi xalqchil davlat barpo etish, aholi uchun farovon turmush sharoiti yaratishda gʻoyat muhim sanaladi.

Birinchi yoʻnalishdagi ilk maqsad mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish vazifasi boʻlib, aynan ushbu vazifaning ustuvor maqsad sifatida belgilangani bejiz emas. Zero, mahalla aholiga, oilalarga eng yaqin boʻgʻin sanaladi. Shu jihatdan soʻnggi yillarda mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, mahallabay ishlash tizimini joriy etish boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joriy yildan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida hokim yordamchisi instituti joriy etildi. Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, moliyaviy mustaqilligi, bandlikni taʼminlash, fuqarolar bilan muloqot qilish boʻyicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Endilikda bu boradagi ishlar yangicha yoʻnalishda davom ettiriladi. Bu borada, avvalo, mahallaning faol modeli yaratiladi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy boʻgʻinga aylantirish vazifasi birinchi yoʻnalishning ikkinchi maqsadi sifatida belgilangan.

Aytish kerakki, soʻnggi yillarda mahalliy Kengashlar ijro organlaridan soʻrovlar oʻtkazish, qarorlar boʻyicha fikrlar bildirish, byudjetni shakllantirish va nazorat qilish kabi masalalarda faol ishtirok etmoqda.

Endilikda joylarda Taraqqiyot strategiyasining hududiy dasturlari ishlab chiqiladi. Olti milliondan ortiq ish oʻrinlari yaratish boʻyicha tarmoq va hududlar dasturlari boʻyicha hisobot eshitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, mahalliy byudjetlarni shakllantirish va nazorat qilish yuzasidan Kengashlarni asosiy boʻgʻinga aylantirish boʻyicha ishlar tashkil etiladi. Senat qoʻmitalari bilan mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari faoliyati muvofiqlashtiriladi. Bu chora-tadbirlar parlament nazoratini kuchaytirish orqali davlat organlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchinchi maqsad — mahalliy davlat hokimiya­ti organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirishni ham davrning oʻzi taqozo etmoqda. Taraqqiyot strategiyasida bu borada joylardagi masalalarni samarali hal etishda mahalliy hokimliklarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish, hokimlar saylovining huquqiy asos­larini yaratish, hududlarda ijro organlari shtat birligi va tuzilmalarini belgilash amaliyotini kengaytirish, “vakolatlar reyestri”ni shakllantirish, axborot texnologiyalarini keng joriy qilish, 40 dan ortiq geoportalni ishga tushirish bilan bogʻliq muhim chora-tadbirlar oʻz ifodasini topgan.

Maʼlumki, majoziy qilib aytganda, yaqin-yaqingacha davlat idoralari va xalq oʻrtasida katta jarlik bor edi. Davlat idoralari odamlarning hayotiy muammolari bilan deyarli qiziqmas, yuqoridan aytilgan buyruqlarni bajarish bilan band edi. Qolaversa, davlat xizmatlari koʻrsatishda korrupsiya avj olgandi.

Shunisi quvonarliki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan muhim tamoyil hayotda oʻz aksini topishi natijasida bugun bu boradagi vaziyat butkul oʻzgardi. Davlat organlari faoliyatini xalq bilan muloqot qilish, har bir ishni xalq fikri, talabi va xohish-istagidan kelib chiqib tashkil etishga qaratmoqda.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan yangicha tamoyillar esa bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga zamin boʻladi. Xususan, toʻrtinchi maqsad — davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqaroga xizmat qilish” tamoyili asosida transformatsiya qilish borasida davlat boshqaruvi tizimi qayta koʻrib chiqiladi, yaʼni tashkil etish va tugatish tartib­lari, mezonlarini nazarda tutuvchi huquqiy mexanizmlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining shtatlar birlik­larini oshirishga cheklovlar oʻrnatish hamda ­kadrlar va moddiy resurslardan foydalanish mezonlarini belgilash nazarda tutilgan.

Vazirlik va idoralarga oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilishda koʻproq mus­taqillik berish, shu bilan birga, ularning ijro intizomini kuchaytirish orqali 5 maqsad — ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish koʻzda tutilgan.

Davlat boshqaruvi tizimida maʼmuriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirishni nazarda tutuvchi oltinchi maqsad ham samarali boshqaruv tizimini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqsadga erishish borasida ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazishni 3 barobarga oshirish, shuningdek, davlat bosh­qaruvini nomarkazlashtirish va ochiqligini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarni izchil davom ettirishda yettinchi maqsad — Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada oshirish Taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Bu borada ichki va tashqi siyosatga oid muhim vazifalarni hal etishda vakolatlarini kengaytirish, qonunlarning soʻzsiz ijro etilishida parlament nazorati institutidan foydalanishni kuchaytirish, qonun ijodkorligi va parlament nazoratida keng jamoatchilik bilan bamaslahat ish olib borish belgilangan.

Shuningdek, davlat byudjeti tashkilotlariga aniq strategik vazifalar qoʻyish, ularga soʻrov yuborish amaliyoti joriy qilinadi. Hududlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, shu jumladan, masofaviy ishlashni joriy qilish, hududlarni rivoj­lantirish masalalarida joylardagi deputat va senatorlarning ishtirokini kuchaytirish belgilangan.

Bu borada belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda elektron parlamentni joriy etish muhim ahamiyatga ega. Bu yoʻnalishda Senatning mahalliy Kengashlar bilan faoliya­ti toʻliq elektronlashtiriladi.

Senator va deputatlar qonunlarni koʻrib chiqishdan tashqari, ular asosiy ishini joylarda oʻzi saylangan okruglarda tashkil qiladi. Bu borada norma ijodkorligi jarayonini modernizatsiya qilish, qonunlarning qatʼiy ijrosini taʼminlash, deb belgilangan sakkizinchi maqsad doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchiligini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Toʻqqizinchi — “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etish maqsadi doirasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasidagi ishlar yanada jadallashtiriladi. Mobil ilovalar orqali xizmat koʻrsatish kengaytiriladi hamda ularning 20 foizi xususiy sektorga oʻtkaziladi. Davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaxsni identifikatsiya qilishning Mobile ID tizimi joriy qilinadi, “Elektron hukumat” tizimi orqali davlat organlari hamda xususiy tashkilotlar oʻrtasida maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish soddalashtiriladi, “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish orqali boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyotidan voz kechiladi.

Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlarini hamda taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi maqsadlar ham Taraqqiyot strategiyasining asosiy oʻzagi — inson qadrini ulugʻlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish, xalqimiz munosib va farovon hayot kechirishi, oʻsib kelayotgan yoshlarimiz jamiyatdan munosib oʻrin egallashi, ertamiz bugundan ham nurafshon boʻlishi uchun ulugʻvor maqsad va vazifalar belgilangan. Xalqimiz tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotgan bu strategiyadagi har bir maqsad va tadbirlarni toʻla roʻyobga chiqarishda faol va tashabbuskor boʻlish, xizmat vazifamizni sid­qidildan bajarish burchimizdir.

Prezidentimiz davlat xalqqa xizmat qilishi shart gʻoyasini ilgari surgan. Agar biz mana shu Taraqqiyot strategiyasida va unga ilova qilinayotgan dasturni soʻzsiz, sifatli bajaradigan boʻlsak, 2026-yilga kelib biz BMT tomonidan eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini ham soʻzsiz bajarishga erishamiz.

Tanzila NORBOYEVA,

Oliy Majlis Senati raisi