Mamlakatimizda taʼlim tizimini sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash, ularga nazariy bilim berish barobarida, korxona hamda tashkilotlarda amaliy koʻnikmalarini oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish doimiy eʼtibordagi masalalardan biri hisoblanadi. Tizimning qonunchilik bazasi mustahkamlangani bu borada olib borilayotgan ishlar koʻlamini kengaytirishda, real iqtisodiyotning turli jabhalari uchun zarur mutaxassislar tayyorlashda muhim omil boʻlyapti.
Masalan, 2020-yilda Prezidentimiz “Yoshlar forumi”da ishtirok etib, yoshlar balan uchrashuvda “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning gʻayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʻnglim togʻday koʻtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”, deb taʼkidladilar. Bu esa, bugungi kunda men va men kabi yoshlarni uchun boʻlayotgan eʼtibor va eʼtirofning naʼmunasi deb bilaman.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlarimizning universitetda tahsil olishi uchun barcha qulayliklar yaratilishi, maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim bilan qamrab olish koʻlamini kelgusida qamrovini oshirish zarurligini alohida taʼkidladi. Bugungi kunda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida bir qator islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, 2020-yilda oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun 5 tagacha imkoniyatlar berildi. Bu albatta, yoshlarni talaba boʻlishlari uchun katta imkoniyat yaratib berdi.
Maʼlumki, ilm yoʻlini tanlagan magistratura yoʻnalishiga ham topshiruvchi talabalar soni ham talaygina. Magistratura yoʻnalishi boʻyicha bosqichma-bosqich kvotalar qoʻshib borilmoqda. Lekin, magistratura yoʻnalishiga topshirib oʻqish baxtiga muyassar boʻlmagan yoshlarning juda kam qismi qayta topshirayotganini kuzatishimiz mumkin. Aksariyat yoshlarimiz esa, oʻqishga kira olmagach xorijiy davlatlarning oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga topshirishi yoki ishlash uchun chiqib ketishini koʻrishimiz mumkin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2018-2019 oʻquv yilida 11 999 nafar ariza topshirgan boʻlib, 5797 nafari qabul qilingan. 2019-2020 oʻquv yilida esa 25 913 nafar ariza topshirgan boʻlib, 10 185 nafari qabul qilingan. 2020-2021 oʻquv yilida 74 049 nafar ariza topshirgan boʻlib, 14 711 nafari qabul qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, oʻz takliflarimni berib oʻtmoqchiman.
Birinchidan, magistratura yoʻnalishiga ham 2-3 tagacha yoʻnalishlarga topshirish imkoniyati berilishi kerak.
Ikkinchidan, magistratura yoʻnalishida ikki kurs oʻqishni toʻliq amaliyotda oʻtashi lozim. Amaliyotni dissertatsiya mavzusi doirasida korxona yoki tashkilotlarda oʻtashi kerak. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasida ushbu amaliyot mavjud. Tingchlovchi bir yil toʻliq nazariy bilimlar oladi. Ikki yil magistrlik ishi boʻyicha korxona yoki tashkilotga amaliyot oʻtaydi. Amaliyot bilan bir qatorda dissertatsiya ishini ham amaliy yozib boradi.
Uchinchidan, xohlovchilar uchun onlayn oʻqish tizimini joriy qilish kerak. Bunda chorak va yakuniy nazoratlar oflayn koʻrinishida amalga oshiriladi. Misol uchun, rivojlangan davlatlar hamda mamlakatimizdagi Prezident huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasida ushbu amaliyot mavjud. Bunda eng avvalo qamrovni kengashtirish hamda magistraturada oʻqib boshqa joyda ham ishlash imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi takliflar amalga oshirilsa, kadrlar zaxirasi kengayib, malakali kadrlarning xorijiy davlatlarga chiqib ketishi oldi olinadi, chet davlatlarga chiqib ketayotgan mablagʻlar mamlakatimizda qolishiga erishiladi.
Bahromjon RAHMONALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati