Endilikda Boʻka tumanidagi “Parkent” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Jumaboyevlar xonadoni ham ana shunday imkoniyatdan bahramand boʻlayotir.

— Hozirgi kunda nafaqat shaharda, qishloqlarda ham elektrsiz hayot toʻxtab qoladi. Ochigʻini yashirmay aytadigan boʻlsam, shu yil qishning izgʻirinli ayozlarida qoʻshnilarimiz juda qiynaldi. Lekin, bizning oilamizda muammo boʻlmadi. Uyimizni isitish, yoritish va telefonlarimizni quvvatlantirish, televizorni bemalol ishlatish imkoni boʻldi. Qanday qilib deysizmi, chunki xonadonimizga quyosh panellari qurilmasini oʻrnatib berishgandi, — deydi Toshkent viloyatining “Parkent” mahallasida istiqomat qiluvchi Oqilaxon Jumaboyeva hayajon bilan.

Ha, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi xonadonlariga oʻrnatib berilayotgan quyosh panellari qulay, arzon va eng asosiysi, hech qachon oʻchmaydigan va qishloq odamlari tilida aytganda, “jonlariga oro” boʻlib kiruvchi vosita boʻlib qolayotgani kishini quvontiradi. Birgina Yangiyoʻl shahrida ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, keksa yoshdagi nogironlar yashayotgan 16 xonadonga quyosh panellari oʻrnatib berildi. Buning natijasida fuqarolarning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojlarini toʻla qondirish, shuning evaziga energiya resurslari boʻyicha davlatga qaramligini kamaytirish orqali oʻz oʻzini elektr energiyasi bilan taminlashga erishib kelinmoqda.

— Toshkent viloyatida joriy yil mart oyining oʻzida Quyi Chirchiq, Bekobod, Boʻka, Oʻrta Chirchiq, Chinoz tumanlaridagi ehtiyojmand sanalgan 128 oila xonadonlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan taʼminlash uchun 2 milliard soʻm mablagʻ ajratildi, — deydi Toshkent viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Fayziyev. — Ehtiyojmand oilalarning moddiy taʼminotini yaxshilash, ijtimoiy koʻmak berish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kabi inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ishlar viloyatimizda keng koʻlamda olib borilmoqda. “Temir daftar”ga kiritilgan xonadonlarga oʻrnatilayotgan quyosh panellari byudjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bu borada viloyat hokimining farmoyishi qabul qilingan. 2023-yil boshidan buyon 3 millard soʻmga yaqin mablagʻ ajratilib, ikki yuzdan ziyod aholi xonadonlarini muqobil energiya bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Joriy yilda 5 167 oilaga quyosh panellari oʻrnatib berishni rejalashtirganmiz. Shu yilning 15-iyun sanasiga qadar 3 318 ta oilaga quyosh panellari hamda 11 ming litr quyosh suv isitish uskunalari oʻrnatildi.

Quyosh panellarini oʻrnatuvchi mutaxassislarning aytishicha, ushbu uskunalar maxsus issiq saqlaydigan material bilan qoplangani sababli hatto sovuq kunlarda ham kuniga atigi bir foiz issiqlik haroratini yoʻqotar ekan, xolos. Uskuna maxsus alyuminiy-selektiv qoplama bilan qoplanganligi bois ushbu kollektorlar 95 foizgacha quyosh nurlarini oʻziga singdirib olib, uni suv isitishga sarflaydi.

— Bu uskunalar olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi biz kabi oilalarga nihoyatda qulay, — deydi boʻkalik Oynisa Aykunova. — Shu yilning 8-mart bayrami arafasida xonadonimizga yangi qurilmani oʻrnatib berishdi. Toʻgʻrisi, dastlabki kunlarda qanday ishlar ekan bu yangi uskuna, bor elektr energiyasini ham tortib olsa-ya, degan xavotirimiz bor edi. Yoʻq, aksincha, ishlashi juda qulay, asosiysi, foydalanilayotgan elektr uchun toʻlovlarimiz keskin pasaydi. Chiroq oʻchib qolmasmikan, degan xavotirlarimiz endi ortda qoldi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Toshkent viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchi 20 dan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Ushbu faoliyat uchun ish boshlash arafasida turgan tadbirkorlarga soliq va mol-mulk imtiyozlari berilmoqda. Hozirda 900 megabayt quvvatli fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha Janubiy Koreya va Xitoyning yirik kompaniyalari bilan kelishuvga erishildi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri