Odami ersang, demagil odami,

Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami.

Ushbu chuqur maʼnoli satrlar buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy qalamiga mansub boʻlib, bu dunyoda insonlarning dard-u tashvishlarini oʻylab yashash–odamiylikning eng oliy mezoni ekanligini taʼkidlab, xalqning gʻamidan uzoq boʻlgan insonni odam qatoriga qoʻshib boʻlmaydi, deb uqtirmoqda ulugʻ bobomiz..

Mehr-saxovat, muruvvat, hotamtoylik oʻzbek halqiga xos boʻlgan xususiyat. Halqimiz azal-azaldan bir-biriga mehr-oqibatli boʻlib kelgan. Va xalqimizning bu goʻzal fazilatlarini Mir Alisher Navoiy bobomiz hayotining barcha qirralarida koʻrishimiz mumkin.

Alisher Navoiy haqida gap ketganda, uning oʻz zamonasida saxiylik, bagʻrikenglik, mehr-oqibatda tengsiz boʻlganligi tilga olinadi. Navoiy umr boʻyi kishilarni ana shu fazilatlarga ega boʻlishga chaqirdi. Chunki u yashagan davrda nafsini jilovlay olmaydigan, behisob boyliklarga ega boʻlgani holda qashshoq, kunini zoʻrgʻa koʻradiganlarga qoʻlidan keladigan yordamni bermaydigan kishilar uchrab turardi. Shoir ana shundaylarga qarata “saxovatpesha boʻling, oʻzinngizda borini boshqalar bilan baham koʻring, buning rohatini oxiratda albatta koʻrasiz”, deya uqtirishdan charchamadi.

Navoiy bobomiz oʻz vaqtida oʻzining xalqparvarlik, saxovatpeshalik fazilatini namoyon eta bilgan. Oʻz mulki va mablagʻlari hisobidan 17 ta masjid, 20 ta koʻprik, 300 ta bekat (rabot), 9 ta hammom, tegirmon, shifoxonalar qurdirdi. Koʻplab ilm va maʼrifat nomoyondalarini oʻz hisobidan maoshlar toʻlab ularni ragʻbatlantirib kelgan.

Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida saxiylik toʻgʻrisida alohida bob mavjud: “Faxrlanish uchun bermoq oʻzni koʻrsatishlik va bu bilan oʻzini saxiy demak behayolikdur. Kishilar koʻrmaguncha bermagan pastkashdir, saxiy emas. Tilaganga berganni ham saxiylikdan yiroq bil, qistov bilan bermaganni yaxshiroq bil. Bitta nonni ikki boʻlib, yarmini bir ochga berganni saxiy degil, oʻzi yemay barini muhtojga berganni saxiy doʻst degil”.

Saxiy oʻzidagi bor narsani boshqadan qizgʻanmaydigan, foniy dunyo rohat-farogʻati oʻtkinchiligini anglab yetgan, bu dunyodagi qilingan har bir ezgu, savob ish oxirat sinovlaridan oʻtib, chin saodatga yetishishning asosiy vositasi, deb bilgan kishidir. Navoiy umr boʻyi kishilarni ana shu fazilatlarga ega boʻlishga chaqirdi.

Tarixiy manbalardan maʼlumki, oʻtmishda xalqimiz ogʻir sinovlarga toʻqnash kelganida aynan xalq irodasi va milliy qadriyatlarimiz ustuvor omil boʻlib xizmat qilgan. 2020-yili butun dunyoni qamrab, bugun ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatib kelayotgan koronavirus infeksiyasi oʻta ogʻir sinovli damlarni boshlab berdi, desak mubolagʻa boʻlmasa kerak.

Navoiy ijodi va hayot faoliyati cheksiz ummonki, ilmiy anjumanda oʻqilgan va muhokama etilgan maqolalar shu ummondan bir tomchi, xolos. Ulugʻ soʻz sanʼatkori asarlari hamisha ilmiy anjumanlarning bosh mavzui, tadqiqotlarning asosiy obyekti boʻlib qolishi bilan bir qatorda, u ulugʻ zot amallari halq va yurt farovonligi yoʻlida oʻzini bagʻshida qilayotgan har bir avlod uchun mukammal ibrat maktabidir.

Faxriddin SOLIYEV,

Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi

Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi raisi