Xorazmning nodir javohiri sanalmish Xiva atrofida “Xon bogʻi” deb ataladigan bogʻlar sirasiga “Gandumkon” saroyini keltirish mumkin.

Xon bogʻlari uchun joy tanlash mulozimlar oldidagi asosiy vazifa boʻlgan. Chunki tanlangan yer hosildor, tabiati goʻzal, ob-havosi moʻtadil boʻlishi kerak edi. Buning uchun ular asrlar davomida tajribadan oʻtgan ajoyib usul tanlaganlar: bir qancha joyga yangi soʻyilgan qoʻy goʻshti nimtalarini ilib chiqishgan. Ikki-uch kundan keyin qaysi joydagi goʻsht boʻlagi yangidek tursa, oʻsha joyda bogʻ yaratishgan.

Eng hashamatli ulugʻvor binolarning qurilishi XVIII va XX asr boshlariga toʻgʻri keldi.

Ulugʻvor inshootlar, oʻyma eshiklar va ustunlar, nihoyatda goʻzal binolar – bular qadim moziy yashirilgan mazmunga ega kitoblardir. Xiva oʻz tarixida gullab yashnashni ham, qulashni ham boshdan kechirdi.

1873-yilda Xiva rus qoʻshinlari tomonidan bosib olinadi.

1873-yil uzoq davom etgan janglardan soʻng Xiva yaqinidagi Gandimiyon qishlogʻida Xorazm va Rossiya imperiyasi oʻrtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomaga muvofiq Xorazm bundan buyon Rossiya imperiyasi protektoratiga aylandi.

Oʻzbekiston tarixining muhim burilish nuqtalaridan biri sodir boʻlgan Xiva yaqinidagi xonning yozgi rezidensiyasi Gandimiyon hozirgi kunda ham sayyohlarning sevimli maskani hisoblanadi.

Bino 2010-yilga qadar qarovsiz qolib ketgani sababli, hunarmandlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan foydalnib kelingan. 2014-2015-yillar davomida mazkur tarixiy obidada restavratsiya ishlari olib borildi va shu kungacha saroy oʻzining qadimiy salobatini saqlab kelayotgan inshoot sifatida eʼtirof etiladi.