Xavfsizlik va osoyishtalik – taraqqiyotning bosh omili

    “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi xodimlari loyiha doirasida katta g‘ayrat bilan aholi xavfsizligi, yurt osoyishtaligini ta’minlash, tabiiy ofatlarda aholini oldindan ogohlantirish hamda mamlakatning sayyohlik va investision jozibadorligini oshirish bo‘yicha ishlarni mas’uliyat bilan bajarishga bel bog‘lagan.

    Yoʻlga shoshilinch otlanishim zarur boʻlib qoldi. Toshkentdan Qarshigacha boʻlgan masofani mashinada bosib oʻtishni istamadim. Boshda ming xil oʻy-xayol, yana diqqat bilan mashina boshqarish baʼzan insonni toliqtiradi. Axir ertaga ortga qaytaman, uzoq yoʻlga erkin va xotirjam borib kelishga nima yetsin? Ulovni vokzal yaqinida toʻxtab turish mumkin boʻlgan joyda qoldirdim-da, tezyurar poyezdda manzilga joʻnadim. Hamrohim — qoʻshni davlatdan kelgan mehmon mashinamni koʻchada qoldirganimdan hayratga tushdi. Xavfsizligi qanchalik taʼminlangani, biror shikast yetmasligi haqida soʻradi. Hammasi nazoratda ekanini aytib, tinchlantirdim...

    * * *

    Tinchlik — ulugʻ neʼmat. U bor joyda koʻngil xotirjamligi, osoyishta hayot hukmron boʻladi. Farzandlar kamoli, orzu-umidlar roʻyobi ham ana shu buyuk neʼmat tufaylidir.

    Insonning koʻngli xotirjam, uyqusi tinch va osuda kecharkan, ertangi kunga ishonch va maqsad bilan uygʻonadi. Bu esa yangi kun, yangi yaratuvchanlikka asos boʻladi. Ishdagi unum-baraka, turmushdagi farovonlik ham shundan.

    Koʻngil xotirjamligi bora-bora yurt, mamlakat osoyishtaligiga aylanadi. Hayot yoʻllarida uchraydigan pastu balandliklarni ana shu xotirjamlik, vazminlik bilan yengish mumkin. Qolaversa, tartib bor joyda taraqqiyot

    ham boʻladi. Bu esa ayni paytda mamlakatimizda joriy etilayotgan “Xavfsiz shahar” tizimining nechogʻliq ahamiyatli ekanini yana bir bor koʻrsatadi.

    ***

    Zamonaviy hayot tez rivojlanmoqda. Bu, ayniqsa, megapolislarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Shahar aholisi koʻpayishi va asosiy iqtisodiy drayverga aylana borishi tamaddunning bosh tendensiyalaridan biriga aylanmoqda. Rivojlanayotgan infratuzilma sabab xavfsizlik sektoriga alohida talablar qoʻyiladi. Avvalo, bu ishonchlilik, barqarorlik va kechayu kunduz ogohlik, demakdir.

    Bugun mamlakatimizda joriy etilayotgan “Xavfsiz shahar” loyihasining asosiy vazifasi ham aholining hayoti va sogʻligʻi bilan bogʻliq xavfsizlikni taʼminlash, osoyishtalik va taraqqiyotni asrashdir.

    — Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yili hududlarda “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimini yaratish va rivojlantirish yuzasidan yillik manzilli dasturlar ishlab chiqildi, — deydi “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi direktori Ulugʻbek Kulanov. — Dastur ijrosi doirasida hududlarda tizimni joriy qilish uchun bosqichma-bosqich qurilmalar xarid qilinyapti hamda belgilangan manzillarda oʻrnatilib, ishga tushirilmoqda.

    Mahallalardagi koʻp qavatli uylar, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari hamda ularga kirish-chiqish joylarida intellektual videokuzatuv kameralari oʻrnatilib, ichki ishlar organlarining tayanch punktlari axborot tizimiga integratsiya qilinmoqda. Jamoat joylarida, yaʼni maydonlar, madaniyat va istirohat bogʻlari, bozorlar, savdo markazlari, muzey, koʻngilochar maskanlar, dam olish majmualari, mehmonxonalarda shaxsni yuzdan tanib olish kameralari oʻrnatish hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalarining axborot tizimi bilan integratsiya qilish boʻyicha ishlar bajarilmoqda.

    Shuningdek, shahar va tumanlarda yongʻin xavfsizligi, ekologik, seysmologik, gidrometeorologik vaziyatni monitoring qilish tizimlarini “Xavfsiz shahar” tizimiga integratsiyalash, yoʻllarda harakat xavfsizligini raqamli boshqarishda yoʻl harakati monitoringini tashkil qilish, transport vositasining davlat raqami belgilarini aniqlashda intellektual foto va video qayd etish integratsiyalashgan tizimlarini joriy etish koʻzlangan.

    “Xavfsiz shahar” loyihasi toʻliq joriy etilgandan soʻng tizimlar orqali jinoyatchilik 30-40 foizgacha kamayishiga, foto-video materiallar yordamida jinoyatlarning 40-50 foizgacha fosh etilishiga erishiladi. Videokuzatuv tizimi 24 soat onlayn rejimda ishlaydi va har bir kamera orqali olingan video maʼlumotlar belgilangan talab asosida 30 sutka saqlanadi. Bu maʼlumotlardan keyinchalik huquqbuzarliklarni tergov qilish va dalillar toʻplashda foydalanish mumkin.

    * * *

    Mamlakatimiz sayyohlarning eʼtiboriga sazovor boʻlib kelmoqda. Kirish-chiqish tartib-taomillari soddalashtirilgani tufayli yurtimizga kelayotganlar soni yildan yilga ortayotir. Sayohatga otlangan kishi, avvalo,

    oʻzi borayotgan mamlakat haqida internetdan maʼlumot izlaydi. Hayoti va salomatligi xavfsiz boʻlishiga ishonch hosil qilgachgina, koʻzlangan manzil sari yoʻl oladi.

    Yurtimizda sayyohlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida turizm politsiyasi tashkil etilgani, “Xavfsiz turizm” tamoyili yoʻlga qoʻyilgani tinchliksevar va mehmondoʻst xalqimiz xohish-irodasini yorqin ifoda etayotir.

    Davlatimiz rahbari oʻtgan yil oktyabrda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining Samarqandda boʻlib oʻtgan 25-sessiyasida “Global turizmning eng dolzarb muammosi — bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini taʼminlashdir”, degan edi. Xalqaro turizm amaliyotiga koʻra, sayohatchilar koʻpayishi va sayohat geografiyasi kengayishi bilan xavfsizlik choralariga rioya qilish zarurati keskin ortadi. Xoʻsh, mamlakatimizda sayohat xavfsizligini taʼminlash maqsadida qanday ishlar bajarilmoqda?

    — Toshkent viloyatida sayyohlik obyektlari va ularga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, turistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yoʻlida qator ishlar bajarilmoqda, — deydi Ulugʻbek Kulanov. — Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Chorvoq” erkin turistik zonasida “Xavfsiz turizm” loyihasi doirasida 134 ta obyektning videokuzatuv kameralari “Vaziyatlar markazi”ga integratsiya qilindi. Shu bilan birga, tirbandliklarning oldini olish uchun noqonuniy toʻxtash va toʻxtab turish qoidabuzarliklarini aniqlovchi, tezlikni oʻlchovchi radar, avtotransport oqimini hisoblovchi va davlat raqamini aniqlovchi, foto-video qayd etish hamda yongʻindan xabar beruvchi intellektual videokuzatuv qurilmalari oʻrnatilib, foydalanishga topshirildi. Bu sayyohlar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibi hamda yoʻl harakati qoidalari buzilishining oldini olish, voqea-hodisalarni uzluksiz kuzatib borish, muammoning bevosita boshlangʻich nuqtasidan xabardor boʻlish va bartaraf etishga xizmat qiladi. Oʻz navbatida, turizm sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi va yetib kelgan sayyohlar hisobini yurituvchi davlat hamda nodavlat tashkilotlarning yagona axborot bazasini shakllantirishda qoʻl kelmoqda. 24 soatlik kuzatuv rejimini barcha hududlarda yoʻlga qoʻyish, birinchi navbatda, joylardagi osoyishtalikni taʼminlashga hissa qoʻshmoqda.

    Turizm jahon iqtisodiyotida jadal rivojlanayotgan va eng daromadli tarmoqlardan biri. Mamlakatda turizm rivoji aholi bandligini taʼminlash, transport, aloqa, qurilish, qishloq xoʻjaligi va boshqa koʻpgina sohalar, umuman, iqtisodiyotning yuksalishiga asos boʻladi. Bu aholining umumiy iqtisodiy farovonligiga munosib hissa qoʻshishi barobarida xalqaro ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar yaxshilanishiga xizmat qiladi. “Xavfsiz shahar”da “Xavfsiz turizm” yoʻlga qoʻyilgani sayyohlar oqimining yanada koʻpayishida bosh omil boʻladi.

    * * *

    Shu kunlarda oliy taʼlim muassasalarida 2024/2025 oʻquv yili uchun imtihonlarga tayyorgarlik jarayoni qizgʻin ketmoqda. Minglab qorakoʻzlar va ota-onalar koʻnglida umid uchqunlaydi. Ilgari test sinovlarida turli noqonuniy holatlar kuzatilardi. Misol uchun, abituriyent oʻrniga boshqa odam test topshirishi yoki jarayonda unga koʻmak berilishi, telefondan foydalanish kabi holatlar uchraganini istisno qilolmaymiz. Bugun test sinovlari shaffofligi, haqqoniyligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa abituriyentlar va ota-onalar koʻnglida umid uygʻotadi. Bitta bilimsizning qingʻir yoʻl bilan testdan oʻtgani oʻnlab yigit-qizlar ruhiyatiga zarba berishini tasavvur qilish ogʻriqli.

    Yoshlar qalbida ertangi kunga ishonchni yoʻqqa chiqaradigan bu kabi noqonuniy ishlarga bugun chek qoʻyilgan.

    — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi taqdim etgan roʻyxatga muvofiq, 2024/2025 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha 85 ta katta sigʻimli yopiq binoga jami 172 dona shaxsni identifikatsiyalash va 2205 dona yoʻnaltirilgan videokuzatuv kamerasi oʻrnatish koʻzda tutilgan, — deydi Ulugʻbek Kulanov. — Videokuzatuv va shaxsni identifikatsiyalash tizimlarini montaj qilish hamda imtihon oʻtkazish vaqtida tizimlarni texnik qoʻllab-quvvatlash ishlari autsorsing asosida bajarilmoqda.

    Hozir “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan videokuzatuv qurilmalarini joylarga yetkazish va montaj ishlari yakunlanmoqda.

    * * *

    Mahalla yosh avlod uchun azaldan ezgulik beshigi, tarbiya oʻchogʻi boʻlib kelgan. Insonlarning oʻzaro mehr-oqibatli, muruvvatli, saxovatli boʻlishi va oʻziga xos jamoani shakllantirishda bu noyob institutning oʻrni beqiyos. Mahalladagi hurmatga sazovor keksalar hamisha yoshlar uchun ibrat, yigit-qizlarning har bir xatti-harakati ularning koʻz oʻngida boʻlgan. Ana shu azaliy anʼana bugun “Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul” tamoyiliga muvofiq amalga oshirib kelinayotir. Hayotiy tajribaga ega, faol nuroniylarning yoshlar tarbiyasiga masʼul boʻlishi zamirida ham osoyishtalik, obodlik, farovonlik orzusi mujassam boʻlsa, ajab emas.

    “Bir kun janjal boʻlgan uydan qirq kun baraka ketadi”, deydi xalqimiz. Tasavvur qiling, bir kungi janjal yoki qaltis harakat xonadonga, mahallaga, mamlakatga qanchalik ziyon yetkazadi. Koʻngilsiz bir holat tufayli inson hayoti parokanda boʻlishi, oila aʼzolarining maʼnaviy va moddiy yoʻqotishi, mahalla notinchligi va bu oqibatni bartaraf etish uchun sarflanadigan mablagʻ — davlat byudjetiga yetkaziladigan zarar miqdorini koʻz oldingizga keltirsangiz, tinchlik-osoyishtalik qanchalar bebaho neʼmat ekanini anglaysiz.

    Mahallalardagi notinch xonadonlar, turli noxush vaziyatlarni kamaytirish, tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash uchun bugun Namangan, Sirdaryo, Buxoro, Samarqand, Fargʻona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri mahalla hududlarida jami 1157 ta, shahar va tumanlarga kirish-chiqish obyektlariga transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlovchi 19 ta va yoʻl harakati qoidabuzarliklarini foto-video qayd etuvchi avtomatlashtirilgan tizim uchun 84 ta toʻxtash va toʻxtab turish, belgilangan tezlikdan oshirilganlik qoidabuzarliklarini aniqlovchi 9 ta kamera oʻrnatildi.

    Shu bilan birga, “Raqamli xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida Samarqand, Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo viloyatlarida jami 790 ta, shahar va tumanlarga kirish-chiqish obyektlarida transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini aniqlovchi 71 ta kamera ishlab turibdi.

    Prezidentimiz raisligida oʻtgan yili 28-iyulda Fargʻona shahrida hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani afsus bilan qayd etildi. “Eʼtibor bering, yoshlar jinoyatchiligining katta qismi nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinmoqda. Eng achinarlisi, voyaga yetmaganlar ichida oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlari ham bor”, degan edi davlatimiz rahbari. Shu bois, yoshlar bilan manzilli ishlash dasturlari amalga oshirilishi belgilangan.Oilaviy nizolar, ayollar jinoyatchiligi holatlariga ham eʼtibor qaratilib, ogʻir hayotiy ahvolga tushgan oilalarga yordam berish boʻyicha “ijtimoiy xizmat ishi” ochilishi, “Xavfsiz oila” tamoyili asosida alohida tizim yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan edi.

    “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, deydi dono xalqimiz. Oiladagi maʼnaviy muhit farzand tarbiyasida yaqqol koʻzga tashlanadi. Munosabatlarda muammosi boʻlgan, masʼuliyatsiz ota-ona kelgusi noxush vaziyatlarga zamin tayyorlaydi. Oiladagi boʻshliq bolaning turli yoʻllarga kirishi, har yerdan va har kimdan tayanch izlashiga sabab boʻladi.

    Shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda kechayotgan ziddiyatli jarayonlar taʼsiri mamlakatimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Bunga biz uygʻoq qalbli, ilmu maʼrifatli, maʼnaviyatli, yaratuvchan yoshlarimiz bilan qarshi tura olamiz. Bunday yigit-qizlar tinch-totuv, mehr-oqibatli oilalarda kamolga yetadi.

    Fuqarolarning ichki olamini tartibga keltirish, ayniqsa, yigit-qizlar qalbida shukrona, hayotdan minnatdorlik tuygʻularini shakllantirish, qiyinchiliklarni oqillik va sabr bilan yengish, tiriklik, tinchlik-osoyishtalik qadri ulugʻ ekanini anglashga koʻmak berish ishlari mushtarak olib borilishi zarur. Shunda “Xavfsiz shahar” tamoyilining samarasi yanada yaqqol koʻrinadi.

    * * *

    Yoʻllardagi harakat xavfsizligini taʼminlash bugun juda ham dolzarb. Bu masalaga shaharsozlik va ilmiy qarash bilan yondashuv zarurligini davrning oʻzi taqozo etmoqda.

    Bugun yoʻllarda fuqarolar uchun xavfsiz sharoit yaratish va harakatlanish madaniyatini shakllantirish borasida qator ishlar bajarilyapti. Yoʻllarda tirbandlikning oldini olish uchun qavatli koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlari qurilyapti. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida qoidabuzarliklarni qayd etish tizimi ishlab turibdi. Ammo oʻrnatilayotgan qurilmalarga aholi tomonidan “Jarima toʻlash oson emas. Nega kerak shu qurilmalar?” degan eʼtirozlar ham uchrab turadi.

    — Tanganing ikkinchi tomoni ham bor, — deydi Ulugʻbek Kulanov. — Yoʻl harakati hodisasida ishtirokchi faqat avto transport vositasi emas. Bu yerda inson ham ishtirok etadi. Deylik, biron hodisa yuz bersa, faqat avtotransportning u-bu yeri shikast yeb qolmaydi. Kimgadir jarohat yetishi, oqibatda u hayotdan koʻz yumishi yoki umrbod nogiron boʻlib qolishi mumkin. Bunga aksariyat hollarda qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyilgani, belgilangan tezlik meʼyoridan ortib ketgani sabab boʻlishi mumkin. Kimdir shu hodisaning ortidan oilasini yoʻqotadi, kimdir ozodlikdan mahrum etiladi. Buning xunuk oqibatlari juda koʻp. Shu bois, qoidabuzarlikni tartibga soladigan mexanizm zarur.

    Yoʻllardagi vaziyatni yaxshilash, yoʻltransport hodisalari sonini va oqibatidan yetadigan zararni kamaytirish ishlarini faollashtirishda mazkur qurilmalarning oʻrni alohida.

    Maqsad — jamoat xavfsizligini taʼminlash chorasini yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini toʻlaqonli tashkil etish, favqulodda xatarlar va oqibatlarni prognozlash orqali oldini olish. Jamoat xavfsizligini taʼminlashda zamonaviy raqamli texnologiyalar, intellektual tizimlardan keng foydalangan holda inson omilini kamaytirishga erishiladi.

    “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi xodimlari loyiha doirasida katta gʻayrat bilan aholi xavfsizligi, yurt osoyishtaligini taʼminlash, tabiiy ofatlarda aholini oldindan ogohlantirish hamda mamlakatning sayyohlik va investitsion jozibadorligini oshirish boʻyicha ishlarni masʼuliyat bilan bajarishga bel bogʻlagan.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri