Qayd etilishicha, bitimlarga Ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov, “Vision International Investment” kompaniyasining rivojlanish boʻyicha bosh direktori Kapil Lalvani hamda “Suez International” kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha bosh direktori Paul Bourdillon imzo chekishdi.
Mazkur bitim xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish boʻyicha istiqbolli loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni koʻzda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati 78 mln AQSH dollariga teng boʻlib, uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda chiqindilarni barqarorlashtirish va poligonlarga joylashtirish majmualari hamda mintaqaviy uzatish stansiyalarini yaratish koʻzda tutilgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda chiqindidan yoqilgʻi olish (RDF — Refuse-derived fuel) uskunasi, yoqish inshootlari va issiqlik bilan ishlov berish korxonasining muhandislik oldi loyihasini ishlab chiqish va tajriba asosida sinovdan oʻtkazish rejalashtirilgan. Uchinchi bosqichda esa toʻliq miqyosdagi chiqindidan yoqilgʻi olish, issiqlik bilan ishlov berish inshootini barpo etish va ishga tushirish maqsad qilingan.
Maʼlumot uchun, “Suez International”, asosan, suv va chiqindilarni boshqarishga ixtisoslashgan, 160-yildan ortiq tarixga ega Fransiya kompaniyasi hisoblanadi. U butun dunyoda suv taʼminoti va tozalash, oqova suvlarni boshqarish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, jumladan, xavfli chiqindilarni boshqarish boʻyicha yechimlar taklif qiladi. Kompaniya Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida koʻplab sanoat tarmoqlariga xizmat koʻrsatadi.
“Vision International Investment Company” (VIIC) 2002-yilda Saudiya Arabistonida tashkil etilgan yirik investitsiya xoldingi boʻlib, 96 milliard AQSH dollari atrofidagi aktivlarni boshqaradi. Faoliyat yoʻnalishlari energetika, infratuzilma, kommunal xizmatlar, suv resurslarini boshqarish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, konsalting hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qamrab oladi.
Mazkur bitimlar strategik hamkorlikni chuqurlashtirish va, albatta, ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.









