Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 11-avgustdagi tegishli buyrugʻi qabul qilindi.
Unga koʻra, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida taʼlim oluvchi, kamida 7,5 ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi xalqaro tan olingan sertifikatga (IELTS Academic) hamda nemis va fransuz tilini bilish darajasini belgilovchi S1 xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan talabalarga 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab, ularning sertifikati amal qilish davrida bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida har oylik stipendiya toʻlab borish tartibi joriy etiladi.
Mazkur stipendiya Prezidentimizning 2020-yil 7-apreldagi PQ-4666-son qarorining 4-bandida nazarda tutilgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalariga beriladigan toʻlovga qoʻshimcha ravishda beriladi.
Buning uchun tibbiyot oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari direktorlari tomonidan har chorakda ushbu stipendiyani olishga talabgor boʻlgan nomzodlar toʻgʻrisidagi qoʻshimcha maʼlumotlar vazirlikning Ilm-fan va taʼlim boshqarmasiga kiritib borishi belgilangan.
Maʼlumot oʻrnida, ayni paytda vazirlik tizimidagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining 9 tasida xorijiy tillarni bilish darajasi boʻyicha belgilangan mezonlarga mos 56 nafar talaba tahsil olmoqda.