Xorazm viloyatida suv muammolari markazi tashkil etiladi

    Yashil sayyora 30 Noyabr 2020 4267

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib suv resurslarini boshqarish, ularning hisobini yuritish va meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Suv xoʻjaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm viloyatida tajriba-ishlab chiqarish xoʻjaligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etiladi.

    Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

    • Xorazm viloyatida suv xoʻjaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish masalalari boʻyicha muammolarni aniqlash hamda ustuvor yoʻnalishlarni belgilash;
    • suv xoʻjaligi obyektlaridan xavfsiz va ishonchli tarzda foydalanish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
    • ishlab chiqilgan tavsiyalar va takliflarni amaliyotga tatbiq etish va boshqalar.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    • Markaz tuzilmasi;
    • Markaz toʻgʻrisidagi nizom;
    • Markaz faoliyatini tashkil qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.

    Xorazm viloyati hokimligi, Suv xoʻjaligi vazirligiga ikki oy muddatda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan birgalikda Markazni malakali rahbar va mutaxassislar bilan taʼminlashni tashkil etish topshirildi.

    Markazni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

    • Davlat byudjeti mablagʻlari;
    • Innovatsion rivojlanish vazirligining grantlari;
    • xalqaro moliya institutlarining grantlari;
    • xizmat koʻrsatishdan olingan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 26.11.2020-yildan kuchga kirdi.