Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida Davlat boshqaruvi, Huquqni muhofaza qilish, Ichki ishlar vazirligi akademiyalari, Jamoat xavfsizligi universiteti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birga mahallalarda kambagʻallik va ishsizlikni qisqartirish, jinoyatchilikni kamaytirish mavzusida oʻquv-amaliy seminarlar tashkil qildi.
Orolboʻyidagi 16 ta tuman-shahar sektorlari rahbarlari va 400 dan ziyod mahalla “yettilik”lari ishtirok etgan seminarlardan asosiy maqsad – aholi muammolarini oʻrganish va hal etish, sektorlar rahbarlari va “mahalla yettilik”lari faoliyati samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
Murojaatlar bilan ishlash, ariza-shikoyatlarga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlash va hal qilish seminarlarning asosiy mavzularidan biri boʻldi. Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga joriy yilning yarmida Orolboʻyi aholisidan 31 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlsa, ularning qariyb 20 mingdan ziyodi qanoatlantirilgan.
Murojaatlarning katta qismi moddiy yordam ajratish masalasida ekani ham aholi banligini taʼminlash, daromadini oshirishni taqozo etadi. Shu bois ham mazkur seminarlar Sayxunobod, Uychi, Gʻijduvon tajribalari asosida hududlarni sanoatlashtirish, aholi bandligini taʼminlash, kam daromadli xonadonlarga 7 xil loyiha paketlarini taqdim qilish, “mijozbay” ishlash mexanizmini joriy etish orqali banklar faoliyatini jonlantirish, “mahalla byudjeti”ni shakllantirib, samarali boshqarish, sektor rahbarlari, “mahalla yettilik”lari faoliyatini samarali tashkil etish kabi mavzularda kechdi.
Nazariy mashgʻulotlar amaliyot bilan uygʻun olib borildi. Deylik, Taxtakoʻpirning “Dovqara”, Xoʻjaylidagi “Kun nuri”, Beruniy tumanining “Bunyodkor”, Sarkop kabi mahallalaridagi muloqotlarda mazkur hududlardagi ariza-shikoyatlarga sabab boʻlayotgan masalalar joyida aniqlanib, sektorlar rahbarlari va “mahalla yettilik”lari bilan birga ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Bu kabi oʻquv-amaliy seminarlar boshqa viloyatlarda ham tashkil qilindi. Ularda jami 51 tuman-shahar sektorlari rahbarlari va 1 ming 960 ta “mahalla yettilik”lari qamrab olindi.