Хato qilsangiz, faqat ustoz kechiradi...

    Suhbat 3 Oktabr 2023 1350

    O‘rta Osiyoning olis tog‘ qishlog‘idan kelgan oddiy yigitcha Moskvaning eng oliy dargohlarida ta’lim olishni boshladi.

    Biologiya fanlari doktori, professor O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador SamDVMCHBU rektori Xudaynazar Yunusov:

    Bu o‘sha payt uchun ham oddiy hodisa emasdi – birov ishonib, birov ishonmasdi. Tilni u darajada yaxshi bilmasdim, oddiy qishloq maktabida o‘qiganman. Moskva – butunlay o‘zgacha dunyo edi – madaniyat, til, hayot boshqacha oqimda edi, bu yerda.

    Sen boshqa joyga o‘z qonun - qoidalaring bilan bormaysan, balki o‘sha hayotga ko‘nikasan, moslashasan va yangi qoidalarni hayotingga joriy qilsang, yashash osonroq bo‘ladi. Men bu haqida shogirdlarimga juda ko‘p marta aytaman – Yangi oilaga keldingmi, baxtli bo‘lishing va u yerda o‘z o‘rningga ega bo‘lishing uchun moslashish zarur! Moslashsang – maqsadga yetasan va baxtli bo‘lasan, ko‘nikmasang aksincha.

    Va bu yo‘lda Ustozlar eng yaxshi ko‘makchi. Senga yordam berishadi, yo‘l ko‘rsatishadi, O‘zligingni topishing uchun.

    Har bir Inson hayotida kasb tanlashga va o‘zining kelajak hayotini belgilashga sabab bo‘ladigan burilish nuqtalari va alohida kishilar (Ustozlar deb aytish mumkin!) bo‘ladi...

    Ular qalbimning eng chuqur joyidan o‘rin olishgan...

    ...Qishlog‘imizga yosh oila ko‘chib keldi – eru xotin ximiya fanidan dars berisharkan. Jumanovlar oilasi – Xolbobo va Ra’no opalar. Yuqori sinflarga ular galma - galdan darsga kirishardi. O‘qituvchilar kam bo‘lganmi, butun qishloq ahli bu oilani qattiq hurmat qilar, umuman u paytlarda o‘qituvchilarni hamma e’zozlar, ularning “og‘ziga qarab turishardi”, ular elning eng oldi odamlari edilar. Jumanovlar esa rostakamiga hurmat va izzatga loyiq kishilar edi – fanni chuqur bilishar, dars mashg‘ulotlarini qiziqarli va ajoyib tarzda o‘tkazardi. Yosh va bilimdon o‘qituvchilarim bu fanning sirli kalitini qo‘limga tutqazishgan edi, go‘yo. Bu fanni orziqib kutadigan bo‘lib qoldim – ustozlarning yo‘lini poylardim.

    Va shu asosda kelajakda kim bo‘lishimni belgilab oldim va harakatlarini shunga yo‘naltirdim, deyishim mumkin.

    Moskvaga shu tahlit, taqdir va tanlov shamollari olib keldi.

    Sofьya Stepanovna Bolezina - mashhur va taniqli professorning qizi, bizga ximiya fanidan saboq bergan. Baquvvat, kelishgan, yo‘g‘on ovozli ustozimizdan hamma hayiqib turardi. O‘zimcha ximiya fanidan bilimimni juda yaxshi deb hisoblardim. Bir kuni kutilmaganda doskaga chaqirib qoldi. O‘qituvchining salobati bosib, qattiq hayajon bilan zo‘rg‘a o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Oddiy formula yordamida misol yechish kerak edi.

    O‘sha paytda auditoriyada yagona o‘rtaosiyolik talaba edim, ko‘pchilik menga hayrihoxlik bilan javoblarni tinmay shipshita boshladi. Men esa hayajon ta’sirida, har safar kursdoshlarimning aytgan javoblarini doskaga yozish va o‘chirish bilan ovvora edim. Sofьya Stepanovna bu paytda deraza rahida o‘tirib, har bir xarakatimni diqqat bilan kuzatib o‘tirgan ekan.

    “Sen bunga aminmisan, shu to‘g‘rimi?” deb savol berdi. Shundan keyin ham men 3 marta natijani o‘zgartiraverganim va o‘zimga ishonmaganim uchun darsdan chiqib ketishimni so‘radi.

    Bu yaxshi va haqqoniy jazo edi!

    Oddiygina formulada xato qilganim menga alam qilardi!

    Men achchiq ustida dekanatga bordim va u yerdagilarga boshqa bu yerda o‘qimasligimni, hujjatlarimni qaytib olishimni aytdim.

    Xullas, o‘sha kuni dars tugagach, Sofьya Stepanovnaning o‘zi yonimga keldi va meni o‘zi bilan birga kafedrasiga olib ketdi.

    U yerda ustozim bilan choy ichdik, o‘zimni butunlay bosib olgandim. Bu paytda o‘zimga keldim va yanada qiyinroq misollarni bemalol yechdim, bu fandan aslida bilimim yaxshi ekanligini isbotladim. “Seni qizim bilan tanishtiraman, u bilan do‘stlashasizlar, bir – biringiz bilan bilganlaringizni bo‘lishasizlar” – dedi Sofьya ustozim.

    O‘sha kundan yanada qattiqroq tirisha boshladim, darslarni yaxshi o‘zlashtirishga, baholarim “a’lo” bo‘lishiga intildim – Ustozim meni “qayta tiriltirdi!

    Shunchaki, menga o‘sha paytda “ikki” baho qo‘ysa ham bo‘lardi. Shu bilan men o‘qishni tashlab ketgan bo‘larmidim...

    U kishi boshqacha yo‘l tutdi – meni hayotga tomon yo‘lladi.

    U kishi bilan teatrga, spektakllarga ko‘p marta birga borganmiz. Spektakldan so‘ng voqealarni qizg‘in muhokama qilardik, munozalar bo‘lardi – shu yo‘l bilan bizni Ustozlarimiz hayotga ham tayyorlagan ekan...

    (Ustozlarini eslab, professor Yunusovning ko‘zlari yoshlandi va bu uchun uzr so‘radi...Bu juda go‘zal edi, aslida)

    Yana bir ajoyib Ustozim - Tatyana Andreyevna Dmitriyeva bizni sirli o‘simliklar dunyosiga olib kirgan. U kishi bilan Kavkaz va Rossiyaning bepoyon dalalarini juda ko‘p marta kezib chiqqanmiz.

    Nadejda Vorobyeva ximiyaning maxsus bo‘limini o‘qitgan.

    Roza Mixaylovna Golubyeva - biologiya o‘qituvchimiz bo‘lgan...

    Yuqorida sanab o‘tganlarim – tom ma’nodagi haqiqiy USTOZLAR edi. Ulardagi yuksak madaniyat, chuqur bilim va har bir shogirdi – talabasiga nisbatan insoniy munosabat, talabchanlik, mehribonlik, ishonch tuyg‘ulari – bizni haqiqiy inson va mutaxassis bo‘lib yetishishimizda asosiy omil bo‘lgan.

    Tengdoshlarim orasida mashhurlar, turli sohalar egalari bo‘lgan - o‘z ishining ustalari talaygina.

    Bugun o‘zimiz USTOZ maqomidamiz, ammo bizga ta’lim – tarbiya bergan USTOZlarimizdan hamisha minnatdor bo‘laveramiz. Ularning deyarli barchasi bu dunyoni tark etib ketishgan - o‘zlaridan yorug‘ va nurafshon izlar qoldirib...

    Ilm – fan yo‘llari mashaqqatli. Bu yo‘lda bizga Ustoz va murabbiylar ko‘makka keladi.

    Ustozlar hayotimizni bezaydi, unga mazmun – mohiyat va ma’no bag‘ishlaydilar.

    Ularga ta’zimdamiz!

    Gulchehra Berdiyorova suhbatlashdi