Xonadonlarda pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi

    Agrosektor 9 Iyul 2021 2116

    2021-yil 8-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–5178-sonli “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan 2025-yil 1-yanvargacha:

    - har yili yetishtiriladigan pilla (hoʻl pilla) hosilining 1 kg uchun 5 ming soʻm miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchilarga respublika byudjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;

    - tutzorlarni sugʻorish uchun foydalanilgan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qoʻllaniladi.

    Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar jun yoʻnalishidagi qoʻylarni, shuningdek, qoʻlda jun yigirish, ipak matolari, gilam va kigiz toʻqish uskunalarini sotib olishga ham yoʻnaltiriladi.

    Qarorga koʻra, quyidagi hududlar jun yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladi:

    • Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor va Dehqonobod tumanlari;
    • Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumani;
    • Surxondaryo viloyatining Qumqoʻrgʻon va Boysun tumanlari.

    Shuningdek, qorakoʻlchilikni yana-da rivojlantirish maqsadida 200 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

    Mazkur mablagʻlarning 50 milliard soʻmi 1-bosqich sifatida jun yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlardagi tadbirkorlar tomonidan loyihalarni amalga oshirish uchun kredit ajratishga yoʻnaltiriladi.

    2-bosqichda – 2022-yil 1-aprelga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 million dollar ekvivalentidagi mablagʻlar tijorat banklari orqali kredit ajratishga yoʻnaltiriladi.

    Bundan tashqari, Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi deb, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasi deb qayta nomlandi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.