Kechada Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan bitilgan gʻazallarga yaratilgan maqom asarlaridan namunalar, oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlar, mumtoz kuy va qoʻshiq hamohangligida milliy raqslar ijro etildi.
Shuningdek, adabiy kechada “Boburnoma”da keltirilgan bir voqelik ustozlar tomonidan qayta yodga olindi. Yaʼni 1527-yil oktyabrda Bobur yana xastalikka uchragach, umrining oxirlab qolganini his etadi.
Shunda Bobur oʻzi eʼtiqod qoʻygan Xoja Ahror Valiyga ixlos bilan uning nasrda bitilgan “Volidiya” asarini sheʼriy tarjima qiladi. Boburning mohir tarjimon sifatidagi qobiliyati namoyon boʻlgan 243 baytli bu asar katta ijodiy ilhom bilan juda qisqa muddatda yakunlangan. Boburning oʻz eʼtiroficha, tarjima tugashi hamonoq batamom sogʻayib ketgan.
Bu yillarda u “Boburnoma” fasllari ustida ishlashni davom ettirdi, yangi-yangi gʻazal-ruboiylar yaratdi, oʻz iborasi bilan aytganda, “Hindistongʻa kelgali aytqon ashʼorni” tartibga solib, shuningdek, “Volidiya” tarjimasini, “Xatti Boburiy” bilan bitilgan namuna va qitʼalarni Movarounnahr va Afgʻonistonga, Xumoyun, Xoja Kalon, Hindol va boshqaga yubordi.
Humoyun Mirzoga atalgan ijtimoiy-axloqiy masalalarni tahlil etuvchi mashhur maktubi ham Bobur ijodiy faoliyatining yorqin qirralaridan biri boʻldi.
Tadbir soʻngida mazkur musiqa maktabi rahbariyati tomonidan bir guruh isʼtedodli oʻqituvchi va oʻquvchilar taʼlim olayotgan sanʼat yoʻnalishi boʻyicha erishgan yutuqlari eʼtiborga olinib, fahriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.