Ekologiya vazirligining xabar berishicha, 1842-yilda Xiva xoni Olloqulixon buyrugʻi bilan barpo qilingan “Deshon qalʼa”, afsuski, bugungi kunda juda xarob ahvolga kelib qolgan. Uzunligi 6200 metr boʻlgan devorning 2000 metr qismi butunlay vayron boʻlgan, 2500 metr qismi esa yaroqsiz holga kelgan. Bundan tashqari, devor atrofida uzoq yillar mobaynida bir qancha noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan. Oqibatda “Deshon qalʼa” devori atrofida yurish uchun umuman maydon qolmagan.

Maʼlumotlarga kщra, bugungi kunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan “Deshon qalʼa”ni ham aynan “Ichan qalʼa”ga oʻxshash sayyohlik obyektiga aylantirish, xususan, xarobaga aylangan devorni qayta tiklab, yashil maydonlarga toʻla maskan sifatida aholiga qaytarish maqsad qilingan.

Maʼlumot uchun, “Ichan qalʼa” — Oʻzbekistonning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri hisoblanadi. Majmuada sayyohlarni oʻziga jalb qiladigan 58 madaniy meros obyekti va arxeologik yodgorliklar, 28 dan ortiq ekspozitsiya, 56 670 tarixiy eksponat va ashyolar, 174 hunarmandchilik doʻkoni mavjud. 2024-yilda “Ichan qalʼa”ga 1 mln nafarga yaqin xorijiy va 3,5 mln nafarga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan. 2025-yil yakuniga qadar esa 2 mln nafar xorijiy va deyarli 5 mln nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

“Deshon qalʼa”nini saqlab qolish maqsadida Xiva shahrining “Shixlar” mahallasidagi 55 ta turar va noturar obyektlarni boshqa hududlarga koʻchirish belgilangan. Ularning oʻrnida esa “yashil maydonlar” va “yashil bogʻlar” barpo qilish, daraxt ekish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish koʻzda tutilgan.

Qolaversa, qalʼa devori milliy andozalar asosida qayta tiklanib, eski holatiga qaytariladi va atrofida 1,5-2,0 metr hududda yoʻlaklar ochiladi. Shuningdek, ushbu hududga tutash boʻlgan “Shixlar” va “Angarik” mahallalarida zamonaviy sayyohlik majmuasi ham barpo etiladi.